Erdogʻan Trampni ogohlantirdi

708
0

Erdogʻan Trampni ogohlantirdi

AQSh prezidenti Donald Trampning Isroildagi AQSh elchixonasini Quddusga koʻchirish va Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olishi haqidagi bayonoti turli qarshiliklarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Trampning bu iddaolariga birinchilardan boʻlib Turkiya va Falastin norozilik bildirdi.

Falastin Ozodlik Tashkiloti AQShning bu hamlasi Islom va arab dunyosiga qarshi urush eʼlon qilish maʼnosini anglatishini bildirdi. Goʻyoki, Amerika hozirgi kunda dunyo boʻylab musulmonlar va arab dunyosiga qarshi urush qilmayotgandek.

 “Adolat va taraqqiyot” partiyasining yigʻilishida nutq soʻzlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan esa Trampning daʼvosi Turkiya va Isroil oʻrtasidagi mavjud diplomatik munosabatlarning buzilishiga sabab boʻlishi mumkinligini bildirdi. Agar Tramp bu ahdidan qaytmaydigan boʻlsa, Erdogʻan Islomiy hamkorlik tashkiloti bilan unga tahdid qildi.

“Janob Tramp! Quddus musulmonlarning qizil chizigʻidir. Bu bizning “Isroil” bilan diplomatik munosabatlarimizning buzilishiga olib kelishi mumkin. Biz Amerikani yana bir bor ogohlantirmoqdamiz. Bunday qadam tashlay olmaysiz. Agar bunday qadam tashlansa, biz Istanbulda Islomiy hamkorlik tashkiloti sammitini chaqiramiz”, dedi Erdogʻan.

Ammo Erdogʻan Islomiy hamkorlik tashkiloti AQShga nisbatan qanday chora koʻrishi haqida soʻz ochmadi. Chunki bu tashkilot dunyoga kelgandan buyon shu paytgacha Islom va musulmonlarning manfaati uchun biror ishga qoʻl urgan emas. AQSh bir necha yillardan buyon Iroqda, Afgʻonistonda qirgʻinlarni amalga oshirib kelmoqda. Rossiyaning Suriyada amalga oshirayotgan qirgʻinlari tinim bilmayapti. Bundan avval u Chechenistonning boshiga ne kunlarni solmadi. Markaziy Afrikada, Arakanda va dunyoning bir qancha mamlakatlarida musulmonlar dahshatli kunlarni boshidan kechirmoqda. Islomiy hamkorlik tashkiloti esa sukut saqlashda davom etmoqda.

Turkiya prezidenti bosh kotibining oʻrinbosari Ibrohim Qalin AQShning daʼvolari Islom ahkomlariga zidligiga emas, balki BMT qarorlariga toʻgʻri kelmasligiga eʼtibor qaratdi. Qalinga koʻra, goʻyo Yaqin Sharqda tinchlik hukm surayotgandek, Trampning bu bayonoti u yerdagi tinchlik jarayoniga putur yetkazadi.

“Bu Quddusning diniy va tarixiy maqomiga, xalqaro shartnomalarga va BMT qarorlariga butunlay ziddir. Bunday qadam Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonini yoʻqqa chiqaradi va yangi-yangi ziddiyat va mojarolarga sabab boʻladi. Umid qilamizki, AQSh maʼmuriyati bunday dahshatli xatoga yoʻl qoʻymaydi. Quddus va Haram-i sharifning maqomini saqlash juda muhimdir”, – dedi Qalin.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.