As-Sisi: Jiddiy aytyapman, yo’q qilaman, ehtiyot bo’ling!

460
0

2013 yilda davlat to’ntarishi orqali hokimiyatni qo’lga olgan Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi hukumatga qaratilgan tanqidlar davlatning baqosini xavf ostiga qoldirayotganini bildirdi. Misr duch kelayotgan muammolardan xabardor ekanligini ham aytib o’tgan as-Sisi Misr xalqi faqat o’ziga quloq solishi shartligini ta’kidladi.

Davlat televideniyasi orqali tinimsiz ikki soat jamoatchilikka murojaat qilgan Misr Prezidenti amaldagi hukumatni ag’darishga harakat qilmoqchi bo’lgan har qanday kishini er yuzidan yo’q qilish bilan tahdid qildi. Al-Arabiya telekanaliga ko’ra, as-Sisi xalqqa murojaat qilar ekan, uning juda asabiy ekanligi kuzatilgan.

“Iltimos, mendan boshqa hech kimga quloq solmang, o’ta jiddiy gapiryapman, ehtiyot bo’ling. Hech kim mening sabr-toqatli va og’ir-bosiqligimdan foydalanib hukumatni og’darishga harakat qilmasin. Allohning nomiga qasam ichib aytamanki, bunday kilishga uringan har qanday kishini er yuzidan yo’q qilaman, butun Misr ahli buni bilib qo’ysin”, dedi Misr Prezidenti.

Abdul Fattoh as-Sisi Misrda demokratiya yo’q deb aytmasligini, biroq tanqidiy ishlarni olib borish va ba’zi hukumat a’zolarini ishdan bo’shatish kabi demokratik ko’rinishlar uchun hali erta ekanligiga urg’u berib o’tdi.

“Ammo bu bilan men demokratiya yo’q deb aytmoqchi emasman. Biz faqat demokratiyani qiyin sharoitlarda amalga oshirmoqdamiz. Shu sababli keling, mamlakatimizni himoya qilaylik”, dedi as-Sisi.

Keyingi paytlarda Misr hukumati inson huquqlarini poymol qilishi, mamlakat iqtisodining izdan chiqishi borasida tez-tez tanqidga nishon bo’layotgani ko’zga tashlanmoqda.

“Siyosiy barqarorlik muhofaza qilinmagan Misrda iqtisodiy inqiroz ta’siri kundan kunga kuchaymoqda. Milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi sababli kambag’al va o’rtahol tabaqadagi insonlarning hayotini tobora og’irlashib bormoqda. Misr hukumatining iqtisodiy inqirozni oldini olish uchun shu kungacha amalga oshirgan harakatlari muvaffaqiyat qozona olmadi”, deyiladi jumladan “Euronews” axborot agentligining so’ngi tarqatgan xabarlarida.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.