Bashar Asad Kreml tashabbusini qabul qilib qo’lidagi kimyoviy qurollarni xalqaro kuchlar nazoratiga topshirishga rozi bo’ldi. Bu haqida AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Jnevada uchrashib kelishib olganligini ma’lum qildi.
Biroq shunga qaramay Tomagavk raketalari bilan jihozlangan AQSh harbiy kemalari O’rta Yer dengizini hanuz tark etmagan. Harbiy-dengiz kuchlari vaziri Rey Mabusning aytishicha, kemalar u erga aniq bir missiya bilan safarbar etilgan va bu missiya o’zgargani yo’q. “Buyruq berilsa, mo’ljalga qaqshatqich zarba beramiz”, – deydi Rey Mabus.
Uning ta’kidlashicha, Oq uydan buyruq kelsa, Mudofaa vazirligi harbiy kemalar va uzoq masofaga uchadigan raketalar bilan cheklanib qolmaydi.
Ayni paytda AQSh rasmiylari arang ayoqda turgan Suriya rejimini o’ziga qarshi ko’plab kiberxurujlar uyushtirganlikda ayblamoqda. Yaqinda Harbiy-dengiz kuchlariga askar yollaydigan veb sahifaning ishdan chiqishiga Suriya aybdor deb topilgan. Shuning uchun rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, kibermudofaa tizimlari ham shay holatga keltirilgan.
AQSh kibermudofaa tizimlarini mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratganini ma’lum qilgan Pentagon so’zlovchisi Damien Pikart “Biror davlat yoki guruh onlayn rejimda AQSh manfaatlariga ziyon etkazmoqchi bo’lsa, bilsinki, AQSh hamlani qaytarib, ortig’i bilan javob berishga qodir”, – deydi dunyoga tahdid qilib.
Ayni paytda AQSh O’rta Yer va Qizil dengizlaridagi harbiy kemalari bilan o’z kuchini namoyish etmoqda. Uning arsenalida ko’rinmas qurollar ham borligi aytiladi.