Atambaev Putin bilan uchrashgani Moskvaga jo’nab ketdi

786
0

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Almazbek Atambaev 2 mart kuni ish safari bilan Rossiya Federatsiyasiga jo’nab ketdi. Tashrif chog’ida Atambaev RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, Qirg’iziston-Rossiya hamkorligining dolzarb masalalarini muhokama qilishadi.

Matbuot xizmatiga ko’ra, aeroportda Almazbek Atambaevni Rossiya Federal bojxona xizmati rahbari Andrey Belyaninov kutib oldi.

Turkiston:

2010 yil aprel oyidagi davlat to’ntarishidan so’ng hokimiyat tepasiga kelgan muvaqqat hukumat ham, keyinchalik prezidentlikka kelgan Almazbek Atambaev ham Rossiya bosimi ostida Qirg’izistonda AQSh ta’sirini kamaytirishda katta xizmat qilib berdi. Dastlab, “Manas” aeroportidan AQSh harbiy bazasini chiqarib yuborilgan bo’lsa, o’tgan yili 1993 yilda erishilgan hukumatlararo hamkorlik shartnomasi bekor qilindi va AQSh xohishiga qarshi Qirg’iziston Rossiya etovidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo’lib kirdi. Qirg’iziston hukumat bu ishlarning barchasiga Rossiyadan bo’ladigan qo’llov va iqtisodiy yordamga umid qilib kirishgan edi. Biroq, Qirg’iziston kutgan natija ro’yobga chiqmadi. Qrim bosqini ortidan Rossiyaga qarshi qo’llana boshlagan jazo choralari va jahon bozorida neft narxini keskin tushib ketishi uning iqtisodini qiyin ahvolga solib qo’ydi. Rossiya o’zining harbiy ko’magidan bo’lak Qirg’izistonga deyarli hech qanday yordam ko’rsata olmaydigan holatga tushib qoldi. Katta bosim va umidlar ostida hukumat mamlakatni YeOIIga olib kirilgan bo’lsada hozirgi kungacha bu ittifoqning salbiy natijalaridan boshqasi ko’rinmayapti. Qirg’iziston hukumatiga esa hozirgi iqtisodiy qiyinchiliklar vaqtida moddiy yordam ko’rsatuvchi hamkor kerak. Uning kim bo’lishini esa unchalik ahamiyati yo’q.

Shu sababli ham Qirg’iziston hukumati AQSh bilan buzilgan aloqalarini qayta tiklash yo’lida sa’y-harakatlarini boshlab yubordi. Avvalo Jogorku Kenesh spikeri Asilbek Jeenbekov 10 fevral kuni AQShning Qirg’izistondagi favqulotda va muxtor elchisi Sheyla Guolt bilan uchrashib, o’tgan yili birtomonlama bekor qilingan hukumatlararo hamkorlik shartnomasini qayta tiklash yo’lidan dastlabki qadamni tashladi. 24 fevral kuni esa Qirg’iziston bosh vaziri Temir Sariev ham Sheyla Guolt bilan uchrashgani xabar qilindi, ammo uchrashuvda qanday masala ko’rib chiqilgani va nima xulosaga kelingani xabar qilinmadi. Shunday bo’lsada bu uchrashuvda ham AQSh bilan hamkorlikni yangidan yo’lga qo’yish va bajarilishi lozim bo’lgan shartlar ko’rib chiqilgan bo’lishini ehtimoli yuqori edi.

Qirg’iziston hukumatining bunday keskin manyovr qilishi esa Rossiya nazaridan chetda qolmasligi aniq edi. Shu sababli ham avvaldan rejalashtirilmagan chaqiruvga binoan Atambaev Moskvaga jo’nab ketdi. Atambaevni aeroportda Federal bojxona xizmati rahbari Andrey Belyaninov kutib olgani esa uning tashrifi qay darajada bo’lishini va Putin bilan bo’lib o’tadigan uchrashuvda uni jiddiy savollar kutib turganidan darak berib turipti.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.