Ziyodulloh qori birodarimizning oila a’zolariga ta’ziya

584
0

Alloh taolo ba’zi insonlarga uzun umr berar va bu insonlar kechirgan hayoti mobaynida Islom dini va musulmonlar manfaati uchun biror ish qilmay, dunyoga qanday kelgan bo’lsa shunday o’tib ketar ekan. Ba’zi bandalariga qisqa umr ato etsada, bu banda shu qisqa umri davomida odamlar qalbida chuqur iz qoldirib, o’zining ortidan minglab musulmonlarni yig’latib ketar ekan.

Muxlislarimizdan kelgan xabarga ko’ra, Botken viloyati Qadamjoy tumani Uchqo’rg’on qishlog’ida tug’ilib o’sgan Abdulhaev Ziyodulloh ham Alloh Taolo tomonidan berilgan qisqa umri davomida o’zidan yaxshi nom qoldirib, so’nggi yo’lga ketar chog’ida minglab musulmonlarni yig’latib ketdi.

Alloh Taolo tomonidan belgilangan ajal Ziyodullohni novqiron 25 yoshida oramizdan olib ketdi. Birodarimiz Ziyodulloh 4 fevral payshanba kuni Jaloloboddan qaytayotgan vaqtda avtoxalokatga uchrab, bu yorug’ olamni tark etdi. Garchi bizlar Qur’oni Karimni to’liq yod olgan bir musulmon birodarimizdan ajralib qolganimiz sababli ko’zlarimiz yoshga to’la bo’lsada, Allohni rozi qiluvchi so’zdan boshqasini gapirmaymiz:

 إنا لله وإنا إليه راجعون

“Albatta, barchamiz Allohnikimiz va albatta, barchamiz Unga qaytguvchidirmiz” [Baqara 156]

Ziyodullohning juma namozidan so’ng belgilangan janoza namoziga viloyat va tuman qoziyotidan vakillar hamda aksari yoshlardan iborat 3000 yaqin odam yig’ilib, takbir va tahlil sadolari ostida uni so’nggi yo’lga kuzatib qo’yishdi. Mayitni elkalarida ko’tarib, 2-3 chaqirim yo’l bosib qabristonga etib borulgunga qadar, janoza namoziga kechikkan odamlar qo’shilib 4-5 ming odam yig’ilib ketgan.

Oddiy bir musulmonning janoza namoziga shuncha ko’p odam yig’ilishi kuch organlari xodimlarini tinchini o’g’irlab qo’ygan shekilli, ular musibat etgan oilaga hamdardlik bildirish o’rniga, janoza namozidan so’ng 10- bo’lim xodimlari kelib, janoza namoziga kim boshchilik qilganini surishtirib, qishloqdagilardan tushintirish xat yozdirib olish bilan ovora bo’lib, ikki kundan buyon qishloqni kezib yurishibdi ekan. Ular bilishmaydiki, Alloh Islom dini g’ami bilan yurgan, uni oliy qilish yo’lida jon koyitgan bandalarini agar xohlasa to’rt devor ichida ham, tirikligida ham, o’likligda ham aziz qilib qo’yishga qodir.

Ziyodulloh Islom diniga muhabbati kuchli, taqvodor oilada dunyoga kelib, yoshlik chog’idan diniy ilm olishgan rag’bat bildiradi. Undagi rag’batni ko’rgan otasi Abdulhaev Junaydulloh yolg’iz o’g’lini 8 yoshidan boshlab qoriga shogirdlikka topshiradi va u hofizi Qur’on bo’lib etishib chiqadi. Qur’oni yod olish bilan kifoyalanmagan Ziyodulloh Bishkekdagi madrasada sabog’ini davom ettirib, madrasani ham a’lo baholar bilan tamomlaydi. Islomiy ilm olish yo’lida umrini sarflagan Ziyodulloh bundan uch oy oldin oila qurgan ekan.

Bir o’g’il va ikki qizning otasi Junaydulloh ham o’zining Islom diniga bo’lgan muhabbati, taqvosi va halolligi bilan xalq ichida xurmat qozongan musulmonlardan bo’lib, qishloqdagi masjid qurulishiga katta hissa qo’shgan, ammo xalq ichidagi obro’sidan qo’rqqan kuch organlari uni masjidda imomlik qilishiga qattiq qarshilik qilishgan, biroq xalqning talabi bilan Juma namozlarida imomlik qilib berar ekan.

Shu o’rinda biz, Qodir Allohdan birodarimiz Ziyodullohni O’z rahmatiga olishini, gunohlarini mag’firat qilishini, jannat kengliklarida payg’ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan bir safda qilishini so’rab qolamiz. Garchi kechikib bo’lsada otasi Junaydulloh akaga, onasi Oliyaxon opaga, turmush o’rtog’iga, singillari va qarindosh-urug’lari va oilaga yaqin bo’lgan barcha do’stlariga chuqur ta’ziyamizni bildiramiz. Alloh sizlarga sabru jamil ato etsin. Alloh sizlarni chiroyli sabr kilishlik ortidan yaxshiliklar bilan mukofotlasin.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.