Tojikiston IIV: Dushanbe va Vahdatdagi teraktlarni mamlakat mudofaa vazirining o’rinbosari boshqargan

458
0

1997 yil Yarashuv bitimiga muvofiq Qurolli kuchlar tarkibiga kiritilgan hamda muxolifat uchun ajratilgan 30 foizli kvota asosida respublika mudofaa vaziriga o’rinbosar etib tayinlangan general-mayor Abduhalim Nazarzoda Vahdat shahar ichki ishlar bo’limiga sodir etilgan hujumga rahbarlik qilgan. Vazir o’rinbosari Tojikiston Islom uyg’onish partiyasining a’zosi, Tojikiston birlashgan muxolifatining tarafdori bo’lgan. Bu ma’lumotlar 4 sentyabr kuni kechqurun Tojikiston ichki ishlar vazirligining saytida paydo bo’lgan. “Nazarzoda terrorchilik aktida faol qatnashib, uni boshdan oxirigacha shaxsan o’zi boshqargan”, – deya xabar beradi IIV matbuot markazi.

Prezident farmoni bilan Abduhalim Nazarzoda “sodir etgan jinoyatlari uchun” egallab turgan lavozimidan bo’shatilgan.

IIV bayonotida aytilishicha, huquqni muhofaza qilish organlari Nazarzoda boshchilik qilgan terrorchilik guruhi avvaldan ishlab chiqarilgan rejaga asosan harakat qilganini aniqladilar. Abduhalim Nazarzoda istiqomat qilayotgan uyda va unga qarashli novvoyxonada olib borilgan operativ-qidiruv tadbiri, shuningdek, Vahdat tumani Marg’ob qishlog’ida hamda Rudakiy tumani Mag’murod qishlog’ida terrorchilik guruhini ta’qib etish natijasida katta miqdorda qurol-aslaha va o’q-dori topib olingan. IIV qayd etishicha, Abduhalim Nazarzoda terrorchilik aktlarini tayyorlash jarayonida mudofaa vaziri lavozimi vakolatlarini suiste’mol qilib, uzoq vaqtgacha hamkasblarini chalg’itib kelgan.

Vahdat ichki ishlar bo’limiga hamda Tojikiston mudofaa vazirligining markaziy apparatiga 4 sentyabrga o’tar tunda sodir etilgan hujum natijasida terrorchilar to’rt nafar IIV OMON jangchisini hamda Vahdat IIB bo’limining to’rt nafar xodimini o’ldirdilar, deya aniqlik kiritadi IIV matbuot markazi. Shuningdek, ichki ishlar bo’limidan katta miqdorda qurol-aslaha va o’q dori o’g’irlab ketilgan. Otishmada hujum qilganlardan to’qqiz kishi o’ldirildi, ularning orasida sobiq Birlashgan tojik muxolifati janggarisi va Tojikiston Islom uyg’onishi partiyasining a’zosi Ziyoraddin Abdulloev bor. Bayonotda aytiliishcha, jinoiy to’daning etti nafar a’zolari qo’lga olindi.

Operativ ma’lumotlarga ko’ra, Nazarzoda hamda unga ergashgan Tojikiston Mudofaa vazirligi shturmchi-desantchi batalonning 135 nafar harbiy xizmatchisi Dushanbedan 45 kilometr sharqda joylashgan Romit darasiga o’tib ketdilar. Ayni paytda ularning yashiringan joyini aniqlash va yo’q qilish bo’yicha operatsiya o’tkazilmoqda. Dushanbe shahrida barcha hukumat muassasalariga, shu jumladan, Prezident saroyiga olib boruvchi asosiy yo’llar to’sib qo’yilgan, deya xabar beradi RIA Novosti.

Manba: “Farg’ona” xalqaro axborot agentligi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.