Neftь narxlari, Malayziya va Armaniston saylovlari

912
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Neftь narxlari, Malayziya va Armaniston saylovlari

Birinchi savol: 2018 yil 24 mayda neftь narxlari eʼtiborni tortadigan darajada koʻtarilib ketdi. Yaʼni, bir barrelь brent xom neftining bahosi 79 dollarga va bir barrelь texas xom neftining bahosi 71 dollarga koʻtarildi. Neftь narxlarining bunday koʻtarilishi 2014 yilda biz guvoh boʻlgan neftь narxlari pasayishidan keyin yuz bermoqda. Bu holat – dunyo neftь narxlari koʻtarilishining yangi davriga kirganini anglatadimi? Ilgari bir barrelь neftь bahosi taqriban 150 dollarga yetgan edi. Bizni yana neftning oʻsha ilgargi koʻtarilishi kutib turibdimi? Buning sabablari nima?

Javob: Neftь har qanday boshqa tovar kabi talab va taklifdan taʼsirlanadi. Shunday boʻlsa-da, boshqa tovarlarning aksi oʻlaroq, neftь narxlarining barqarorligi juda ham nodir holatdir. Yaʼni, talab yoki taklifdagi har qanday oʻzgarish neftь narxiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladi. Bu narsa neftь bozorining tabiatiga bogʻliqdir… Bundan tashqari neftь bozoridagi, xususan siyosiy tartibsizliklar yuz bergan paytdagi chayqovchiliklar ham bozor beqarorligiga taʼsir qiladi. Buni tushuntirish uchun quyidagilarni bayon qilamiz:

Taklifga nisbatan:
a)   OPEKka aʼzo va aʼzo boʻlmagan davlatlar bozorga neftь yetkazib berishni chegaralashga (qisqartirishga) kelishishgan. Rossiya va OPEK davlatlari oʻrtasida 2016 yil yakunida boʻlib oʻtgan kelishuvda bir kunda ishlab chiqarilayotgan miqdordan 1.8 million barrelь ozroq ishlab chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Bu qaror neftning bozordagi taklifdan ortiqcha miqdorda ishlab chiqarilishini bartaraf qilish hamda neftь narxini oshirish uchun chiqarilgan. Global Standard Standard & Poor’s Global Plats muassasasi oʻtkazgan tadqiqotda bildirilishicha, aprel oyida OPEK davlatlarining xom neftь ishlab chiqarishi pasaygan. Xom neftь ishlab chiqarilishi ketma-ket uch oyda bir yil ichidagi pasayishning eng quyi darajasiga tushgan. Chunki oʻtgan oyda kuniga 32 million barrelь neftь ishlab chiqarilgan. Yaʼni kuniga ishlab chiqarilgan neftь mart oyidagidan koʻra 140.000 barrelga ozdir. Bugun bir kunda ishlab chiqarilgan neftь miqdori 32.73 million barrelga teng. Yaʼni, kuniga OPEK tashkiloti belgilagan miqdordan taxminan 730 ming barrelь kam neftь ishlab chiqarilyapti. OPEK tashkiloti belgilagan kelishuv bir yil davom etadi. Agar hozirgi sharoit davom etadigan boʻlsa, kuchliroq ehtimolga koʻra, xom neftь narxi bundan ham koʻproq koʻtariladi. Aspects kompaniyasining tadqiqotlar direktorligi lavozimida uzoq muddat ishlab kelgan Metьyu Barri bunday deydi: “Biz yuz berishiga guvoh boʻlgan va kelajakda ham takror yuz beradigan narsa shuki, taklif muammolari yoki tahdidlar narxlarga yanada koʻproq va aniqroq taʼsir qila boshlaydi”. https://www.marketwatch.com.

b)   Venesueladagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatning ishlab chiqarish maqsadlariga erishishdagi qobiliyatiga qattiq taʼsir qildi. Chunki yurt 2018 yil aprel oyida bir kunda 1.41 million barrelь neftь ishlab chiqardi. Bu esa, 2018 yilning mart oyidan hisoblaganda bir kunda ishlab chiqarilgan neftь miqdori 80,000 barrelga va 2017 yilga nisbatan olib qaraganda 540,000 barrelga ozdir. Neftь ishlab chiqarish pasayib ketishining asosiy sababi Venesuela davlatining siyosatidir. Chunki neftь ishlab chiqaruvchi PDVSA kompaniyasida boshqaruv yaxshi emas. Oʻtgan oyda ConocoPhilips kompaniyasi PDVSA kompaniyasiga qarshi sud ishida yutib chiqdi. Bu kompaniya Venesueladagi ikkita neftь loyihasi musodara qilinishi sababli ikki milliard dollarga ega boʻldi va PDVSA kompaniyasi 2.5 milliard dollarga teng qarzlarini toʻlay olmay qoldi… Bularning barchasi Venesuela hukumati kompaniyasining neftь ishlab chiqarishiga taʼsir qilib, ishlab chiqarish tushib ketdi va bu neftь yetkazib berish pasayishiga ham hissa qoʻshdi. Keyin, neftь yetkazib berish pasayib ketgani uchun narxlar koʻtarildi.

v)   Prezident Trampning yadroviy kelishuvdan chiqishni eʼlon qilishi Eron neftь sanoatiga yana sanktsiyalar joriy qilinishiga yoʻl ochib berdi va bunday sanktsiyalar tizimi birinchi marta 2012 yili Obama maʼmuriyati davrida joriy qilingan edi. Nazariy tomondan Eron neftь ishlab chiqarishi 20 %ga yoki bir kunda ishlab chiqarilayotgan neftь 500.000 barreldan 400.000 barrelga pastlab ketishi mumkin. Buning natijasida ishlab chiqarish hozirgi narxda bir oyda taxminan bir milliard dollarga toʻgʻri kelib qoladi. (http://foreignpolicy.com). Ayni paytda Qoʻshma Shtatlar Eronga qarshi koʻriladigan choralarni maʼlum qilmagan. Biroq, Eronning neftь sanoatiga qaratilgan sanktsiyalar joriy qilinishi oldindan bashorat qilinmoqda.

Koʻrilgan ushbu uchta chora neftь yetkazib berishning tushib ketishiga oʻz hissasini qoʻshdi va buning natijasida narxlar koʻtarilishi kuzatildi.

Talabga nisbatan:
v)   Ayni paytda neftga boʻlgan talab ortmoqda. Xalqaro energetika agentligiga koʻra, butun dunyoning neftga boʻlgan talabi ortgan. Yaʼni, 2017 yili bir kunda 97.8 million barrelь neftga boʻlgan talab bu yili 99.3 million barrelga koʻtarilgan. Xalqaro Valyuta Fondi dunyo iqtisodining shu yilgi va kelgusi yilgi oʻsishiga oʻz bahosini berganidan keyin qarorgohi Parijda joylashgan Xalqaro energetika agentligi 2018 yili neftga boʻlgan talabning bir kunda 1.3 million barreldan 1.4 million barrelga oʻsishini bashorat qildi. Xalqaro energetika agentligi oʻzining bozor haqidagi oylik hisobotida 2017 yili neftga boʻlgan talab bir kunda 1.6 million barrelga oʻsganini aytib chiqdi. ( https://www.reuters.com).

b)   Neftga boʻlgan talab oshishining yana bir oʻrni Xitoy. Chunki, 2018 yil aprel oyida Xitoyning bir kunda 9 million barreldan koʻp xom neftь isteʼmol qilishi kutilmoqda. Yaʼni, bu oʻtgan har qanday vaqtdagiga nisbatan koʻp boʻlib, dunyo isteʼmolining qariyb 10 %ga teng va Osiyodagi yalpi talabning uchdan biridan koʻpdir. Agar bir barrelь xom neftь narxi 75 dollarga yetsa, bu Xitoyning importga sarflagan xarajati 20 milliard dollardan koʻp ekanini anglatadi. Saqlanish mavsumiga, yaʼni, odatda yilning bunday vaqtida import tushib ketadigan mavsumiga qaramasdan, mana shunday rekord talab boʻlmoqda. Koʻrinib turibdiki, Xitoyning neftga boʻlgan talabi kutilganidan koʻra koʻproqdir. Goldman Sachs banki oʻz mijozlariga bergan eslatmasida aytadi: “Xitoy talabining kuchli oʻsishi koʻrinmoqda va bu hozirgi meʼyordan (taxmindan) ham yuqori boʻlishi mumkin”. https://www.reuters.com.

Yuqorida aytilganlarga binoan koʻrinib turibdiki, talabda oʻsish boʻlmoqda va bu narxlarning koʻtarilishiga olib keladi.

Chayqovchilik: Neftь yetkazib berish va unga boʻlgan talabda tez oʻzgarishlar yuz bergan paytda, bundan tashqari aniq belgilash qiyin boʻlgan bozor munosabati-pozitsiyasiga qarab, chayqovchilik faollashadi. Shunday qilib, qachon neftь narxida katta koʻtarilish yoki pasayish kuzatilsa, oʻshanda chayqovchilik aniq koʻrinib qoladi. Neftь bozoridagi katta xedj-fondlar ulkan neftь shartnomalarini sotib olish yoki taklif qilish orqali katta rol oʻynaydi. Shunga koʻra, chayqovchiliklarni har ikki tarafi ham keskir boʻlgan qilich deyish mumkin. Chunki gohida u talabning ortishiga taʼsir qilishi va buning ortidan narxlar koʻtarilishi mumkin. Gohida esa, talabning pasayishiga taʼsir qilib, narxlar tushib ketishi mumkin… Har holda, narxlarning hozirgi koʻtarilishida chayqovchiliklarning taʼsiri kuchli boʻlmaydi, balki yuqorida bayon qilganimizdek narxlar koʻtarilishida asosiy rolni talab va taklif oʻynaydi.
Neftь narxlarining oldingidek 150 dollarga yoki shunga yaqin raqamga koʻtarilishi ehtimoldan uzoqdir. Chunki global iqtisodiy vaziyat buni koʻtara olmaydi. Shunga koʻra, neftь narxlarining asta sekin koʻtarilib borishi, ammo yuzga yetmay toʻxtashi kutiladi… Ayniqsa, Qoʻshmat Shtatlar bilan Xitoy oʻrtasida boʻlajak savdo urushi talabning pasayishiga va buning ortidan osonlikcha neftь narxlarining tushib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, neftь narxlarining koʻtarilishi Amerika istamagan darajaga yetsa, u Saudiya orqali OPEK davlatlariga bosim oʻtkazadi. Saudiyaning neftь ishlab chiqarishni oshirishi narxlarga taʼsir qilib narxlar tushadi.
===============

Ikkinchi savol: 2018 yil 9 mayda Malayziyada saylov boʻlib oʻtdi. Saylov natijasida Najib bosh vazirlikdan tushdi va bosh vazirlikka Mahathir Muhammad qaytdi. Maʼlumki, uning yoshi toʻqsondan oshgan. Goʻyoki bu yerda ushbu saylovlar ortida muayyan reja borga oʻxshaydi. Bu yerda tashqi omillar bormi yoki aytilayotganidek, bu mahalliy demokratik oʻyinmi?

Javob:

Malayziya – Malakka yarim orolining janubiy qismini va Kalimantan orolining shimoliy qismini oʻz ichiga oladi. Bu orollar oʻrtasini janubiy Xitoy dengizining keng masofasi ajratib turadi. Bu mintaqada milodiy 13-asrda musulmon savdogarlar orqali Islom yoyila boshladi. U yerda Islom oddiy odamlar oʻrtasida yoyilishidan oldin avval hukmdorlar va elita vakillari Islomni qabul qildi. Moʻgʻul bosqini sababli quruqlik savdo yoʻli uzilib qolganidan keyin – dengiz savdo yoʻlini kuchaytirgani sababli – Malay orolida joylashgan Malka sultonligining obroʻsi ortdi. Milodiy 15-asrda Sultonlik Xitoy nufuzidan mustaqillikka erishdi va tezda Islomni qabul qildi. Ushbu sultonlik quvvatga va obroʻga ega boʻlganligi sababli mintaqaning har tarafida Islom tez tarqaldi. Biroq, 1511 yili ushbu mintaqa Portugaliya mustamlakachilari tomonidan bosib olindi. Chunki, pora evaziga portugallarga sotilgan shaxs qalʼa ichkarisidan ularga qalʼa darvozasini ochib bergan edi. Keyin 1641 yili gollandiyaliklar keldi. Britaniya ushbu yarim oroldagi mustamlakachilikni 1786 yili boshladi. Mustamlakachilikni u savdo shartnomalarini tuzish va portlarni ijaraga olish orqali, shuningdek, oʻzining britan strategiyasi orqali amalga oshirdi. Uning britan strategiyasi aholining turli irqdan tashkil topganidan foydalanib, ularni amaliy hukmdorlarga aylantirish, shu bilan birga, saqlanib qolgan sultonlarni ramziy hukmdorlar sifatida ushlab turishdan iborat boʻldi. Ushbu yarim oroldagi Malakka ittifoqi 1957 yili britaniyaliklardan rasman mustaqillikka erishdi. Malakka ittifoqi Kalimantan yarim oroli va Singapur bilan birlashganidan keyin 1963 yili Malayziya davlati tashkil topdi. Biroq, 1965 yili Malayziya parlamentida ovoz berish yoʻli bilan Singapur Malayziyadan ajralib chiqdi.
Shunisi aniqki, hatto mustaqillikdan keyin ham Malayziyada Britaniyaning siyosiy hukmronligi davom etmoqda. Masalan:
a)   Malayziya “Britaniya hamkorligi”ga va “Qoʻshilmaslik” harakatiga aʼzo boʻldi. U bu harakatga 2003 yili qoʻshildi. Shuningdek u Janubiy Sharqiy Osiyo xalqlari robitasi va Islomiy konferentsiya tashkilotida taʼsischi aʼzodir. Bosh vazir Tonko Abdurrahmon tashkilotning birinchi bosh kotibidir.

b)   Britaniya Sharqiy Suvayshdan (Singapurdagi harbiy bazasidan) chiqib ketganidan keyin 1971 yili Birlashgan Qirollik, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Malayziya va Singapur davlatlari oʻrtasida besh tomonlama mudofaa kelishuvi imzolandi. Shuni koʻrsatib oʻtish oʻrinliki, 1971 yili Avstraliya liberal partiya tomonidan boshqarilar edi. Bu partiya yigirmanchi asrda britaniyaliklarga sodiq boʻlgan.

v)   Bosh vazir Mahathir Muhammad Amerikaga sodiq boʻlgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (APEC)ning tuzilishiga qarshi chiqqan. Bu tashkilotni tuzish ishlarini 1989 yili Amerikaga sadoqatli “ishchilar (leyboristlar) partiyasi” rahbari Robert Xouk yetakchiligida Avstraliya boshlagan edi. 1993 yili Qoʻshma Shtatlarning Sietl shahrida boʻlib oʻtgan APEC tashkiloti sammitiga Mahathir kelmagani uchun leyboristlar partiyasi yetakchisi boʻlgan Xouk va bosh vazir Pol Kiting uni “isyonkor” deb atashgan.

g)   Mahathir Muhammad 1997 yili APEC tashkilotiga alьternativ sifatida Amerika va Avstraliya istisno qilingan Sharqiy Osiyo iqtisodiy jamiyatini tuzishni taklif qildi. Lekin bu gʻoya muvaffaqiyatsizlikka uchradi va keyinchalik u Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari hamkorlik sammitiga oʻzgartirildi. Bu sammit Avstraliyani ham oʻz ichiga oldi. Biroq u Britaniyaga sodiq bosh vazir Jon Govard boshchiligida boʻldi. Shu bilan birga bu birlashmadan Amerika chetlatildi. Amerika bilan Rossiya 2011 yildagina bu birlashmaga qoʻshila oldi.

Britaniya Amerikaning sobiq bosh vazir Najib Razzoqqa xushtorlik qilayotganini sezdi va u Malayziyaning Britaniyaga sodiq boʻlgan sobiq hukumat bosh vaziri boʻlishiga qaramay, uning Amerika tomonga burilib ketishidan qoʻrqdi. Najib Razzoq mustaqillikdan buyon Malayziyani boshqarib kelayotgan edi. Britaniya xavotirining ayrim belgilari quyidagilar:
a)   Barak Obama 2014 yil aprel oyida Malayziyaga safar qildi va u taxminan 50 yildan buyon Malayziyaga safar qilgan birinchi Amerika prezidenti boʻldi. Obama Malayziya-Amerika munosabatlarini “har tomonlama hamkorlik” darajasiga koʻtarishga qaror qildi va bu Obama qabul qilgan “Osiyo mehvari” siyosatining bir qismi edi.

b)   Najib va Obama 2014 yil dekabr oyida Gavayyada doʻstlar sifatida birga “golьf” oʻynashdi… Obama 2015 yil noyabr oyida Malayziyaga ikkinchi marta safar qildi.

v)   Najib Amerika tashabbusi boʻlgan Tinch Okeani Hamkorlik ittifoqi (TRR) tuzish tashabbusini qattiq qoʻllab-quvvatladi va unda Amerikaning ham ishtirok etishini zoʻr berib talab qildi. Amerika Tramp davrida TRRdan chiqib ketdi, shunda Najib savdo nuqtalari dasturini davom ettirish uchun Yaponiya bilan birga ishladi. (Qoʻshma Shtatlarning chiqib ketishi ortidan buzilishga yaqin qolgan TRRda 11 nafar davlat qayta tiklandi va bunda Vьetnam va Malayziya asosiy rolь oʻynadi. Zero, Qoʻshma Shtatlar chiqib ketganidan keyin TRR deyarli qulashga kelib qolgan edi). (https://asia.nikkei.com/Economy/Vietnam-and-Malaysia-play-vital-roles-in-making-TPP- 11-).

2018 yilgi saylovlar yaqinlashishi bilan aftidan Britaniya hokimiyatga qaytish uchun muxolafat platformasidan foydalanayotgan oʻzining eski xizmatchisi va muxlisiga yana qayta yuzlanayotgan koʻrinadi. Aslida ham bu shunday boʻldi… Ayni paytda Malayziyaning Britaniya siyosatiga muvofiq Amerika siyosatidan uzoqlashishi va Amerikaning mintaqadagi aralashuviga chek qoʻyish uchun qayta ish boshlashi kutilmoqda.
================

Uchinchi savol: Armanistonda Rossiyaga sodiq hukumatga qarshi uch haftadan buyon davom etib kelayotgan namoyishlar sahifasini yopish uchun Armaniston parlamenti 2018 yil 8 mayda muxolafatchi Nikol Pashinyanni bir ovozdan bosh vazir etib sayladi. Savol shuki, Armanistondagi bunday siyosiy oʻzgarish koʻlami qay darajada? Bu Rossiyaning Armanistondagi nufuzi barham topishini anglatadimi? Bu masalada Gʻarbning, yaʼni Amerika va Yevropaning roli bormi?

Javob: Bu ishlarni tushuntirish uchun quyidagilarni koʻrib chiqamiz:

Armaniston aholisi toʻrt million boʻlgan kichik davlat. U Sovet Ittifoqining parchalanishi toʻlqinida mustaqillikka erishgan. Respublikachi partiya Armanistonni 1999 yildan buyon boshqarib keladi. Partiya raisi noroziliklar natijasida ishdan olindi. Bu partiyaning hozirgi raisi prezident Serj Sargsyan toʻliq ikki muddat prezident boʻldi. Parlamentda vakillikka ega boʻlgan muxolafatchi partiyalar bor boʻlishiga qaramay, uning boshqaruvi diktator va Rossiyaga malay sifatida keng miqyosda tanilgan. Yurt konstitutsiyasida ikki muddat prezident boʻlishga yoʻl berilmaydi. Serj Sargsyan hokimiyatda qolish uchun konstitutsiyaga oʻzgartish kiritdi, oʻzgartish boʻyicha prezidentlik mansabi faxriy mansabga aylandi va amaliy hokimiyatni esa, bosh vazir boshqaradigan boʻldi. U prezidentligining ikkinchi muddati tugashi bilanoq bosh vazir boʻldi. (Serj Sargsyan boshqaruvdagi changalini mustahkamlash uchun qadam tashladi. Chunki uning hokimiyatda qolishiga qarshi Yerevanda minglagan kishi namoyishga chiqishiga qaramasdan, Armaniston parlamenti sobiq prezident Serj Sargsyanni bosh vazir qilib sayladi. Parlament “63 yoshli” Sargsyanning yangi mansabni egallashiga rozi boʻldi. Oʻtgan hafta oxirida Sargsyan prezidentligining ikkinchi muddati yakuniga yetganidan keyin bosh vazirlikka uni qoʻllab 77ta ovoz berilgan boʻlsa, 17ta qarshi ovoz berildi… Nahor 2018 yil 17 aprel). Sargsyanning bosh vazirlikka tayinlanishiga qarshi xalq noroziliklari alanga oldi. Chunki, Sargsyan prezident boʻlgan davr armanlar boshdan kechirgan iqtisodiy qiyinchiliklar va ularga imkoniyatlar berilmagani bilan ajralib turadi. Buning birinchi sababchisi hukumat korruptsiyasidir. Bundan tashqari yurtda neft, gaz va xom-ashyo kabi tabiiy resurslar yetishmaydi. Muxolafatchi “ELK” partiyasi butun eʼtiborini shu ishlarga qaratdi. Keyin Armanistonda noroziliklar alanga oldi. Bu norozilik namoyishlari muxolafatchi Nikol Pashinyan shaxsida gavdalangan yangi “xalq yetakchisini” tezda maydonga olib chiqdi.
Norozilik namoyishlariga asosan Sargsyan davrida iqtisodiy vaziyatning izdan chiqishi turtki boʻldi. Possovet davlatlari qatori, Armanistondagi hokimiyat ham maʼmuriy va moliyaviy korruptsiya botqogʻiga botgan boʻlib, hukumat organidagi poraxoʻrlik shu darajada avj olganki, odamlar undan toʻyib ketgan. Hayot qiyinchiliklari sababli xalq hokimiyatdan juda norozi. Odamlar Sargsyan prezidentligining ikkinchi muddati tugashini kutib kun sanab turgan bir paytda, toʻsatdan u bosh vazirlik mansabiga kelib qoldi. Soʻng odamlar uning boshqaruviga qarshi qoʻzgʻaldi. Ishlar uning isteʼfosi va muxolafatchi Pashinyanning bosh vazirlik mansabiga kelishi bilan yakun topdi. Iqtisodiy masala va shu bilan birga demokratiyaga aloqador masalalar dolzarb boʻlgani sababli yangi bosh vazir Pashinyan hukumatni tashkil qilganidan keyin parlament saylovlari oʻtkazilishi zarurligini va uning hukumati (“turli sohalarda keng koʻlamli islohotlarni” oʻtkazishga kirishishi lozimligini taʼkidladi. Pashinyan oldinroq “Armanistonni demokratlashtirish”, qonun ustuvorligini kuchaytirish, xususiy iqtisodiy manfaatlarni hukumatdan ajratish va investitsion muhitni tubdan yaxshilashga vaʼda berdi). Armaniston, 2018 yil 14 aprel.
Mana shulardan Armanistondagi siyosiy oʻzgarishlar avvalambor mahalliy omillar tufayli boʻlgani oydinlashadi.

Reaktsiyalar:
a)   Amerika namoyishlar paytida Armanistondagi vaziyatni yaqindan kuzatayotganini eʼlon qildi. Koʻrinib turibdiki, u Armanistonda oʻz nufuzini kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Pashinyan bosh vazirlikka tayinlanganidan keyin (AQSh tashqi ishlar vazirligi matbuot voizi Xizer Noyyert seshanba kuni bergan bayonotida “Qoʻshma Shtatlar Armanistonning yangi bosh vaziri Nikol Pashinyanni bosh vazirlikka saylangani bilan tabriklaydi” dedi. U yana “Biz ikki yurt oʻrtasida mushtarak ahamiyatga ega boʻlgan turli sohalarda, shu jumladan savdo-sotiqni kengaytirish, demokratiya va qonun ustuvorligini qoʻllab-quvvatlash ustida ishlashni hamda xalqaro va regional xavfsizlikni himoya qilish sohalarida yangi hukumat va Armaniston xalqi bilan yaqindan ish boshlashni intizorlik bilan kutyapmiz” deya qoʻshimcha qildi). Armaniston xabarlari veb-sayti, 2018 yil 9 may.

b)   Yevropaga kelsak, (Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha vakili Federika Mogerini Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatlashdi. Yevropa Ittifoqi chiqargan matbuot bayonotida Mogerini Pashinyanni imkon boʻlgan eng yaqin muddat ichida Bryusselga tashrif buyurishga chaqirdi. Matbuot bayonotida jumladan shunday keladi: “Evropa Ittifoqining oliy vakili, Yevropa komissiyasi raisining noibi Federika Mogerini kecha tushdan keyin Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatlashib, uni Armanistonning yangi bosh vaziri boʻlib saylangani bilan tabrikladi. U Yevropa Ittifoqi bilan Armaniston oʻrtasida hamkorlik muhimligini urgʻulab, Pashinyan bilan shaxsan uchrashishga mushtoqligini bildirdi. Oliy vakil bosh vazirni imkon boʻlgan eng yaqin muddat ichida Bryusselga tashrif buyurishga chaqirdi). ARMENPRESS, 2018 yil 9 may.

v)   Rossiyaga kelsak, Pashinyan 2018 yil 8 mayda parlamentda bosh vazirlikka saylanganidan keyin (Rossiya prezidenti Vladimir Putin unga tabrik telegrammasini yoʻlladi. U oʻz telegrammasida Pashinyanning ishi Rossiya va Armaniston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini, shuningdek Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi hamda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti doirasida ikki yurt oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishini bildirdi… Pashinyan bundan oldinroq oʻz yurti bilan Rossiya oʻrtasidagi harbiy va strategik hamkorlik Armaniston davlati xavfsizligi asosi hisoblanishini bildirgan edi. U parlamentdagi maxsus yigʻinda Rossiya bilan strategik hamkorlik munosabatlari Armanistonning birlamchi masalasi boʻlib qolajagini qoʻshimcha qildi. Pashinyan oʻz yurti Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti va Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqidan chiqmasligini aytdi. Maʼlumki, bu ittifoq Rossiya, Qozogʻiston, Belorusiya, Armaniston va Qirgʻizistonni oʻz ichiga oladi). Rusiyal Yavm, 2018 yil 8 may.

Rossiyaning Armanistondagi xavotirlariga chek qoʻyish uchun (Pashinyan bunday dedi: “Armanistonda boshlangan siyosiy jarayon oʻz mohiyati va shaklida geopolitik mazmunga ega emas”. U “Biz oʻz harakatimizda Qoʻshma Shtatlar yoki Yevropa manfaatlariga tayanmaymiz, balki Armaniston va uning xalqi manfaatlariga tayanamiz” deb bildirdi. Shuningdek u “Bizning namoyishlarimiz Rossiyaga qarshi qaratilmagan. Bundan tashqari namoyishlar Ukraina voqealari xususiyatiga ham ega emas”, deb soʻzini davom ettirdi). DARAJ veb-sayti, 2018 yil 1 may.

Bundan koʻrinib turibdiki, Rossiyaning Armanistonda oʻz nufuzini saqlab qolish imkoniyati hali ham mavjud. Shuning uchun Rossiya prezidenti Pashinyanni Sochida uchrashishga chaqirdi. Ular oʻrtasida boʻlib oʻtgan ushbu birinchi uchrashuvda (Armanistonning yangi bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Rossiya bilan harbiy sohada aloqalarni yanada rivojlantirish istagi borligini hamda ikki yurt oʻrtasida strategik aloqalarning muhimligiga hech kim shubha qilmasligini aytdi). Reyter, 2018 yil 14 may.
Pashinyan bunday dedi: (“Ishonamanki, Armaniston va Rossiya aloqalarining strategik jihatdan muhim ekaniga Armanistonda hech kim shubha qilmagan va shubha qilmaydi ham. Biz siyosiy, iqtisodiy va savdo-sotiq aloqalariga yangi kuch bagʻishlamoqchimiz”. Armaniston rahbari Rossiyaning Armanistondagi soʻnggi siyosiy krizis paytida egallagan barqaror pozitsiyasi Armaniston xalqi tomonidan yuksak baholanayotganiga alohida toʻxtalib oʻtdi). Rusiyal Yavm, 2018 yil 14 may.

Rossiyaning Armanistonda oʻz nufuzini saqlab qolish imkoniyatini bir narsa kuchaytirmoqda, u ham boʻlsa “Arman tugunidir”. Chunki mana shu “Arman tuguni” tufayli muxolafat Rossiyaga orqa oʻgira olmaydi. Yaʼni, Armaniston musulmonlar qurshovida yashaydi va doim mana shu islomiy qurshovdan xavotirda. Chunki Armanistonning bir tomondagi qoʻshnisi Ozarbayjon. Bundan tashqari u bilan oʻrtalarida Togʻli Qorabogʻ mojarosi mavjud. Armanistonning yana bir tomondagi qoʻshnisi Turkiya. Armanlar yigirmanchi asr boshidagi katta qirgʻinda Turkiyani ayblab keladi. Yana bir tomondan Armanistonga Eron qoʻshnichilik qiladi. Toʻgʻri, Armaniston geografik jihatdan Rossiya bilan bevosita bogʻlanmagan. Chunki Rossiya janubidan uni Gruziya ajratib turadi, Rossiya janubi esa, islomiy boʻlginchilik nizolari bilan toʻla, masalan Chechenistonda boʻlgani kabi. Ammo Armaniston geografik jihatdan Rossiya bilan bevosita bogʻlanmagan boʻlsa-da, biroq xalqaro jihatdan unga eng yaqin kuchli davlat Rossiyadir. Shuning uchun armanilar musulmon qoʻshnilarga qarshi kurashda oʻzlarini xavfsiz his etishadi. Shuningdek, Armanistonni Rossiyadan mustaqil boʻlgandan beri hayotiy muhim vositalar bilan qoʻllab-quvvatlab kelayotgan davlat ham mana shu Rossiya. Masalan, Togʻli Qorabogʻ masalasida Rossiya uni Ozarbayjonga qarshi harbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlagan. Shu bilan birga, Rossiya qoʻllayotgan hayotiy vositalardan yana bir jihati, qarzlar, beminnat yordamlar, yonilgʻi va gaz taʼminotidir. Chunki Armaniston iqtisodi zaif davlat. U yordamlarga va armanlarning xorijdan yoʻllayotgan pul joʻnatmalariga tayanib qolgan. Armaniston Rossiyaga bizni islomiy xavfdan saqlab turuvchi qudrat, deya ishonadi. Shuning uchun Rossiyaning bu yurtda harbiy bazalari borligini hamda u bilan strategik hamkorlik qilishini Armaniston tashqi siyosatidagi tamal tosh, deyish mumkin. Hatto “Rusiyal Yavm”ning 2018 yil 24 apreldagi xabarida norozilik namoyishi chogʻida ayrim namoyishchilar ogʻzidan Rossiyaning Armanistondagi harbiy bazasini olib chiqib ketishiga oid talablar yangragani aytilgan boʻlsa-da, bu narsa oʻsha ongsiz namoyishchilarning oʻzlariga cheklangan talab, xolos. Ular muxolafatchi Pashinyanning Rossiya harbiy nufuzi saqlanib turishini qoʻllab-quvvatlovchi amaliy bayonotlari ortida qanday maqsad yotganini anglamaydilar.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Armanistondagi norozilik namoyishlari muxolafatning hokimiyatni egallashiga qaratilgan mahalliy xarakterga ega namoyishdir. Sobiq boshqaruv Rossiyaga yaqin edi. Chunki Sarkisyan Rossiyaning eng ishongan kishilaridan biri boʻlgandi. Pashinyan muxolafatdan boʻlib, Sarkisyan Rossiyaga undan ham yaqindir. Biroq shularga qaramay, namoyishning kuchli toʻlqini Rossiyani uzoqdagi arpadan yaqindagi somonni afzal bilishga undadi! Natijada, Rossiya norozilik toʻlqinini jilovlab, muxolafatga rozi boʻldi. Zero, u Gʻarbning Armanistondagi Rossiya nufuzini yorib kirolmasligidan koʻngli xotirjam. Buning sabablarini yuqorida aytib oʻtdik. Biroq shunga qaramay, Gʻarb, xususan, Amerika Armaniston maydonini Rossiyaga osongina tashlab qoʻyadi, deb boʻlmaydi. Chunki bu mustamlakachi davlatlarning turli nopok uslublar yordamida olib borgan kurashlaridan maʼlum.

10 ramazon 1439h

26 may 2018m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.