Tojikistonga rus harbiy texnikalari kelishi davom etmoqda

519
0

Rossiya mudofaa vazirligi Tojikiston kuch organlari uchun ajratgan harbiy uskunalarning navbatdagi partiyasi Dushanbe aeroportiga etib keldi.

Rossiya mudofaa vaziri o’rinbosari Anatoliy Antonovga tayangan holda Tojikistondagi RF elchixonasining xabar qilishicha, 11 avgust, dushanba kuni Rossiya harbiy havo kuchlari (HHK)ga qarashli harbiy transport samolyoti bilan RF mudofaa vazirligi Tojikiston kuch organlari uchun harbiy yordam sifatida ajratgan harbiy uskunalarning navbatdagi partiyasi etkazib kelindi.

Xabarda qayd qilinishicha, harbiy uskunalarni etkazib berish tojik-afg’on chegaralarini mustaxkamlash bo’yicha KXShTga a’zo davlatlar rahbarlarining 2013 yilda qabul qilgan qarorlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Turkiston:

Rossiya Markaziy Osiyo respublikalari, xususan Tojikiston va Qirg’iziston ustidan o’z nufuzini yanada kuchaytirish uchun bu respublikalarni harbiy jihatdan o’ziga qaramligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. 11 avgust kuni etib kelgan harbiy ko’makdan oldinroq Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan Tojikistonga Mi-8 va Mi-24 transport va harbiy vertolyotlari, “Forpost” uchuvchisiz samolyotlari olib kelingan edi.

Bundan tashqari 2014 yil yozida erishilgan kelishuvga ko’ra, Rossiya yaqin yillar ichida Tojikistonga 1 milliard 230 million dollarlik harbiy-texnik ko’mak ko’rsataish majburiyatini o’z zimmasiga olgan edi. Bu harbiy ko’mak Tojikiston qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishga mo’ljallangan.

Tojikiston ko’mak doirasida aloqa vositalari, o’qotar qurollar va o’q-dorilardan tortib, aviatsiya, artilleriya va zenit-raketa qurilmalarigacha bo’lgan keng turdagi qurol-yaroqlarga ega bo’ladi. Qurollar asosan Rossiya Mudofaa vazirligi qismlaridan kelib tushadi.

Rossiya hukumati Tojikistonga faqatgina qurol-yaroq etkazib berish bilan cheklanib qolmasdan, bu mamlakat hududida joylashgan 201 harbiy bazasidagi harbiylar sonini oshirishga ham qaror qildi. Harbiy baza qo’mondoni Yevgeniy Tubolning so’zlariga ko’ra, keyingi besh yil ichida harbiy xizmatchilar soni 1,5 foizga oshirib, 9 ming kishiga etkaziladi.

Shu bilan bir qatorda Qirg’izistonga Rossiya tomonidan 1 milliard dollarlik qurol-yaroq etkazib berish bo’yicha shartnoma imzolangan bo’lib, qurol va harbiy texnikalar etkazib berish 2013 yilning dekabr oyidan boshlangan edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.