YeI: Qoʻlga olingan namoyishchilar ozod qilinsin

628
0

YeI: Qoʻlga olingan namoyishchilar ozod qilinsin

Yevropa ittifoqi Rossiya hukumatini yakshanba kuni Rossiya shaharlari boʻylab oʻtgan, oldindan kelishilmagan norozilik aktsiyalarida qoʻlga olinganlarni “zudlik bilan ozod etish”ga chaqirdi.

Maʼlumki, yakshanba kuni Moskva va mamlakatning bir nechta yirik shaharlarida muxolifatchi Aleksey Navalьniy tomonidan tashkillashtirilgan kelishilmagan norozilik aktsiyalari oʻtkazilgan edi. Ilgariroq Moskva hokimiyati poytaxt markazida 26 mart kuni namoyish oʻtkazishga rad javobi berib, namoyishchilarga Sokolьniki yoki Lyublinodagi hududlarni tavsiya etishgan edi, biroq muxolifat buni rad etgan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva markazidagi koʻchaga insonlarni chiqishga chorlash fitnadan boshqa narsa emasligini taʼkidlagan. Poytaxtda oʻtgan norozilik aktsiyalari davomida politsiya tomonidan qoʻlga olingan namoyishchilar soni mingdan ortgan. Aktsiya davomida politsiyachilardan biri boshidan jarohatlangan.

“Biz Rossiya hokimiyatini oʻz zimmasiga olgan yigʻilishlar, mitinglar va namoyishlar oʻtkazish erkinligi huquqlari borasidagi xalqaro, Yevropa Kengashi va YeXHT majburiyatlariga toʻliq rioya qilishga chaqiramiz. Shuningdek, kechiktirmasdan tinch namoyish qatnashchilarini qoʻyib yuborishga undaymiz”,- deyiladi Yevropa tashqi siyosat xizmati rasmiy saytida chiqqan bayonotda.

Bayonotga koʻra, Rossiya Federatsiyasidagi politsiyalarning xatti-harakatlari “Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyasida belgilab qoʻyilgan bazaviy huquqlarni roʻyobga chiqarishda toʻsqinlik qilgan”. Ilgariroq, AQSh davlat departamenti ham kelishilmagan aktsiya davomida hibsga olishlarni qoralagan va qoʻlga olinganlari ozod qilishni talab qilgan edi.

Aktsiya oʻtishidan oldinroq Rossiya IIV Moskva shahri boʻyicha bosh boshqarmasi moskvaliklarni oldindan kelishilmagan aktsiyada ishtirok etishdan qaytarib, xavfsizlik uchun javobgarlik aktsiya tashkilotchilari zimmasiga yuklatilishi va ular bundan rasman ogohlantirilganligini bildirib oʻtgan edi.

Navalьniy “ommaviy tartib buzilishiga olib kelgan yigʻinlarni ruxsat olmasdan uyushtirishda” ayblanib, 27 mart kuni sudga tortildi va 15 sutkaga hibsga olindi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.