Qirg’iziston hukumati byudjetdagi kamomadni yopish uchun “Megakom”ni sotishga qaror qildi

398
0

Avval xabar qilganimizdek, Qirg’iziston hukumati 2016 yil davlat byudjeti daromad qismini 124,4 mlrd som deb belgilagan, byudjet chiqimlari esa 146.9 mlrd somni tashkil etib, davlat byudjetidagi kamomad 22 mlrd 454 mln somni tashkil etgan edi. Qirg’iziston hukumati byudjetda vujudga kelgan yirtiqni yamash uchun, “raqobatga dosh bera olmay, o’tirib qolishi mumkin” bo’lgan “Megakom” kompaniyasini sotishga qaror qildi.

Jogorku Kenesh “Megakom” nomi bilan tanilgan “Alfa Telekom” yopiq aktsiyadorlik jamiyatini xususiy mulkchilikka sotish qarorini ma’qullaganidan so’ng kompaniyaning boshlang’ich narxi belgilandi. Davlat mulk qo’mitasi direktori Almaz Qodirqulov “Megakom” kompaniyasining boshlang’ich narxi 306 million dollar yoki 18 milliard somni tashkil etishini ma’lum qildi.

“Alfa telekom” kompaniyasining 49 foiz aktsiyasi 2010 yili Muvaqqat hukumat dekreti bilan milliylashtirilgan bo’lsa, 2014 yili sud qaroriga asosan qolgan 51 foiz aktsiyasi hibs qilinib, kompaniya to’lig’icha davlat tasarrufiga o’tgan edi. Bugunga kelib esa hukumat uning 100 foiz aktsiyasini yana qayta jismoniy shaxslarga sotishga qaror qildi. Ayrim taxlilchilarning fikriga ko’ra, “Megakom”ni Rossiya kompaniyalari sotib olishi mumkin.

Qirg’iziston hukumati mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish yo’llarini izlash o’rniga, eng oson yo’lni tanlab davlatning qo’l ostida qanday mulk bo’lsa o’ylab o’tirmay, kimga bo’lsa ham sotish payiga tushib qoldi. Avvalroq bosh vazir Temir Sariev “Megakom” va Qora Kecha” konini sotish 2016 yildagi eng katta loyihalar ekanligini aytib o’tgan edi. Hukumat o’zi ko’zlagan bu ikki “loyihani” ham chet elliklarga – asosiy xaridorlar Rossiya va Xitoy kompaniyalari bo’lishini ehtimoli yuqori – sotib yuborishganidan so’ng, xuddi sobiq prezidentlar Askar Akaev va Qurmanbek Bakiev davrida tuzilgan shartnomalarga bo’yicha Qumtor oltin konini to’laligicha “Centerra Gold” kompaniyasiga sotib yuborishgani singari ularni qayta qo’lga kiritish yo’lini topa olmay, aybdorni izlashni boshlashadi.

Turkiston:

Megakom kompaniyasi, Qirg’iziston uchun daromad keltirib turgan sanoqli tashkilotlarning biridir. U juda kuchli korruptsiyalashgan sistemalar ichidan tolon toroj bo’lib o’tib ham, yiliga kamida 2 milliard som foyda keltiradi. Hukumat shaxsiy manfaatini o’ylab, xaridordan millionlagan pora olish ilinjida, go’yo qashshoq oilaning sog’in sigirini sotib yubormoqchi bo’layapti. Hukumat o’zining holsizligi va tadbirsizligi oqibatidan boshimizga tushib kelayotgan iqtisodiy krizisni shu yo’l bilan berkitib olmoqchi. Shu yo’l bilan, ya’ni mamlakat uchun yil sayin milliardlagan manfaat keltirib turgan, dunyoda keng rivojlanib kelayotgan va bankrot bo’lishi deyarli mumkin emas bo’lgan aloqa tarmog’i tashkilotini sotib yuborish bilan, bir yil bo’lsa ham o’z kreslolarini saqlab qolishmoqchi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.