Rossiya inqirozga tayyorlanmoqda

426
0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin omma xalqni mamlakat iqtisodiyoti sekin-asta inqirozdan chiqib, barqarorlashib borayotganiga ishontirishga harakat qilayotgan bo’lsada, vaziyat borgan sari izdan chiqib bormoqda. Buni hatto Putin komandasining etakchi rahbarlari ham tan olmoqda.

13 yanvar kuni bo’lib o’tgan VII Gaydar forumida so’zga chiqqan Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev neft narxlari tushib borgan taqdirda iqtisodiy vaziyat stsenariysi faqat salbiy tomonga o’zgarib borishiga tayyorgarlik ko’rishni maslahat berdi.

“To’plangan zaxiralar joriy yil byudjetini balansga solish imkonini berdi. Lekin neft narxlari yana tushib borsa, byudjet parametrlarini aniqlashtirishga to’g’ri keladi. Shuni tushunish kerakki, eng yomon stsenariyga tayyor turishimiz lozim”, – dedi Medvedev.

O’z navbatida mazkur forumda ishtirok etgan Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov ham, agarda Rossiya federal byudjeti yangi iqtisodiy va moliyaviy sharoitlarga moslashtirilmasa 1998 yilda bo’lganidek, barcha harajatlar oddiy xalq zimmasiga tushishini eslatib o’tdi.

“Bugungi sharoitda o’ta tejamkor, qattiq byudjet siyosati haqida gapirish kerak. Mana shunda kamomad darajasi bunday oshib ketmaydi, qarz hajmi ham oshmaydi”, – dedi moliya vaziri.

Uning so’zlariga ko’ra, ayni paytda Rossiyaning qarzlari juda ko’p, shu bois foiz harajatlari byudjet manyovrlarini cheklab qo’yadi.

Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Aleksey Ulyukaev esa, neft narxining pastlik davri bir necha o’n yillarga cho’zilishi mumkinligini bashorat qildi.

“Rossiya kabi xomashyoga asoslangan iqtisodlar uchun xomashyoning past narxlar davri uzoq davom etadi. Bu xomashyo aylanishini global past bosqichimi, yoki shunchaki yangi voqelikmi, aytishim qiyin. Lekin men bu davr juda uzoq davom etishiga ishonaman”, -dedi forumda so’zga chiqqan Aleksey Ulyukaev.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.