Muqallid va muttabe haqidagi savolga javob

1104
0

Hizb ut-Tahrir amiri olim Ato ibn Xalil Abu Roshtaning feysbuk sahifasidagi ziyoratchilarning bergan savollariga javoblaridan (fiqhiy)

Imom Navaviy (Imam Annawawy)ning muqallid va muttabe haqidagi savoliga javob

Savol:

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh

Alloh sizga kuch-quvvat va sihat-salomatlik ato etsin

Qadrli amirim va birodarim, savolimga javob berishga vaqt topasiz, degan umiddaman.

Savol shuki, sizning “Taysirul vusul ilal usul” kitobingizda ushbu iborani oʻqidim: “Savol: Muqallid muayyan bir masalada taqlid qilgan boʻlsa, keyin undan qaytib, oʻsha masalada boshqa mujtahidga taqlid qilsa boʻladimi? Bu savolga javob tarzida shuni aytishimiz mumkinki, muqallidga nisbatan sharʼiy hukm – oʻzi taqlid qilgan mujtahidning istinbot qilgan sharʼiy hukmidir. Bu esa ish quyidagicha boʻlishini anglatadi: Agar muqallidning amali oʻzi taqlid qilgan masalaga bogʻlangan boʻlsa, oʻsha taqlid qilayotgan masaladan qaytib, boshqasiga taqlid qilishi mumkin emas. Chunki u oʻsha masala toʻgʻrisidagi bir sharʼiy hukmga rioya qilib, amal qilib boʻldi”. Iqtibos tugadi. Shu yerda menda savol paydo boʻldi: misol uchun, arab tilini bilmaydigan omiy kishi imom Shofeiy rohimahullohdan bitta sharʼiy hukmni, masalan, namozni olsa va unga amal qilsa, soʻng boshqa bir mujtahidning, masalan, imom Molik rohimahullohning rus tiliga tarjima qilingan kitobidagi namoz hukmini oʻqisa-da, soʻng imom Shofeiyning raʼyini tark qilib, imom Molikning raʼyini olmoqchi boʻlsa, bu unga sharʼan joiz boʻladimi? Boshqacha ibora bilan aytadigan boʻlsam, arab tilisiz tarjih qilish toʻgʻri boʻladimi? Yaʼni, dalillar arab tilisiz sharʼiy dalil deb eʼtibor qilinmaydimi? Men nima uchun bu savolni beryapman, gap shundaki, mening mintaqamda juda koʻp musulmonlar bir necha masalalarda oʻzlari ilgari amal qilgan mujtahidning raʼylarini tark qilib, oʻsha masalalar haqidagi boshqa bir mujtahidning raʼylariga amal qilmoqdalar! Bir vaqtning oʻzida, ular na arab tilini biladilar va na sharʼiy ilmlarni! Oyat va hadislarni rus tilida oʻqishadi-da, oʻsha rus tilidagilarni sharʼiy dalillar, deya daʼvo qilishadi! Tushunishim va boshqalarga ham tushuntirishim uchun javobingizni kutaman! Alloh sizni koʻp yaxshiliklar ila mukofotlasin va Oʻzi kuch-quvvat va sihat-salomatlik ato etsin!

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh.

Bu masala quyidagicha:

Agar bir musulmon – masalan, Abu Hanifa mazhabi boʻyicha namoz oʻqish kabi – ahkomlardan birida muayyan bir mazhabga taqlid qilayotgan boʻlsa, keyin buni oʻzgartirmoqchi boʻlib, Shofeiy mazhabi asosida namoz oʻqishni xohlasa, bu joiz emas. Ammo quyidagilarga rioya qilsa, joizdir:

Bu ish sharʼiy tarjihga (dalilini afzal, deb bilishga) asosan boʻlishi lozim. Yangi hukm uning uchun yengil va oson boʻlgani yoxud uning havoi nafsiga mos kelgani uchun boʻlmasligi kerak. Chunki u havoi nafsiga ergashishdan qaytarilgan. Alloh Taolo aytadi:
فَلَا تَتَّبِعُوا الْهَوَى

“Havoi nafsga ergashmangiz” [Niso 135]

Alloh Subhanahu yana bunday degan:

 فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ

“Bordiyu biror narsa haqida talashib qolsangiz, u narsani Alloh va Rosuliga qaytaringiz!” [Niso 59]

Yaʼni muqallid nazdida Alloh va Rosuli rozi boʻladigan tarjihga murojaat qilish lozim. Bu esa, havoi nafs va ehtirosdan uzoqdir. Tarjih qilmasdan, ikki mazhabdan birini tanlash – havoi nafs va ehtirosdan kelib chiqib tanlash boʻlib, Alloh va Rosuliga murojaat qilishning ziddidir.

Muqallid bir mujtahidni boshqa mujtahiddan yoki bir hukmni boshqa hukmdan tarjih qiladigan tarjihotlar talaygina. Ularning eng muhim va eng avlosi quyidagicha: ilmlilik, tushunish va odillik. Masalan, muqallid oʻzi ilmli va odil, deb bilgan kishini tarjih qiladi-tanlaydi. Zero, guvohdan ham guvohlik qabul qilinayotganda odillik shart qilinadi. Taʼlimda sharʼiy hukmni koʻrsatib berish – mana bu sharʼiy hukm, deya guvohlik berish hisoblanadi. Shuning uchun sharʼiy hukmni olayotganda taʼlim beruvchining odil boʻlishi shart qilinadi. Demak, istinbot qilayotgan kishining odil boʻlishi undan ham muhimroqdir. Shuning uchun biz mujtahiddan yoki taʼlim beruvchidan sharʼiy hukmni olayotganimizda, uning odillik bilan sifatlangan boʻlishi soʻzsiz shartdir. Kim Shofeiyni olimroq va uning mazhabini koʻproq toʻgʻri, deb bilsa, demak, u oʻz ehtirosi asosida Shofeiy mazhabiga xilof boʻlgan biror mazhabni olishi joiz emas. Endi, dalilining afzalligi koʻrinib qolsa, oʻzining mazhabiga xilof boʻlgan oʻsha keyingi mazhabni olishi lozim boʻladi. Bu yerda tarjih qilinishi lozim va bu tarjih – albatta ehtiros va havoi nafs asosida boʻlmasligi kerak. Muqallid mazhablarni har bir masalada oʻziga koʻproq yoqqaniga qarab tanlashi joiz emas!

Sharʼiy hukmni bilishda odamlar ikki turga boʻlinadi: mujtahid va muqallid, uchinchi turdagisi yoʻq. Chunki aslida, kishi yo oʻz ijtihodi bilan yetib borgan narsani olishi kerak yoki boshqasining ijtihodi yetib borgan narsani olishi kerak. Ish faqat shu ikkisidan nariga oʻtmaydi. Shunga asosan, demak, mujtahid boʻlmagan har bir kishi, qay turda boʻlmasin, albatta muqallid boʻladi. Chunki taqliddagi masala – kishi hukmni oʻzidan boshqasidan olishidir, bunda narigi odamning mujtahid boʻlishi yoki boʻlmasligining ahamiyati yoʻq. Mujtahid ham – oʻzi ijtihod ahlidan boʻla turib – bitta masalada oʻzidan boshqa mujtahidlarga taqlid qilishi joizdir. Bunday holda, u ayni masalada muqallid boʻladi. Shunga koʻra, muqallid ham bitta hukmda mujtahid boʻlishi mumkin, boʻlmasligi ham mumkin.
Mujtahid ijtihod qilishga qodir shaxsdir. Bunda arab tilini yetarli darajada bilishi, Qurʼon va Sunnatdan yetarli darajada ilmga ega boʻlishi hamda solishtirish, jamlash va tarjih qilish bilan dalillarni yetarli darajada qanday muhokama qilishni bilishi, keyin esa, ahkomlarni istinbot qilishga qodir boʻlishi shart qilinadi. Ushbu mujtahid, agar biror masalada ijtihod qilsa va ijtihodi birorta hukmga olib borsa, u ijtihodi olib borgan hukmga zid ravishda boshqa mujtahidga taqlid qilishi joiz emas. U ushbu masalada oʻz gumonini tark etishi yoki gumoniga amal qilishni tark qilishi joiz emas. Faqat maʼlum holatlarda joiz. Bu holatlarning eng muhimlari quyidagicha: mujtahidga oʻzi tayangan dalilning zaifligi va boshqa mujtahidning dalili esa, kuchli ekani koʻrinsa, oʻz ijtihodi olib borgan hukmni darhol tark etib, dalili kuchli hukmni olmogʻi lozim boʻladi. Oʻz ijtihodi olib borgan avvalgi hukmda qolmogʻi unga haromdir.
Bularning barchasi mujtahid bir masala ustida oʻzi ijtihod qilib, ijtihodi biror hukmga olib borgan holat haqida edi. Endi, mujtahid biror masala ustida ilgari ijtihod qilmagan boʻlsa, bunday holda, uning boshqa mujtahidlarga taqlid qilishi va ayni masala ustida ijtihod qilmasligi joiz. Chunki ijtihod qilish farzi ayn emas, balki farzi kifoyadir. Shuning uchun mujtahid biror masalaning sharʼiy hukmini ilgari bilgan boʻlsa, bu masala ustida ijtihod qilishi shart emas. Balki u ayni masalada ijtihod qilishi ham, boshqa mujtahidlarga taqlid qilishi ham mumkin.

Yaʼni mujtahid bir raʼydan boshqa bir raʼyga tarjih, yaʼni dalilning quvvati asosida koʻchadi, hukmni oʻzi istinbot qilgan boʻladimi yoki boshqa mujtahid istinbot qilganmi, farqi yoʻq.

Mujtahidning taqlidi voqesi mana shu. Mujtahid boʻlmagan kishi esa, u ikki turlidir: muttabe va omiy. Bir mazhabdan ikkinchi mazhabga koʻchmoqchi boʻlsa, ikkalasi uchun ham maʼlum shartlar bor. Har qanday holatda ham ehtiros va nafs-havoga qarab yoki osonligiga qarab koʻchmasligi kerak. Balki muttabe va omiy uchun boʻlgan quyidagi sharʼiy tarjih asosida koʻchishi lozim:
Muttabe sharʼiy qonunchilikda eʼtiborga olinuvchi baʼzi ilmlarga ega boʻlgan kishidir. Bu ilmlardan baʼzilari:
a)   Muttabe arab tilini munosib ravishda bilishi lozim. Yaʼni u bilan maʼlum darajada arab tilida gaplashish-tushunish mumkin boʻlsin, Qurʼoni Karimni arabcha oʻqiy olsin, hadis oʻqiganda uning arabcha maʼnosini tushuna olsin. Bu – uning hadisdagi har bir soʻzni tushunishi shartligini anglatmaydi, balki baʼzi arabcha soʻzlar maʼnosini soʻrab bilishi va izlab topishi ham mumkin.

b)   Muttabe hadislardagi mutavotir, sahih, hasan va zaiflarning nima ekanini tarjima orqali boʻlsa ham, munosib ravishda bilishi lozim. Shuningdek, unda sahih hadis kitoblari borasida ilm boʻlishi kerak. Masalan, Buxoriydagi yoki Muslimdagi hadisni koʻrganda uning sahihligini bilsin. Termiziydagi biror hadisni oʻqib qolsa, Termiziy uni hasan hadis, deb aytgan boʻlsa, buning maʼnosini tushunsin. Binobarin, zaif hadisdan sahih va hasan hadisning farqi qanday boʻlishini bilsin… va hokazo.

Muttabe bir raʼydan boshqa raʼyga dalilini bilib koʻchadi. Chunki u dalilini bilib ergashgan hukm dalilini bilmasdan ergashgan hukmdan afzaldir. Agar u bir mazhabga dalilini bilmagan holda taqlid qilgan boʻlsa, soʻng boshqa bir mazhabning dalillari bilan tanishsa, oʻsha dalilini bilgan mazhabga ergashadi, dalilini bilmagan mazhabni tark qiladi.

Boshqacha ibora bilan aytganda, muttabe bir raʼydan boshqa raʼyga tarjih bilan koʻchadi. U dalilini bilgan hukmga ergashib, dalilini bilmagan hukmni tark qiladi.

Endi, omiyga kelsak, u sharʼiy qonunchilikda eʼtiborga olinuvchi baʼzi ilmlarga ega boʻlmagan kishidir. U arab tilini deyarli bilmaydi, Kitobu Sunnatdagi dalillarni tushunmaydi. Alloh Subhanahuga domlasidan oʻrgangani boʻyicha ibodat qiladi… Bu kabi inson har qanday masalada bir mazhabdan ikkinchi mazhabga koʻchmaydi, faqat tarjih bilan koʻchishi mumkin. Omiyning tarjihi oʻzi taqlid qilayotgan kishiga – uning tushunchasi, taqvosi va yaxshi muomalasiga qarab – ishonishidir. Oʻsha ishonchiga qarab, masjid imomiga yoki oʻz otasiga yoxud masjidda odamlarga Qurʼon oʻqishni oʻrgatayotgan kishiga taqlid qilib, oʻshalar kabi, masalan Shofeiy mazhabi boʻyicha namoz oʻqib yuraveradi. U bunday holatda boshqa mazhabga – yuqorida aytib oʻtganimizdek – faqat tarjih bilan koʻchadi. Yaʼni, uning tarjihi – avval ergashayotgan masjid imomi yoki oʻz otasidan ilmli boʻlgan boshqa bir kishini uchratib qolishi va uni avval ergashayotgan kishilaridan koʻra taqvoliroq va odilroq deb bilishidir. Mana shu uning tarjihidir. Endi, bu kishi Abu Hanifa mazhabi boʻyicha namoz oʻqisa, omiy u kishini boshqalardan olimroq va taqvoliroq, deb bilsa… shuningdek, oʻsha kishining Abu Hanifa mazhabi boʻyicha oʻtayotgan darslariga qatnab yursa… natijada bu kishi uning ishonchidan joy olib, undan koʻngli taskin topsa, bunday holda ushbu omiy inson namozida Shofeiy mazhabidan Abu Hanifa mazhabiga – ayni ishonch va koʻngil taskin topgani uchun – koʻchishi mumkin.
Boshqacha ibora bilan aytganda, omiy bir raʼydan ikkinchi raʼyga tarjih bilan koʻchadi. Omiyning tarjihi shuki, u taqvo va odilligiga ishonadigan, ilmi va tushunchasidan koʻngli toʻlgan, uni koʻchadigan mazhabiga eltadigan kishini tanishi-uchrashishidir. Agar qalbi xotirjam boʻlsa, boshqa mazhabga koʻchishi joiz.

Bu aytganlarimiz – kishining amali bir mujtahidga taqlid qilishga bogʻlangan boʻlsa va u ikkinchi bir mujtahid mazhabiga koʻchishni istasa, tarjih qilishi zarurligi haqidagi gaplardir. Bu – avval bir mujtahidga dalilini bilmay ergashib kelayotgan boʻlsa, keyinroq dalilini bilib olish bilan boʻladimi yoki oʻrganishligi natijasida, keyingi mujtahidning dalili avval taqlid qilib kelganidan koʻra, kuchliroq ekaniga ishonch hosil qilish bilan boʻladimi, farqi yoʻq. Ammo kishining amali biror masalada mujtahidga taqlid qilishga hali bogʻlanmagan boʻlsa va u ilk bor taqlid qilayotgan boʻlsa, u holda, dalillari va ilmiga qoniqqan biror bir mujtahidga taqlid qiladi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bitta masaladagi taqlid – shu masala, uning shartlari va ruknlari borasida bitta mujtahidga boʻlishi lozim. Misol uchun, namozda – uning shartlari va ruknlari bitta mujtahiddan olinishi kerak. Yaʼni, uning tahorat, qiyom va rukulari bitta mujtahiddan olinadi… Namozni Abu Hanifadan, tahoratni esa Shofeiydan olinmaydi. Balki, masalaning hammasi bitta mujtahiddan olinadi. Ammo namoz, roʻza va haj kabi masalalar har xil boʻlsa, bularning barchasini bitta mujtahiddan olish joiz, yoxud roʻzani bitta mujtahiddan, namozni boshqa bir mujtahiddan olish ham joiz va hokazo.

Endi, shulardan kelib chiqib, sizning savolingizga javob beradigan boʻlsam, demak, bu arab tilini bilmaydigan birodarlar oʻzlarini muttabe deb oʻylashyapti. Shuning uchun dalillarni tarjima orqali oʻqib, shunga binoan ular avvalgi mazhablaridan keyingi mazhabga koʻchib yurishibdi. Oʻzlarini dalilni bilish kifoya boʻlgan muttabemiz, deb hisoblashgani uchun shunday qilishyapti. Biroq, modomiki ular arab tilini bilmas ekanlar, ularning voqesi bunga tushmaydi. Shu boisdan, oʻz mazhabini tark etish va boshqa mazhabga koʻchish uchun tarjima yetarli emas! Ular omiy kabi tarjih qilishlari kerak. Yaʼni ular uchun arab tilini biladigan va unga dalilni arab tilida oʻqib berib, izohlab, ushbu mazhabning rojihroq ekanini unga bayon qilib beradigan biror kishini topishlari kerak. Agar mana shunday kishining ilmi va tushunchasi borasida koʻngli taskin topsa, shundagina mana shu ishonch asosida tarjih qilgan mazhabga koʻchishi joiz boʻladi. Yaʼni mazkur birodarlar, oʻzlarining avvalgi mazhablaridan yangi mazhabga koʻchishni istasalar, modomiki arab tilini bilmas ekanlar, ularga tarjimani oʻqish kifoya qilmaydi. Balki, shu tarjimaga qoʻshimcha, omiy kabi tarjih qilishlari lozim boʻladi.
Ayni masalada mening raʼyim shu, vallohu aʼlam va ahkam.

Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Roshta

15 jumodul-avval 1439h

1 fevral 2018m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.