Qirim Rossiyaga qo’shildi, AQSh va Yevropa bunga qarshi

701
0

thumbopen (1)Qirim parlamenti rasman Ukrainadan ajralib chiqqanligini e’lon qilar ekan, buning ortidan Rossiya federatsiyasiga qo’shilishni so’rab Kremlga murojaat qildi. Qirim parlamentining bu qarori yakshanba kuni o’tgan umumxalq referendumidan so’ng e’lon qilindi. Chunki Qirim rasmiylariga ko’ra, Referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 97% Rossiyaga qo’shilishni yoqlab ovoz berganlar. Rossiya ham referendum natijalarini qabul qilishini e’lon qildi. Qirim oliy kengashi Rossiya rublini rasmiy milliy valyuta deb e’lon qildi. Bu ishlar ortidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 18 mart kuni Qrimni Rossiyaga qo’shib olish haqidagi shartnomani imzoladi. Putinning fikricha, Qirim kuchli davlat tarkibida qolishi kerak, aks holda u hamma narsasini yo’qotadi.

Hali Rossiyadan boshqa birorta mamlakat, jumladan Ukraina hukumati ham referendum qonuniyligini e’tirof etgan emas. Qirim aholisining 12%ini tashkil qilgan qirimtatarlari va ukrain millatiga mansub Qrim fuqarolari Rossiyaga qo’shilishdan norozi. Qirimtatarlar majlisi referendumni baykot qilishga chaqirmoqda.

Qo’shma Shtatlar Qirimning Rossiyaga qo’shilishiga qarshi. Oq uy so’zchisi Jay Karni AQSh Qirim umumxalq referendumi natijalarini rad etishini bildirdi.

“Biz Ukrainaning Qirim mintaqasida o’tkazilgan referendumni rad etamiz. Bu referendum Ukraina konstitutsiyasiga ziddir. Kuch bilan tahdid qilish va xalqaro qonunlarni buzish ma’nosidagi Rossiyaning harbiy aralashuvi ostida o’tkazilgan bu referendum natijalarini xalqaro hamjamiyat tan olmaydi. Ukraina hukumatining aralashuvisiz Ukraina kelajagiga doir qaror qabul qilinishi mumkin emas. Boshqa bir tarafdan qaraladigan bo’lsa, bunday referendumga zarurat yo’q.”, dedi Oq uy so’zchisi. Yevropa ittifoqi ham bir ovozdan Rossiyaning bu ishiga qarshi.

Yevropa ittifoqi Rossiya va Qirimning 21 nafariga jazo choralarini e’lon qildi. Qora ro’yxatga tushgan amaldorlarning G’arb davlatlariga sayohati cheklanishi va bankdagi hisob raqamlari muzlatilishi ko’zda tutilgan. Buyuk Britaniya hukumati Rossiya bilan barcha harbiy hamkorlik aloqalarini to’xtatishini ma’lum qildi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygga ko’ra, bu choralar so’nggisi emas, ular vaziyatga qarab kengayishi mumkin.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.