Muafa Abu Hauraning musulmonlarga Xalifalikni tiklash uchun berilgan muddatga oid savoliga javob
Savol: Javobingiz uchun Alloh mukofotlasin…
Bahs-munozaralar ochiq bo’lishi mumkinmi, musulmonlar uning mazmunidan foydalangan bo’lishardi hamda quyiroqda zaif fikr aniq bo’lgandan so’ng, Hizbut Tahrir va uning amirining haqni xolislik bilan qabul qilishlarini bilib olgan bo’lishardi?
Biz bahs-munozara qilmoqchi bo’layotgan birinchi fikr Xalifalik barpo qilish uchun musulmonlarga berilgan muddat haqida.
Menga Aang Yulius ismli birodarim quyidagi maqolani yozdi:
«Hizbut Tahrirning musulmonlarga Xalifalikni tiklash uchun berilgan muddatni ta’yin qilishdagi dalil qilib keltirgan rivoyati sahihmi?
Hizbut Tahrirning tabanniy qilingan fikrlaridan biri, barcha musulmonlar uchun xalifa saylash fikri. Ularning aytishicha, musulmonlar uch kundan ortiq xalifasiz bo’lmasliklari kerak, agar uch kun o’tsayu, musulmonlar xalifa saylamagan bo’lsalar, gunohkor bo’ladilar. Usmoniy Xalifalik ag’darilgandan to bugungi kunimizgacha musulmonlar elkalarida bay’atsiz sakson yildan ortiq yashadilar.
Natijada, Xalifalikni tiklashga urinishda ishtirok etmagan har bir kishi gunohkor bo’ldi. Hizbut Tahrir Xalifalikni tiklash uchun musulmonlarga berilgan muddat uch kun ekaniga sahobalar ijmoini dalil qiladi va u Umar ibn Xattob R.A.ning mashhur so’zlarining rivoyati. Rivoyatda kelishicha, u pichoq egandan so’ng o’lim yoqasiga borib qolgach, o’zidan keyin sho’ro-maslahat yo’li bilan oralaridan birini xalifa qilishlari uchun oltita ulug’ sahobani nomzod qiladi. Uch kunning oxirida ularning amriga qay birlari muxolif bo’lsa, u o’ldirilishi kerakligini aytib, ularga tahdidli vasiyat qiladi. Ellikta sahobani ushbu vasiyatini tatbiq etishga buyuradi. Ushbu ulug’ sahobalar bu vasiyatni biladilar va birortasi ham uni inkor qilmaydilar, holbuki, u inkor etiladigan vasiyatdir. Demak bu ularning Xalifalikni tiklash muddatini uzog’i bilan uch kun qilib belgilaganlariga dalolat qiladi. Bu fikrning asli Tabariy tarixida kelgan ushbu rivoyatdir:
«… Agar beshtasi jamlanib, bir kishiga rozi bo’lsalar-u, bittasi bosh tortsa, uning kallasini oling yoki boshiga qilich torting. Agar to’rttasi kelishib, ulardan bittasiga rozi bo’lsa, ikkitasi bosh tortsa, o’sha ikkitasini boshini oling…». Bu Hizbut Tahrirning rasmiy fikri bo’lib, tabanniy kitoblarida shunday yozilgan va a’zolari uni Hizb nomidan yo shaxsan o’zining nomidan nashr qilgan. Bu fikr «Xalifalik davlati jihozi» kitobining Xalifa tiklash uchun musulmonlarga berilgan muddat nomli mavzusida hamda «Islomda boshqaruv nizomi»da Xalifa saylash tariqati mavzusida va boshqa erlarda kelgan.
Muammo bu rivoyatning zaifligida, chunki uning sanadida Abu Mixnaf bor bo’lib, u shia, rofiziy bo’lgan, Ibn Ma’in uni «ishonchli emas» deb sifatlagan.
Ushbu Tabariy rivoyati ma’nosidagi boshqa bir rivoyat ham bor, biroq u ham sanadidagi uzilish sababli zaif rivoyat. Masalan, Ibn Sa’d «Tabaqotul kubro»da shunga o’xshash rivoyat keltirgan bo’lib, unda Sammok ibn Harb Zahliy Bakriy bor, Hofizlar uni «to’g’ri so’z, ammo o’zgargan», deb sifatlaganlar va u Umar bilan uchrashgan bo’lishi mumkin emas, shuning uchun bu rivoyat munqati’ hisoblanadi.
Ma’no jihatidan shuni guvohi bo’lamizki, ushbu Tabariy rivoyatini va unga o’xshash boshqa rivoyatlarni tasdiqlash mumkin emas, chunki ular sahih rivoyatlarga ziddir. Quyidagi nuqtalarga nazar tashlaylik: Umar R.A. qanday qilib ulug’ sahobalarni qatl qilishga buyurishi mumkin? Qanday qilib Umar R.A. ularning Rosululloh S.A.V.ning sara sahobalari ekanlarini bila turib, shunday deyishi mumkin?
Shularga ko’ra, bu rivoyatning zaifligi aniq ko’rinib qoldi… Demak, musulmonlarga Xalifalikni tiklash uchun berilgan uch kun muddatga uni dalil qilish bekor bo’ldi. Shuningdek, Xalifalikni ulug’lab: «Umar xalifa saylashdan bosh tortganni qatl qilishga buyurdi», degan kishining so’zi ham nohaq bo’lib chiqdi».
Xo’sh, sizning fikringiz qanday? Sizdan qoniqarli javob kutamiz.
Javob:
Savolingiz boshida ba’zi narsalar diqqatimni tortdi, javobdan oldin o’shalarni aytib o’taman:
a) Savol Muafa Abu Haura ismli kishiniki, biroq siz savolda ishlatgan maqola Aang Yulius nomida!
b) Siz: bahs-munozaralar ochiq bo’lishi mumkinmi, musulmonlar uning mazmunidan foydalangan bo’lishardi hamda quyiroqda zaif fikr aniq bo’lgandan so’ng, Hizbut Tahrir va uning amirining haqni xolislik bilan qabul qilishlarini bilib olgan bo’lishardi, deyapsiz. Qanday qilib bahs-munozara qilishni va «zaif fikr aniq bo’lgandan so’ng», degan gapni aytishga qaror qildingiz, bunday deyish o’rniga, qaysinisi zaif fikr, qaysinisi kuchli fikr ekanini ko’rish uchun bahs-munozaraning oxirigacha kutib tursangiz bo’lmaydimi, axir, zaif fikr deb qaror chiqarish to’g’ri emas, modomiki, bahs-munozara qilmoqchi ekansiz, u tugaganidan keyingina qaror qiling-da. Shunday emasmi?
v) Siz bizga salom bermadingiz, shunga qaramay, duo qildingiz… bilmadik, bizga yaxshilik tilab duo qilyapsizmi yo yomonlik tilabmi, chunki siz «javobingiz uchun Alloh mukofotlasin», debsiz, bizni yaxshilik bilan mukofotlasinmi, yomonlik bilanmi aytmabsiz! Duoingizni uchta nuqta bilan tugatib, maqsadingizni aniq bildirmabsiz!
Shularning hammasiga qaramay, men sobiq nuqtalarni yaxshi niyatga yo’yaman va Allohning tavfiqi ila, do’stingiz maqolasiga javob beraman:
1 – Ergashish maqsadida haqni bayon qilishga va to’g’ri yo’lni tutuvchi Xalifalik davlati barpo etishdek buyuk farz orqali islomiy hayotni qayta boshlash uchun unga binoan faoliyat qilishga qaratilgan bahs-munozarani Hizbut Tahrir ham, uning amiri ham rad qilmaydi. Zero, musulmonlar Xalifalik markazi bo’shab qolgandan so’ng Xalifalikni vujudga keltirish uchun uch kundan ortiq o’tirib qolishlari joiz emas, aks holda, faoliyat qilishga qodir har bir kishi gunohkor bo’ladi va bunda aslo xiralik yo’q…
2 – Maqola sohibi Tabariyning Abu Mixnaf qatnashgan rivoyatiga to’xtalib uni ishonchsiz dedi. Keyin rivoyatdagi roviylarni zikr qilib, ularni noma’lum roviylar, dedi, keyin yana ayrim roviylarni an’ana siyg’asida rivoyat qilgan, dedi.
Keyin u Ibn Sa’dning «Tabaqotul kubro»dagi rivoyatlaridan birini keltirib, unda Sammok ibn Harb bor, dedi va uni «to’g’ri so’z, ammo o’zgargan», deb sifatladi, u Umar bilan uchrashmaganini aytdi.
3 – Maqola sohibi muhim masalaga kirishgan, biroq unda bitta rivoyatga suyangan. Holbuki bu masala, ya’ni uch kun muddat berilishi va muxolifni o’ldirilishi masalasi sir bo’lmagan, balki barcha sahobalarning ko’z o’ngida bo’lib, bu borada bir nechta rivoyatlar bor. Keyin maqola sohibining – agar u ularni tanimasa va boshqa undan ko’ra zehni kuchliroq kishilar ularni tanisa – bu roviylar noma’lum kishilar degan gapi hujjat emas! Bu rivoyatga qarshi an’anani hujjat qilish hadis istilohi ilmini bilmasligiga dalolat qiladi, chunki an’ana rivoyatlar agar sanad shartlari ularda etarli bo’lsa, albatta qabul qilinadi.
4 – Hadisni qabul qilish yo rad qilish uchun albatta hadis istilohi ilmlarini, usul va furularini yaxshi tushunish va bilish kerak. Men do’stingiz savoliga javob berishdan oldin shu ilmni bir oz aytib o’taman, agar do’stingiz ayni ilm ahlidan bo’lsa, albatta: Shunday roviylar borki, ular ayrim muhaddislar nazdida ishonchli sanalsa, ayrim muhaddislar nazdida inshonchsiz sanaladi yoki ayrim muhaddislar ularni noaniq desalar, ayrimlari nazdida aniq sanaladi. Shunday hadislar borki, bir yo’l bilan sahih bo’lmasa, boshqa yo’l bilan sahihdir.
Shunday yo’llar borki, bir yo’lda ular sahih bo’lmasa, boshqa yo’lda sahihdir. Shunday hadislar borki, ayrim muhaddislar nazdida ular e’tiborga olinmay, rad etilgan, boshqa muhaddislar esa ularni e’tiborga olib, ularni hujjat qilganlar. Ayrim hadislar borki, ularni muhaddislar rad qilsalar, fuqaholar ommasi ularni qabul qilib, hujjat sifatida foydalanganlar. Hadisni sahih yo hasan deb e’tibor qilishda odamlarni biror fikrga yoki barcha fikrlarga majburlash to’g’ri emas va bu hadislar voqeiga ham zid. Kim e’tiborli fuqaholar ijtihodlarini o’rgangan bo’lsa, ularning biri bir hadisni hujjat qilgan bo’lsa, ikkinchisi uni qabul qilmaganini guvohi bo’ladi. Chunki birinchi faqih u hadisni sahih deb topgan, ikkinchi faqih esa sahih deb topmagan. Buni siz hanafiylarda ham, molikiylarda ham, shofeiylarda ham, hanbaliylarda ham, boshqa mazhablarda ham guvohi bo’lasiz. Shuning uchun hadisga ta’na qilishga yo uni rad qilishdan oldin uni yaxshilab o’rganish va fikrlash kerak. Rivoyat va hadislarni kuzatib borgan kishi bu borada muhaddislar turli fikrda bo’lganlarini ko’radi va bunga misollar juda ko’p.
Misol uchun: Abu Dovud Amr ibn Shuaybdan, u otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi, Rosululloh S.A.V. bunday dedilar:
«الْمُسْلِمُونَ تَتَكَافَأُ دِمَاؤُهُمْ. يَسْعَى بِذِمَّتِهِمْ أَدْنَاهُمْ، وَيُجِيرُ عَلَيْهِمْ أَقْصَاهُمْ، وَهُمْ يَدٌ عَلَى مَنْ سِوَاهُمْ يَرُدُّ مُشِدُّهُمْ عَلَى مُضْعِفِهِمْ، وَمُتَسَرِّيهِمْ عَلَى قَاعِدِهِمْ…»
«Musulmonlarning qonlari o’zaro tengdir. Ulardan eng quyi darajadagisi bergan omonlik ham nufuzlidir, eng uzoqdagisining (kofir bilan) tuzgan bitimi ham nufuzlidir, ular o’zlaridan boshqalarga qarshi bitta qo’ldirlar. Ularning kuchlilari zaiflariga yordam beradi, sariyada jangga chiqqanlari (ya’ni bir qo’shin dushmanga qarshi jangga chiqib, ular turgan joyning yaqiniga o’rnashsa, so’ng qo’shindan bir qismi bo’linib dushmanga qarshi jang qilsa, ular) qo’shinning chiqmay qolganlari bilan g’animatni bo’lishadi…». Bu hadis roviysi Amr ibn Shuayb, u otasidan, otasi bobosidan qilgan rivoyatda zaiflik haqidagi mashhur gap-so’zlar bor. Shunga qaramay, uning hadisini ko’plab muhaddislar hujjat qilgan bo’lsalar, boshqalari rad qilganlar.
Yana bir misol: Doriqutniyda Hasandan, u Ubodadan, u Anas ibn Molikdan rivoyat bor: Nabiy S.A.V. bunday dedilar:
«مَا وُزِنَ مِثْلٌ بِمِثْلٍ إِذَا كَانَ نَوْعًا وَاحِدًا وَمَا كَيْلَ فَمِثْلُ ذَلِكَ، فَإِذَا اخْتَلَفَ النَّوْعَانِ فَلَا بَأْسَ بِهِ»
«Tortiladigan narsalar – agar bir turdan bo’lsa – tengma-teng (almashtiriladi), o’lchanadigan narsalar xuddi shunday. Endi agar turi har xil bo’lsa (tengma-teng bo’lmasa ham) zarari yo’q». Bu hadisning Rabi’ ibn Sabih bor. Kim sanadida Rabi’ ibn Sabih bo’lgan ushbu hadisni yo boshqasini dalil sifatida ishlatsa, shar’iy dalil bilan dalil keltirgan bo’laveradi.
Masalan: Imom Ahmad rivoyat qiladi, bizga Ibn Numayr aytdi, bizga Molik ibn Anas aytdi, menga Asvad ibn Sufyonning mavlosi Abdulloh ibn Yazid aytdi, u Abu Ayyoshdan, u Sa’d ibn Abu Vaqqosdan rivoyat qiladi: «Rosululloh S.A.V.dan yangi xurmoni quritilgan xurmo (tamr)ga almashtirish haqida so’ralganlarida:
«أَلَيْسَ يَنْقُصُ الرُّطَبُ إِذَا يَبِسَ»
«Xurmo quriganda ozaymaydimi», dedilar, «ozayadi», deyishdi, shunda ul zot buni «makruh ko’rdilar». Buni Abu Dovud quyidagi lafz bilan rivoyat qilgan: «Bizga Abdulloh ibn Maslama Molikdan, u Abdulloh ibn Yaziddan rivoyat qildi, unga Zayd Abu Ayyoshning xabar berishicha, Sa’d ibn Abu Vaqqos shunday dedi: men Rosululloh S.A.V.ning – ul zot quritilgan xurmoni yangi xurmo evaziga sotish haqida so’ralgan vaqtda – shunday deganlarini eshitdim:
«أَيَنْقُصُ الرُّطَبُ إِذَا يَبِسَ»
«Xurmo quriganda ozayadimi», «ha», deyishdi, shunda Rosululloh S.A.V. bundan qaytardilar».
Bu hadisni imom Termiziy sahih degan, bir jamoa muhaddislar illatli sanaganlar, masalan, Tahoviy, Tabariy, Ibn Hazm va Abdulhaq kabilar hadis sanadida Abu Ayyosh bor bo’lib, u noma’lum kishi, deganlar. «Talxis»da shunday deyilgan: bunga javob shuki Dorqutniy: «u (ya’ni Zayd Abu Ayyosh) ishonchli, sobit», degan. Munziriy aytadi: undan ikki ishonchli roviy rivoyat qilgan, Molik esa, zaif sanashda o’ta qattiq bo’lganiga qaramay, bu rivoyatga tayangan. Demak, biror kishi bu hadisni shar’iy dalil sifatida keltirsa yoki roviylari orasida Zayd Abu Ayyosh bo’lgan biror hadisni dalil qilgan bo’lsa, u shar’iy dalil keltirgan bo’ladi.
Shularga ko’ra, hukm istinbot qilishda boshqa rivoyatlarni qo’yib, bitta rivoyat orqali uni istinbot qilish yaramaydi hamda barcha jihatlarni ko’rib chiqmasdan faqat bitta jihat bilangina rivoyatni tajrih va ta’dil qilish durust emas.
5 – Endi, mazkur maqola sohibi bilmagan yo o’zini bilmagan qilib ko’rsatgan ayrim tomonlarni bahs-munozara qilaman:
U Tabariy rivoyatini sharhlashda diqqatni Abu Mixnafga qaratgan-u, biroq Abu Mixnafning sanaddagi sherigiga e’tibor bermagan, chunki Tabariyning rivoyatida bunday keladi:
«Menga Umar ibn Shabba aytdi, bizga Ali ibn Muhammad Vaki’dan, u A’mashdan, u Ibrohim va Muhammad ibn Abdulloh Ansoriydan, u Ibn Abu Arubadan, u Qatodadan u Shahr ibn Havshab va Abu Mixnafdan, u Yusuf ibn Yaziddan, u Abbos ibn Sahl va Muborak ibn Fazoladan, u Ubaydulloh ibn Umar va Yunus ibn Abu Ishoqdan, u Amr ibn Maymun Avdiydan rivoyat qildi: Umar ibn Xattob pichoqlangach… bunday dedi…» tugadi.
Demak, maqola egasi Abu Mixnafga diqqat qaratib, uni zaif dedi, uning rivoyatdagi sherigi Shahr ibn Havshabni tashlab ketdi, holbuki, Qatoda Abu Mixnafdan ham, Shahr ibn Havshabdan ham rivoyat qilgan bo’lib, ularning har ikkisi Abu Yusufdan rivoyat qilganlar, ammo maqola egasi faqat Abu Mixnafni zikr qilgan. Bunga sabab Shahr ibn Havshabni bir jamoa muhaddislar ishonchli sanaganlar:
Ijliy (vafoti 261h) o’zining «Siqot» kitobida: Shahr ibn Havshab – shomlik tobein bo’lib ishonchlidir, deydi.
Haysamiy (vafoti 807h) «Majmauz zavoid va manbaul favoid» kitobida bir necha o’rinda bunday deydi:
«Shahr ibn Havshab ishonchli deyilgan», «Shahr ibn Havshab haqida har xil fikrlar bor, biroq Ahmad, Ibn Ma’in, Abu Zur’a va Ya’qub ibn Shayba uni ishonchli deganlar», «Shahr ibn Havshab haqida ayrim gap-so’zlar bor va uni ko’pchilik ishonchli degan», «Shahr ibn Havshab haqida ayrim gap-so’zlar bor va uni bir jamoa ishonchli degan».
Ibn Shohin (vafoti 385h) o’zining «Tarixu asmois siqot» kitobida bunday deydi: «Yahyo: Shahr ibn Havshab – sobit, degan. Yana bir rivoyatda u shomlik bo’lib, ash’ariylarning eng obro’lilaridan va u ishonchli, deyilgan».
Shuning uchun Qatoda faqat Abu Mixnafning o’zidan emas, balki Abu Mixnaf va Shahr ibn Havshabdan rivoyat qildi. Biroq maqola egasi Shahr ibn Havshabga e’tibor qaratmagan, chunki uni bir necha muhaddis ishonchli sanagan.
Bu Tabariy rivoyatlari jihatidan.
Endi Ibn Sa’dning «Tabaqot»dagi rivoyatlaridan keltiramiz:
Maqola egasi «Tabaqot»dagi rivoyatlardan birini, ya’ni sanadida Sammok qatnashganini keltirdi va uning sanadi quyidagicha:
«Bizga Abdulloh ibn Bakr Sahmiy xabar berdi, bizga Xotim ibn Abu Sag’ira xabar berdi, u Sammokdan rivoyat qildi, Umar ibn Xattob o’lim yoqasiga kelgach, bunday dedi: «Agar xalifa qoldirsam – bu sunnat, agar qoldirmasam – bu ham sunnat, Rosululloh S.A.V. vafot etganlarida xalifa qoldirmadilar, Abu Bakr vafot etganda xalifa qoldirdi». Maqola sohibi Sammokni «to’g’ri so’z, ammo o’zgargan», deb sifatladi va u Umar bilan uchrashgan bo’lishi mumkin emas, dedi.
Lekin Ibn Hibbon (vafoti 354h) o’zining «Siqot» kitobida Sammok ibn Harb haqida quyidagilarni aytadi:
«Sammok ibn Harb Bakriy – Kufa ahlidan… Undan Savriy va Sho”ba rivoyat qilgan. Hammod ibn Salama aytadi: men Sammok ibn Harbning: men Nabiy S.A.V.ning sahobalaridan sakson nafarini ko’rdim, deganini eshitganman. U Hishom ibn Abdulmalik xalifaligi oxirlarida, Yusuf ibn Umar Iroq voliysi bo’lgan vaqtda vafot etgan. Uning to’liq ismi Sammok ibn Harb ibn Avs ibn Xolid ibn Nizor ibn Muoviya ibn Omir ibn Zahldir».
Ibn Shohinning «Tarixi asmois siqot» kitobida quyidagilar keladi:
«Sammok ibn Harb ishonchli. Bizga Abdulloh ibn Muhammad Bag’aviy aytdi, bizga Muhammad ibn G’iylon aytdi, bizga Mo”mal Hammod ibn Salamadan, u Sammok ibn Harbdan rivoyat qildi, Sammok aytdi: men Nabiy S.A.V.ning sahobalaridan sakson nafarini ko’rdim».
Bu – Sammok Nabiy S.A.V.ning sahobalaridan sakson nafarini ko’rganiga dalolat qiladi. Bu talaygina son bo’lib, u agar Umarni ko’rmagan taqdirda ham, Umardan naql qilgan sahobani ko’rgani aniq, sahobaning tushib qolishi esa sanadning sahihligiga zarar qilmaydi.
Shu bilan birga, Ibn Sa’d bu masalada Sammok qatnashmagan boshqa rivoyatlarni ham keltirgan, jumladan:
– «Bizga Ubaydulloh ibn Muso xabar berdi: bizga Isroil ibn Yunus Abu Ishoqdan, u Amr ibn Maymundan rivoyat qildi, men Umarni pichoq egan kuni ko’rdim… Keyin u: menga Ali, Usmon, Talha, Zubayr, Abdurahmon ibn Avf va Sa’dni chaqiring, dedi… Keyin: menga Suhaybni chaqiring, dedi. Suhayb chaqirilgach, unga dedi: odamlarga uch kun namozlarida imom bo’ling, anavi qavm bitta uyda o’zlari xoli qolsinlar, agar ular bir kishiga kelishsalar-u birortasi ularga muxolif bo’lsa, uni kallasini olinglar…».
«Asadul g’oba»da kelishicha, Amr ibn Maymun Avdiy Nabiy S.A.V. zamonlarida Islomga kirgan va yuz marta (ba’zi rivoyatlarda etmish marta) haj qilgan, Nabiy S.A.V.ga zakotini ado etgan… Shuning uchun u Umar ibn Xattob pichoq egan kuni shohidi bo’lgan.
– Bizga Muhammad ibn Umar xabar berdi, menga Muhammad ibn Muso Ishoq ibn Abdulloh ibn Abu Talhadan, u Anas ibn Molikdan rivoyat qildi: Umar ibn Xattob vafot etishidan bir soat oldin Abu Talha Ansoriyga odam jo’natib, unga bunday dedi: «Ey Abu Talha, qavmingizdan ellikta ansorni olib, anavi shuro ahlining oldiga boring, ular oralaridan bittasining uyiga to’plansalar kerak deb o’ylayman. Siz do’stlaringiz bilan o’sha uy eshigi oldida turing va hech kimni oldilariga kirishiga qo’ymang va ularni uchinchi kunni oralaridan birini amir qilmay o’tkazib yuborishlariga qo’ymang, Alloh haqqi, siz ularning ustidagi o’rinbosarimsiz».
– Bizga Muhammad ibn Umar xabar qildi, menga Muso ibn Ya’qub Abu Huvayrisdan rivoyat qilib aytdi: Umar o’z vasiyatida bunday dedi: «Agar vafot etsam, sizga Suhayb uch kun namozga imomlik qilsin, so’ng o’zaro kelishib, biringizga bay’at bering…».
Ochiq ko’rinib turibdiki, Ibn Sa’dning bir necha rivoyatlari mavjud, ammo maqola sohibi Sammok bor bo’lgan bitta rivoyatni topib, shubhaga mahkam yopishib olgan va boshqa rivoyatlarni tashlab ketgan. Bu uning haqni izlab topishni emas, balki haq ahli o’rtasiga chalkashlik kiritishni istashiga dalolat qiladi, lekin u bunga qaerdan ham erishsin!
Shuncha rivoyatlardan tashqari, yana boshqa rivoyatlar ham bor, ularni Ibn Shabba o’zining «Tarixi Madina» kitobida keltirgan, men bu erda undan uchta rivoyatni naql qilaman:
– Bizga Abu Bakr Ulaymiy aytdi, bizga Nazr ibn Shubayl aytdi, bizga Ibn Muborak aytdi, menga Ibn Affon oilasining mavlosi aytdi: Umar R.A. Suhaybni uch kun odamlarga namozda imom bo’lishga buyurdi va bunday dedi: «Uchinchi kun kelguncha orangizdan, ya’ni shuro ahli orasidan biringizga bay’at bermay qo’ymang, yana, Allohdan taqvo qiling, orangizni isloh eting, bo’lingmang, nizolashmang, Allohga, Rosuliga va amirga itoat qiling».
– Bizga Habbon ibn Bishr aytdi, bizga Yahyo ibn Odam aytdi, bizga Ibn Idris Talha ibn Yahyo ibn Talhadan, u Iso ibn Talha va Urva ibn Zubayrdan rivoyat qildi, u ikkisi aytdi: Umar R.A. pichoq egan vaqtda bunday dedi: «Sizga Suhayb uch kun namozga o’tsin va Talhani kuting, agar shu vaqt orasida kelsa yaxshi, aks holda, ishingizni ko’rib chiqing, chunki Muhammad S.A.V.ning Ummati uch kundan ortiq (boshqaruvsiz) bo’sh tashlab qo’yilmaydi».
– Bizga Muhammad aytdi, bizga Muso ibn Uqba aytdi, bizga Nofe aytdi, unga Abdulloh ibn Umar R.A.ning xabar qilishicha, Umar R.A. g’usl qilindi, kafanlandi va janoza o’qildi, u shahid bo’lgandi. Umar R.A. bunday degandi: «Agar vafot etsam, uch kun kuting va Suhayb odamlarga namozda imomlik qilib tursin, to’rtinchi kun kelguncha ustingizga bir amirni tayinlamay qo’ymang, Abdulloh ibn Umar maslahatchi sifatida hozir bo’ladi, unga boshqaruvdan hech narsa berilmaydi, Talha boshqaruvdagi sherigingizdir. Agar u shu uch kun ichida (xabar bilan) kelsa, ishingizni unga topshiring, agar u kelishidan oldin uch kun o’tib ketsa, ishingizni o’zingiz hal qiling (ya’ni o’zingiz bir kishini xalifa qilib saylang)…». Miqdod ibn Asvadga bunday dedi: «Agar meni qabrimga qo’ysangizlar, anavi jamoani oralaridan bir kishini tanlash uchun biror uyga to’plang». Suhaybga bunday dedi: «Odamlarga uch kun namozda imom bo’ling. Ali, Usmon, Zubayr, Sa’d, Abdurrahmon ibn Avf, Talhani – agar kelsa – kiriting, Abdulloh ibn Umarni hozirlang, unga boshqaruvdan hech narsa berilmaydi, siz ularning tepasida turing, agar beshtasi kelishib, bir kishiga rozi bo’lsalar-u, bittasi bosh tortsa, uni boshini yoring yoki boshiga qilich torting, agar to’rttasi ittifoq qilib, oralaridan bir kishiga rozi bo’lsalar-u, ikkitasi bosh tortsa, ikkalasining boshini oling, agar uchtasi oralaridan bir kishiga, yana uchtasi boshqa kishiga rozi bo’lsalar, u holda, Abdulloh ibn Umarni ularga qozi qiling, u qaysi guruhning foydasiga hukm qilsa o’shalar oralaridan bir kishini tanlasinlar, agar Abdulloh ibn Umarning hukmiga rozi bo’lmasalar, oralarida Abdurahmon ibn Avf bor guruh bilan birga bo’ling va qolganlarni – agar odamlar kelishgan narsadan yuz o’girishsa – qatl qiling»…
Keyin, uch kunni muddat qilish ushbu rivoyatlarda muxolifni o’ldirish aytilmagan holda qisqa kelgan. Masalan: «odamlarga uch kun namozda imom bo’lsin», «uchinchi kun kelguncha», «orangizdan biringizga bay’at bermaguningizcha uch kun o’tib ketmasin», «Suhayb sizlarga uch kun namozda imom bo’lsin», «ularni uchinchi kunni oralaridan birini amir qilmay o’tkazib yuborishlariga qo’ymang», «sizga Suhayb uch kun namozga imomlik qilsin, so’ng o’zaro kelishib, biringizga bay’at bering».. kabi. Muxolifni qatl qilish haqida mufassal aytilgan rivoyatlar ham bor: «… odamlarga uch kun namozlarida imom bo’ling… agar ular bir kishiga kelishsalar-u birortasi ularga muxolif bo’lsa, uni kallasini olinglar»… va hokazo.
Ya’ni uch kun muddat berilgani muxolifga qo’llanadigan ijroning tafsilotisiz qisqa kelgan, boshqa rivoyatlarda esa muxolifga ijro, ya’ni qatl qilish aytilgan. Shunday bo’lgach, mazkur maqola sohibi muxolifni qatl qilish haqidagi rivoyatlarga diqqatni qaratdi-yu, muxolif qatl qilish aytilmagan ammo uch kun muxlat berilish aytilgan rivoyatlarni tashlab ketdi? Uning maqsadi o’z fikrini tuyg’u bilan qabul qildirish uchun qatl mavzusiga alohida urg’u berish bo’lgan. Holbuki, Umarning butun xalqqa muxolifni qatl qilish haqida aytgan so’zlari uch kun g’oyatda ahamiyatli ekaniga dalolat qiladi.
Shularga ko’ra, aftidan, maqola sohibi ham, unga o’xshaganlar ham, uning sheriklari ham haqiqatni obdon tekshirishni maqsad qilishmagan, buning o’rniga haq ahlini chalg’itishni ko’zlashgan va o’zlarini shunday buyuk farzni ado etishdan qo’rqoqlik qilib, o’tirib olishganiga oqlovlar yasashni xohlashayotgan ko’rinadi. Vaholanki, bu farzni sahobalar Rosululloh S.A.V.ni dafn qilishdan ham muqaddam qo’yganlar.
Endi maqola sohibining: «Umar R.A. qanday qilib ulug’ sahobalarni qatl qilishga buyurishi mumkin? Qanday qilib Umar R.A. ularning Rosululloh S.A.V.ning sara sahobalari ekanlarini bila turib, shunday deyishi mumkin?», degan so’zlariga kelsak:
Shar’iy ahkomlar o’z dalillaridan olinadi, nafs-havodan ham, farazlardan ham olinmaydi.
Shunday qilib, kim biz keltirgan narsalarni tadabbur qilsa, aql va ongini ishlatsa, insha Alloh haqqa yo’l topa oladi. Kimni g’ururi gunohga etaklasa va maqolasini o’zi tushunishga sarkashlik qilib yozsa, unga javob ham foyda bermaydi, balki uning ishi Alloh Subhanahuga havola qilinadi, U to’g’ri yo’lga etaklovchi Ulug’, Oliy Zotdir.
Rivoyat sanadida noma’lum roviylar ham bor… Rivoyatda mudallis[1] roviylar ham bo’lib, ular an’ana siyg’asida[2] rivoyat qilishgan…
[1] Mudallis – bir roviy o’zining odatda hadis rivoyat qilgan ustozlarining biridan hadis rivoyat qiladi, lekin aynan bu hadisni undan eshitmagan, balki boshqa bir odamdan eshitgan, rivoyatda shu o’rtadagi odamni tushirib ketadi va hadisni ustozidan قال – dedi, عن – …dan, kabi eshitish ehtimol tutilgan so’zlar bilan rivoyat qiladi, lekin yolg’onchi bo’lib qolmaslik uchun bu hadisni ustozidan eshitganini ochiq aytmaydi, ya’ni حدثني – menga hadis aytib berdi yoki سمعت – eshitdim demaydi.
[2] An’ana siyg’asi – عن – …dan deb qilingan rivoyat.
Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Roshta