Jahon bozorida bir barrel neftning narxi 50 dollargacha tushishi mumkin

396
0

“Bloomberg” axborot agentligining xabar qilishicha, AQSh Energetika vazirligi huzuridagi energetik axborot agentligi boshlig’i Adam Seminiskiy jahon bozoridagi neft narxi 50 dollargacha arzonlashishi mumkinligini ma’lum qildi.

Uning so’zlariga ko’ra, bu “ehtimoliy narxlar” jumlasidandir. Shuningdek u aksariyat tahlilchilar WTI markasidagi Amerika engil neftining bir barreli narxi 2015 yil o’rtalariga borib 62 dollarga tushishini taxmin qilishayotganini qo’shimcha qilib o’tdi.

Hozirgi vaqtda bu turdagi neftning bir barreli 75 dollardan sotilmoqda. Yana bir etalon markadagi neft – Brent esa qit’alararo ICE Futures birjasida 78-80 dollar oralig’ida sotilmoqda.

Semininskiy neft narxining o’zgarishi bo’yicha nisbatan aniq va batafsil prognozlar bermadi. Uning qayd etishicha, neft narxining o’zgarishi xalqaro geosiyosiy vaziyat Liviya, Iroq va boshqa qator mamlakatlardagi qurolli nizolarning qay yo’sinda rivojlanishiga juda bog’liq.

Jahon bozorida neft narxini keskin tushib ketishi Rossiya hukumatini qattiq tashvishga solib qo’ydi. Chunki, Rossiya hukumati neft narxini o’rtacha 100 dollar miqdoridan kelib chiqib 2015 yilgi davlat byudjetni tuzgan edi. Bunga Ukraina bo’hroni bois AQSh va G’arb davlatlarining Rossiyaga nisbatan amalga oshirayotgan cheklovlari qo’shimcha bo’lmoqda.

Shuning uchun ham Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov 18 noyabr kuni bergan bayonotida, “Agar vaziyat yanada yomonlashadigan bo’lsa, 2015 yili Rossiyada retsessiya yuz berish aniq. Neftning bir barreli 60 dollarga tushib ketadigan bo’lsa iqtisodiy ko’rsatkichlar salbiy bo’ladi”, – dedi.

Shu o’rinda neft narxini keskin tushib ketishida asosiy rolni o’ynayotgan AQSh shu yo’l bilan dunyo siyosatida o’ziga sherik bo’lmoqchi bo’layotgan Rossiyani jazolamoqchi bo’layotgani, uni dunyo siyosatidan chetlatishga qattiq bel bog’laganini qo’shimcha qilib o’tish kerak.

O’tib borayotgan 2014 yilning mart oyida AQShning sobiq prezidenti Ronald Reyganning o’g’li Maykl Ronald Reygan AQSh prezidentiga maktub orqali murojaat qilgan edi. Mazkur murojaatda u Barak Obamaga o’zining otasi 20 asrning 80 yillarida Saudiya Arabistoniga borgani va jahon bozorida neft narxini tushirishni talab qilganini eslatib o’tdi. Kichik Reygan Putinga qashi ham shunday strategiya qo’llashni taklif qilib, “Agar bizning prezident Rossiyani haqiqatdan ham Ukrainadan uzoqlashtirishni jiddiy xohlayotgan bo’lsa, yangi sovetlar imperiyasi vujudga kelmay turib o’z harakatlarini obdon o’ylab ko’rishi va Reygandan o’rnak olishi kerak bo’ladi. U “ona Rossiyani” iqtisodiy bo’g’ib tashlashi kerak, toki u erda yashayotgan odamlar o’zlariga ichki kiyim sotib olishga ham qodir bo’lmasinlar”, – deyilgan edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.