Poroshenko: Men Rossiyadan qo’rqmayman

417
0

 Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Kiev hukumati mamlakat sharqidagi inqirozni rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan turli stsenariylarni o’rganib chaqayotganligini e’lon qildi. Uning ishora qilishicha, Ukraina Rossiyaga qarshi “keng qamrovli urush” stsenariysiga tayyorgarlik ko’rmoqda.

 “Men Rossiya kuchlari bilan jang qilishdan qo’rqmayman. Biz keng qamrovli urush stsenariysiga tayyormiz. Armiyamizning hozirgi ahvoli besh oy avvalgi ahvolidan ancha yaxshiroqdir. Hozirda bizni butun olam qo’llab quvvatlab turipti. Askarlarimiz mamlakatimizni himoya qilishga qodir ekanligini ko’rsatishmoqda. Biz faqat tinchlikni istaymiz. Lekin afsuski, yomon stsenariylarni o’rganib chiqishimiz kerak bo’ladi.”, dedi Poroshenko Germaniyaning “Bild” gazetasiga bergan intervyusida.

 Prezident Poroshenko Ukraina tinchlik bitimiga erishish uchun qo’lidan kelgan barcha ishni qilganligini qo’shimcha qilar ekan, Kiev hukumati kelishuvga tayyor ekanligini va inqirozni harbiy yo’l bilan hal qilish mumkin emasligiga ishonishini eslatib o’tdi.

 “Biz urushni xohlamaymiz, tinchlikni xohlaymiz. Yevropa qadriyatlari uchun kurashyapmiz. Ammo Rossiya bitimlarga rioya qilmayapti”, dedi Ukraina prezidenti.

 Pyotr Poroshenko gazetaga bergan intervyusi davomida Ukraina NATOga qo’shilish uchun hanuz tayyor emasligini ta’kidlab o’tdi.

 “Biz o’lkamizda barcha standartlarga mos keladigan islohotlarni amalga oshirmog’imiz lozim. Shundan so’ng xalqimizdan NATOga qo’shilishni xohlash yoki xohlamasliklari haqida so’ray olamiz”, dedi Poroshenko.

 Prezident Poroshenko NATOning o’zi ham Ukrainani o’z safiga qo’shib olishga tayyor emasligiga e’tiborni tortdi. Lekin U Ukrainaning Yevropa ittifoqiga qo’shilish ehtimoli borligiga urg’u berdi.

 Xabarlarga ko’ra, Ukraina sharqida taraflar o’rtasida janglar to’xtamayapti. Ukraina axborot-tahlil markazining so’zchisi Andrey Lisenko mamlakat sharqidagi Nikishino shahri yaqinida yuzaga kelgan qurolli to’qnashuvda 23 nafar rossiyaparast ayirmachi o’ldirilganligini, 27 nafari esa jarohat olganligini ochiqladi. Hukumat kuchlaridan ham 6 askar halok bo’lgan, 9 nafari jarohat olgan.

 Ayirmachilar 24 soat ichida 39 marotaba o’t ochishni to’xtatish qaroriga xilof ish qilganligini qayd etgan Lisenko ayirmachilarning ikki marta Donetsk havo maydoniga hujum uyushtirganini va bir marta hukumat kuchlariga tuzoq qo’yganini bildirdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.