Rossiya Oʻzbekistonda atom elektr stantsiyasi qurishni taklif qildi

770
0

Rossiya Oʻzbekistonda atom elektr stantsiyasi qurishni taklif qildi

 Rossiya Federatsiyasi Oʻzbekistonga respublikada ikkita yangi avlod energiya bloklariga ega atom elektr stantsiyasi qurishni taklif qildi, dedi “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev. Bu haqida Sputnik xabar qilmoqda.

 29 dekabr kuni “Rosatom” delegatsiyasining Toshkentga tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlik boʻyicha bitim imzolandi. Hujjatni Oʻzbekiston tomonidan bosh vazir oʻrinbosari Nodir Otajonov, Rossiya tomonidan “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev imzoladi.

 “Biz Oʻzbekistonda “3+” VVER-1200 avlodiga mansub ikkita zamonaviy blokdan iborat stantsiyani oʻzbeki tomoni oʻziga maʼqul deb hisoblagan muddatda qurish taklifini berdik”,- dedi Lixachev jurnalistlar bilan uchrashuvda.

 U shuningdek, Rossiya bunday obʼektlar qurishda ulkan tajribaga ega ekanligini qayd etdi. Ana shunday stantsiyalardan biri Novovoronejda bir yildan buyon sanoat rejimida ishlamoqda. Leningrad stantsiyasi ishga tushirilish arafasida, Belorussiyada qurilish ishlari yakunlanmoqda.

 “Ha, Bangladesh, Vengriya, Misr, Finlyandiyada aynan shunday obʼektlar quramiz. Bu Fukusimadan keyin paydo boʻlgan shunchaki ilgʻor texnologiyalar namunasigina emas. Bu biz koʻplab miqdorda qurishni boshlagan sanoat yechimi manbasidir”,- taʼkidladi “Rosatom” rahbari.

 Imzolangan hujjatni izohlar ekan, Lixachev bu bir tomondan hadli bitim boʻlsa, ikkinchi tomondan hamkorlikning aniq yoʻnalishini belgilab beradi, dedi.

 Uning aytishicha, Oʻzbekiston Rossiya korporatsiyasining bugungi kundagi atom sohasidagi hamkorlaridan ajralib turadi. Bu, birinchi navbatda, bu yerda oʻtgan asrning 40-50-yillaridayoq yadro sohasining bir nechta yoʻnalishlariga asos solinganligidir.

 “Avvalo, qator hamkorlik yoʻnalishlaridagi ishlarimizni tiklashni rejalashtirmoqdamiz. Bu albatta, tadqiqot reaktori ishlari, materialshunoslik, izotoplar ishlab chiqarish, ular asosida farmatsevtika preparatlarini yaratish va uran konlarini qidirish va oʻzlashtirish borasidagi ishlar boʻladi”,- dedi Lixachev.

 U tomonlar nafaqat hamkorlikni tiklash, balki uni yanada yuqori darajaga chiqarish niyatida ekanliklarini taʼkidladi.

 “Mamlakatlarimiz ilgʻor loyihalarga ehtiyoj sezmoqda, nafaqat tovar almashish yoki oʻzaro investitsiyalar, balki yangi sohalarda zamonaviy qurilmalarni mahalliylashtirish borasida ham jiddiy oʻsish lozim. Yirik energetik atom obʼekti qurish esa ana shunday loyihaga juda mos keladi”,- dedi u.

 Lixachevning fikricha, mamlakatda qayta tiklanayotgan mazkur soha boʻyicha kadrlar tayyorlash bu yoʻnalishdagi muhim ishlardan hisoblanadi.

 “Biz bugundanoq oʻzbek mutaxassislarini oʻz hisobimizdan tayyorlashni boshlashni rejalashtirmoqdamiz va kelasi oʻquv yilida Rossiya Federatsiyasida oʻqish uchun 15 kishini joʻnatishlarini taklif qildik”,- dedi “Rosatom” bosh direktori.

 Uning qayd etishicha, shuningdek, mamlakatda qonunchilik bazasini va tegishli yadro infrastrukturasini ham tayyorlash zarur.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.