Navro’zni bayram qilishni shar’iy hukmi qanday?

1749
0

images (4)Bahor oyi kelib, kunlar isiy boshlagach, dunyodagi aksar xalqlar, jumladan O’rta Osiyo xalqlari ham 21 mart kunini keng ko’lamda bayram qilib nishonlashadi. Bu bayram Navro’z bayrami bo’lib, uni kelib chiqishi sabablarini va musulmon kishi uni nishonlashi va bayram qilishi joizmi yoki yo’qligini ko’pchilik bilmaydi.

Buning uchun avvalo bu bayramni kelib chiqish tarixini o’rganib chiqish zarur bo’ladi. O’zbek xalqining allomalaridan biri Abu Rayhon Beruniy “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida Quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi to’g’risida so’zlab: “Bu oyning birinchi kuni Navro’zdir, – deydi. — Navro’z yilning birinchi kuni bo’lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni anglatarkan. Navro’z eronliklar “zij”lari bo’yicha o’tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to’g’ri kelar edi. So’ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo’ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg’irining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari etilguncha, o’simlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro’z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan” deya izohlaydi.

Bundan tashqari, “Navro’z qaerda va qachon paydo bo’lgan ekan?” – degan savolga “Saodat” jurnalida e’lon qilingan “Onaqutining sahovati” maqolasida javob berilgan. Bu maqolada jumladan: “Dunyoga ilk alifboni bergan buyuk allomalarning vatani bo’lgan, dunyoviy fanlarga asos solgan Xorazm yurti qadimda, hatto eramizdan avvalgi minginchi yillarda Xvayrazam deb atalgan. Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik va etnografik izlanishlar Navro’z bayrami ilk bor xuddi shu zaminda Niso (ya’ni, ayol shahri poytaxti bo’lmish Parfiyona) grek va Ovrupa faylasuflari asarlarida Parfiyada nishonlanganini ashyoviy topilmalar tasdiqladi. Bunga Burgut qal’a, Jomboq qal’a va Niso qo’rg’onlarida bunyod qilingan va shu kunlargacha saqlanib qolgan “olov uy”lari yaqqol misol bo’la oladi. Burgut qal’a markazida moviy gumbazli maqbara bo’lgan. Maqbara mehrobida Onaqutining ko’tarilgan qo’lida Zumrad tosh bo’lgan. Bahorgi teng kunlikda-shamsiy hisob bilan hamal oyining birinchi kuni, hozirgi taqvimimiz bo’yicha 22 martda maqbara gumbazidagi tuynukdan quyosh nuri Onaquti qo’lidagi Zumrad toshiga tushib, sumalak pishirish uchun tayyor turgan qozonning o’txonasiga o’t yoqqan”, deyilgan.

Navro’z bayramini kelib chiqish tarixi haqida ayrim afsonalar ham mavjud, masalan, Usmon Qoraboev, (“Mulokot”, 1991 y, 3-soni) maqolasida keltirishicha, “zardushtiylik aqidasiga ko’ra, yaxshilik xudosi Ahuramazda (Hurmuz) – bahor-yozda, yomonlik xudosi Anxara-Maynyu (Ahriman) – kuz va qishda hukmdorlik qilar emish. Bahorning birinchi kuni yaxshilik xudosi yomonlik xudosi ustidan g’olib chiqqan muqaddas sana hisoblanib bayram qilingan. Bu aynan bugungi kunda nishonlayotgan Navro’z kuniga to’g’ri keladi”.

Firdavsiyniig “Shohnoma”sida yangi yil bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog’lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o’rgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib kiyim to’qitadi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog’ bunyod qiladi. Nihoyat, “ishlari gurkirab berganda meva” bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko’tariladi. Ushbu afsonaga ko’ra xuddi shu kuni Navro’z nishonlangan.

Bulardan xulosa qilish mumkinki, Navro’z bayrami bizning diyorlarda Islom dini kirib kelishidan oldin, o’tga sig’inuvchi majusiylar tomonidan bayram qilingan va bu bayramni Islom diniga hech qanday aloqasi yo’q. Islom dini esa o’zidan avvalgi barcha bayram va urf-odatlarni bekor qiladi.

Shunday ekan musulmon odam Navro’z bayramiga nisbatan qanday pozitsiyada bo’lishi zarur va uni nishonlashni shar’iy hukmi qanday?

Imom Molikning sohiblaridan biri shunday deb aytganlar, “Kim Navro’z kunida bir qovun bo’lsa ham so’ysa, bu amali cho’chqani so’ygani bilan barobardir”.

Abu Hafs Hanafiy (rahimahulloh) aytganlar, “Agar bir kishi ellik yil Alloh Taologa ibodat qilib, so’ng Navro’z bayramida shu kunni ulug’lamoqchi bo’lib mushriklarni biriga bir dona tuxum sovg’a qilsa, o’zi kofir bo’lib, amallari habata bo’ladi”.

Hanafiy mazhabini shayxi alloma Xasan ibn Mansur ibn Maxmud Qozixon (rahimahulloh) aytganlar, “Bir kishi Navro’z kuni boshqa kunlarda sotib olmagan narsasini sotib olsa va agar shu narsani Navro’z uchun sotib olgan bo’lsa kufr bo’ladi. Agar foydalanish va sarflash uchun olgan bo’lsa (Navro’zga atab emas) kufr bo’lmaydi.

Abdulloh ibn Amr (r.a) rivoyat qilib aytadilar, “Kimki arab bo’lmagan ajam o’lkalaridan o’tib, ularning Navro’z deb atalgan bayramini va boshqa bayramlarini nishonlasa hamda ularga o’xshab va ularga taqlid qilib o’lib ketadigan bo’lsa, ular bilan Qiyomat kunida birga turadi”. (Imom Bayhaqiy “As-Sunan val Kubro”da keltirgan, Ibn Taymiya “Sahihi”da aytgan).

Abu Dovud Anas ibn Molik (r.a)dan qilgan rivoyatida, “Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam Makkadan Madinaga hijrat qilib kelgan vaqtlarida madinaliklarni o’ynab, hursandchilik qiladigan ikki kunlari bo’lar edi. Bu bayramlarni birinchisi Navro’z, ikkinchisi Mehrjon edi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar, “Alloh Taolo ikki yomon bayram o’rniga ikki yaxshi bayramni ato etdi, bular Qurbon hayiti va Ramazon hayitidir” dedilar.

Yana boshqa bir hadisda Payg’ambarimiz sollallohi alayhi va sallam aytadilar, “Kimda kim o’zini biror qavmga o’xshatsa, bas u ham ularning biridir”. (Imam Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Bulardan kelib chiqqan holda, o’zini Allohga iymon keltirganman deb hisoblovchi har bir musulmon uchun Navro’zni bayram qilish va boshqalarni shu kun bilan tabriklash qat’iy haromdir.

Turkiston.

20 mart

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.