Amerika qo’shma shtatlarining Qirg’izistondagi favqulotda va muxtor elchisi Sheyla Guoltning so’zlariga ko’ra, Qirg’iziston hukumati va AQSh yangi hamkorlik shartnomasini tayyorlashmoqda.
Parlament matbuot xizmatining xabar qilishicha, Jogorku Kenesh spikeri Asilbek Jeenbekov AQShning Qirg’izistondagi favqulotda va muxtor elchisi Sheyla Guolt bilan uchrashdi.
Jeenbekov Sheyla Guoltni elchi lavozimiga tayinlanishi bilan tabriklab, AQSh va Qirg’iziston hamkorligini bundan buyon ham mustahkamlashga qaratilgan ishlarida muvaffaqiyat tiladi.
“Qirg’iziston endilikda bundan bir necha yil oldingi davlat emas. Biz 2010 yildan so’ng erishgan yutuqlarmiz bilan, birinchi navbatda, shaffof va adolatli saylovlar o’tkazganimiz bilan faxrlanamiz. Biz sa’y-harakatlarimizni har tomonlama qo’llab-quvvatlagan do’stlarimiz, xalqaro hamkorlarimiz va ittifoqchilarimizdan minnatdormiz”, – dedi Asilbek Jeenbekov.
O’z navbatida Sheyla Guolt mustaqillik yillarida Qirg’izistonga umumiy hisobda 2 milliard dollarga yaqin evazsiz yordam ko’ratilganini aytib, AQSh Qirg’iziston bilan ishonch va o’zaro xurmat asosida yaqin hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanligini ta’kidlab o’tdi.
“AQSh siyosati mamlakatingiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan va shunday bo’lib qoladi. Demokratiya davlat boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va fuqarolik jamiyatlari ishtirokida dolzarb masalalarni muhokama qilish jarayonini talab qiladi. Qirg’iziston farovonligi va taraqqiyoti – bizning ustivor vazifamizdir”, – dedi Sheyla Guolt.
Turkiston:
2015 yil 15 iyul kuni AQSh davlat departamenti Azimjon Asqarovni “Inson huquqlari himoyachisi” mukofoti bilan taqdirlanishi ortidan Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi AQShning Bishkekdagi ishonchli vakili Richard Maylsni 17 iyul kuni vazirlikka chaqirib, norozlik notasini topshirgan edi. Qirg’iziston bosh vaziri Temir Sariev 21 iyulda imzo chekkan qarorga asosan esa, 1993 yil 19 may kuni Vashingtonda imzolangan hukumatlararo hamkorlik kelishuvi 20 avgustidan e’tiboran bekor qilingan edi.
Qirg’iziston hukumati AQShga qarshi olib borgan bu ishlarni rasmiy Moskva ko’rsatmasi va u tomonidan bo’ladigan yordamlarni hisobga olib amalga oshirgan edi. Ammo qirg’iz hukumatining baxtiga qarshi o’laroq, Rossiya Qirg’izistonga yordam berish u yoqda tursin, hatto o’z muammmolarini ham bartaraf qila olmaydigan vaziyatga tushib qoldi. Shu sababli ham GESlarni bo’yicha bo’yniga olgan majburiyatlarni ham bajara olmasligini bo’yniga olishga majbur bo’ldi.
Rossiyadan umid uzilganidan so’ng esa Qirg’iziston hukumati yana qayta AQSh bilan aloqalarini yo’lga qo’yish payiga tushib qolganga o’xshaydi. Shu sababli ham garchi elchi bo’lib tayinlanganiga yarim yil bo’lib qolgan bo’lsada Asilbek Jeenbekov Sheyla Guolt bilan birinchi marta uchrashuv o’tkazib, aloqalarni qayta jonlantirish yo’lini qidira boshlashdi.
O’z navbatida AQSh hukumati ham Rossiyani postsovet hududlaridan nufuzini siqib chiqarish maqsadida jiddiy qadamlar tashlay boshladi. Amerika tashqi siyosat idorasi xabar qilishicha, AQSh davlat departamenti va AQSh Taraqqqiyot agentligiga (USAID) Ukraina, Gruziya, Moldoviya va Markaziy Osiyo respublikalarida “Rossiya bosqiniga qarshi turish uchun” 952 million dollar ajratildi.