Tramp: Bizning qarzlarimizni ular toʻlashadi

739
0

Tramp: Bizning qarzlarimizni ular toʻlashadi

Saudiya Arabistoni boshchiligida bir necha davlatlar Qatar bilan diplomatik aloqalarini uzishi ortidan AQSh Prezidenti Donald Trampning saylov jarayonida soʻzlagan nutqi kunning dolzarb mavzusiga aylandi. Tramp saylovoldi chiqishlarida AQShning tashqi qarzarini Koʻrfaz davlatlariga toʻlattirishini aytgan edi.

“Koʻrfaz davlatlariga yoʻl olaman. Ishoning, ular endi oyoqda tura olishmaydi. Koʻrfaz davlatlari egalik qilayotgan yagona narsa puldir. Bizning 19 trillion dollar atrofidagi qarzimizni ularga toʻlattiraman. Buni biz toʻlamaymiz, ular toʻlashadi. Bu qarzni koʻrfaz davlatlariga toʻlattiramiz. Shuni unutmangki, biz boʻlmasak, koʻrfaz davlatlari yoʻq boʻlib ketadi” yana “Qarzlarimizni Koʻrfaz davlatlari toʻlaydi. Qarshi boʻladiganini yoʻq qilamiz. Biz boʻlmasak, ular hech kim emaslar”, degan edi Koʻrfaz mamlakatlarining endilikda oyoqda tura olmay, navbati bilan birma-bir qulashini olgʻa surgan Donald Tramp.

AQSh boʻlmasa, koʻrfaz davlatlari oʻz vujudini saqlab qola olishmasligini daʼvo qilgan AQSh prezidenti Donald Trampning Riyodga qilgan tashrifidan hech qancha oʻtmay, Saudiya Arabistoni Qatar davlati bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qildi. Saudiya Arabistoni bu qarorni Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan maslahatlashib qabul qilganligi aytilmoqda.

Tramp Qatar inqirozi haqida Tvitter sahifasida “Saudiya Arabistoni ziyorati foydali ekanini koʻrish quvonarlidir. Qirol va 50 mamlakat vakillari bilan uchrashdim. Ular ekstremizmni moliyalashtirishga qarshi qatʼiy chiziqqa amal qilishlarini aytishgan edi. Barcha koʻrsatkichlar Qatarga ishora edi. Balki bu terrorizm xavfining boshlanishidir”, deya tvit qoldirdi.

Donald Tramp saylov jarayonida aytgani kabi Koʻrfaz davlatlariga borib faqat Saudiya Arabistoni bilan qariyb 500 milliard dollarlik savdo bitimini imzoladi va AQShga 1 trillion dollar investitsiya yotqizish vaʼdasini oldi.

Mintaqadagi AQShning eng yirik harbiy bazasiga ega boʻlgan Qatar davlati AQShning diplomatik manfaatlari uchun katta ahamiyatga ega boʻlishiga qaramay, mamlakatda krizis kuchayib borishi diqqatga sazovardir. Krizis ortidan Qatar Tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdurahmon Al Sani Koʻrfaz davlatlari bilan emas, AQSh bilan boʻlgan aloqalar kuchli holda davom etishini bildirdi.

Shuni ham aytib oʻtish lozimki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) va Jahon banki (JB) tarafidan berilgan maʼlumotga koʻra, Yaqin Sharq mintaqasida Qatar davlati aholi jon boshiga nisbatan milliy daromadi boʻyicha eng birinchi davlat deb topilgan. Yaʼni, 2017 yil hisobiga koʻra, Qatarning 2016 yilgi milliy daromadi aholi jon boshiga nisbatan 129726 dollarni tashkil qilgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.