Putin rus qo’shinlarini Suriyadan ortga qaytishiga buyruq berdi

414
0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvi paytida rus qo’shinlarining Suriyadan chekinishiga buyruq berdi. Qarorga ko’ra Suriyadagi rus qo’shinlarining asosiy qismi 15 mart seshanba kunidan boshlab olib chiqila boshlaydi. Biroq chekinish muddati qancha vaqtga cho’zilishi haqida biror ma’lumot berilmadi.

Kremlning ma’lum qilishicha, mazkur qaror Suriya prezidenti Bashar Asadning roziligi bilan amalga oshirilmoqda. Putin shaxsan o’zi Asadga chekinish haqida aytganligini bildirdi. Putinga ko’ra, Rossiya qo’shinlari Suriyada muhim vazifalarini bajarib bo’lgan.

“O’ylaymanki, mudofaa vazirligi va qurolli kuchlarimiz muhim vazifalarini bajarib bo’lishdi. Shuning uchun mudofaa vaziriga harbiylarning asosiy qismini Suriyadan olib chiqishga buyruq berdim. Ammo Humaymim va Tartusdagi ikki rus bazasi avvalgidek vazifalarini davom ettiraveradi”, dedi Putin.

Shuningdek, Rossiya federal kengashining ta’kidlashicha, rus kuchlarining Suriyadan olib chiqilishi bilan birga Suriya hukumati uchun zarur bo’lgan qurol-aslahalar, harbiy texnikalar va tajribali harbiylar etkazib berish o’z yo’lida davom etaveradi. Bu haqida mudofaa va xavfsizlik qo’mitasining raisi Viktor Uzerev ma’lum qildi.

O’z navbatida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Putinga rus qo’shinlari Suriyada faoliya boshlagandan buyon 400 shahar va qishloqlarni “terrorchi”larning qo’lidan ozod qilganligini ma’lum qildi. Shoyguning bildirishicha, Rossiyaning harbiy samalyotlari 2000 yuk avtomobillaridan tashqari 209ta neft korxonalarini yakson qilgan.

Rossiya prezidentining mazkur qarori Suriya masalasi bo’yicha Jenevada muzokaralar boshlangan paytga to’g’ri kelmoqda. Putinning o’zi ham rus qo’shinlarining Suriyadan olib chiqilishi Jenevadagi siyosiy kuchlar o’rtasidagi muzokaralarga ijobiy ta’sir qilishiga umid bildirdi.

Rossiya rahbari rus havo kuchlarining Suriyadan chekinishi haqida AQSh prezidenti Barak Obamaga telefon orqali ma’lum qildi. Kremldan chiqqan bayonotda aytilishicha, har ikkala prezident ham Suriya inqirozini tinch yo’l bilan hal qilinishiga tarafdor ekanligini bildirishgan. AQSh prezidentining so’zchini Jon Ernest esa Rossiyaning bu qaroridan ko’zlagan maqsadi nima ekanligini diqqat bilan o’rganib chiqish lozimligiga urg’u berdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.