Notovonlarga aylanib qolish eng zaif iymonning oqibatidir

384
0

 

Aslida davlat tomonidan sodir etilayotgan yoki boshqa har qanday turdagi munkar ishga nisbatan sukut saqlash mumkin emas, unga oid shar’iy hukm quyidagichadir: Rasululloh(s.a.v) shunday dedilar:

«Sizlardan kimki biror munkarni ko’rsa, uni qo’li bilan o’zgartirsin. Agar qo’li bilan o’zgartirishga qodir bo’lmasa, tili bilan o’zgartirsin. Unga ham qodir bo’lmasa qalbi bilan…, bu esa zaif iymondir».

Munkardan qaytarishdek vojib ish – hadisga diqqat bilan e’tibor berilsa – xoslanmadi, ya’ni barcha musulmonlar – erkagu ayol, yoshu qari zimmasiga yuklatildi. Til bilan munkarni qaytarishga erishilgani yo’q. Munkar hanuz davom etmoqda. Kimki ushbu munkarni til bilan qaytarish imkoniyatiga ega ekan, erkagu-ayol yoki yoshu-qari bo’lishidan qat’iy nazar unga bu ish vojibdir.

Izoh: Hadisdagi munkarni o’zgartirishning vojibligi qudratga bog’liq qilingan bo’lsa, u holda «… va bu eng zaif iymondir» degan jumlani qanday tushunamiz? Bunga muhaddis olim Aliyyul Qori rahmatullohi alayhi quyidagicha sharh beradi: «Hadisdagi «…va bu eng zaif iymondir»dan murod holatni inobatga olishdir. Qachonki musulmonlar o’zlari yashab turgan yurtda sodir etilayotgan munkar ishlarni ko’rsalar-u, uni na qo’llari va na tillari bilan o’zgartirishga qodir bo’lmasalar, balki o’sha munkarlar oldida ularni dillaridagina yomon ko’rib, sukut saqlaydigan holatga tushib qolsalar – mana bu eng zaif iymondir. Boshqacha qilib aytganda, musulmonlarning munkar ishlarga sukut saqlashdan nariga o’ta olmay ojiz va notovonlarga aylanib qolishlari eng zaif iymonning oqibatidir».

Qachonki musulmonlar shunday zaif iymoniy holatga tushib qolar ekanlar, sodir etilayotgan zulmga, xususan hokim tabaqaning zolimona tajovuzlariga sukut saqlar ekanlar, loaqal atrofidagi yaqinlarini amru-ma’ruf va nahiy-munkar qilishdan sukut saqlab qolar ekanlar, u holda ular Alloh Taoloning roziligiga erisha olmaydilar va bu dunyo xorligi hamda qiyomat azobiga giriftor bo’ladilar. Zotan, Rasululloh(s.a.v) Abu Mas’uddan rivoyat qilingan hadisda aytadilarki: «Bani Isroilga eng avvalo kirgan nuqson shu ediki, bir kishi boshqa kishiga yo’liqqan paytda: «Ey falonchi, Allohdan qo’rqqin va bu qilayotgan ishingni tashlagin, chunki bu narsani qilish sen uchun halol emas», der edi. So’ng ertasi kuni u bilan uchrashgan paytda uni yana o’sha holatda ko’rar edi. Lekin bu narsa u bilan birga eb-ichishdan, birga o’tirishdan qaytarmas edi. Bas, ular shunday qilishgach, Alloh ularning ba’zilarining qalblarini ba’zilari bilan urdi». So’ngra Rasululloh(s.a.v) ushbu oyatni tilovat qildilar:

 

„Bani Isroildan kofir bo’lgan kimsalar Dovud va Iso ibin Maryam tilida la’natlangandir. Ularning la’natlanishiga sabab qilgan isyonlari va tajovuzkor bo’lishganidir. Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari naqadar yomon ish! Ulardan ko’plari kofir bo’lgan kimsalarni do’st tutganlarini ko’rasiz. Ularga havoyi nafslari naqadar yomon narsani – Allohning g’azabini keltirdi. Endi ular abadiy azobda qoluvchidirlar. Agar Allohga, Payg’ambariga va unga nozil qilingan kitobga iymon keltirganlarida edi, ularni (kofirlarni) do’st tutmagan bo’lur edilar. Lekin ulardan ko’plari itoatsiz kimsalardir“. [5:78-81]

So’ngra shunday dedilar: «Yo’q, aslo, Allohga qasamki, sizlar albatta yaxshilikka buyurasizlar va yomonlikdan qaytarasizlar. Sizlar albatta zolimning qo’lidan ushlaysizlar va uni haqqa burilishga majbur qilasizlar va albatta uni haqqa mahkam bog’lab qo’yasizlar. Yoki albatta Alloh ba’zilaringizni ba’zilaringiz qalbi bilan uradi, so’ngra uni la’natlaganidek, sizlarni ham la’natlaydi».

Bundan tashqari, Abu Bakr Siddiq(r.a)dan rivoyat qilinadi. U kishi shunday deydilar:

«E insonlar, sizlar albatta ushbu oyatni o’qiysizlar:

 

„Ey mo’minlar, modomiki haq yo’lni tutgan ekansiz, o’zingizni gunohlardan saqlang! Adashgan kimsalar sizlarga zarar etkaza olmas“. [5:105]

Men Rasululloh(s.a.v)ning shunday deganlarini eshitganman: «Odamlar agar zolimni ko’rib turib, uni qo’lidan ushlab tiyib qo’ymasalar, Alloh ularning hammasini yoppasiga azoblashi yaqindir».

Ayollarini munkarni yo’q qilishga o’zlarini xissasini qo’shishdan, da’vat ishidan to’sish ham xuddi namoz va hijobdan qaytarish kabidir. U ham, bu ham vojibdan qaytarishdir. Ayollarining to’sayotganligining sababi balki ularni ayashdir. Aslida bunday bir solih amaldan to’sish ularni ayash bo’la oladimi?! Yo’q, aslo unday emas! Agar shunday bo’lganda edi, Rasuli Akram(s.a.v) iymoni tufayli azoblanayotgan Yosir oilasi oldiga kelib, hech bo’lmasa Sumayya(r.a)ga bir og’iz bo’lsa-da «Qaytdim», – deb qo’yishga ruxsat bermasmidilar? Yo’q, Rasululloh(s.a.v) unday qilmadilar. Aksincha, ularni sabrga, sabotga chaqirdilar va: «Ey Yosir oilasi, sabr qilinglar! Sizlarga shubhasiz, jannat va’da qilinayotir. Men sizlarga Alloh tarafidan hech bir foyda keltira olmayman», – dedilar. Shunda Ammorning onasi Sumayya(r.a): «Go’yoki men uni o’z ko’zlarim bilan ko’rayotgandayman, yo Rasulalloh», – dedi. Farz amalni bajarishdan to’sish rahmdillik bo’lganda edi, Rasululloh(s.a.v) shunday qilgan bo’lur edilar. Zotan, u kishi odamlarning eng rahmdili edilar. Hatto Alloh Taolo u kishining rahmdilligini o’z so’zlarida quyidagicha tasvirlaydi:

 

„(Ey insonlar), axir sizlarga o’zlarizdan bo’lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to’g’ri yo’lda ketishingizga) haris-tashna bo’lgan va barcha mo’minlarga marhamatli, mehribon bir payg’ambar keldiku?!“ [9:128]

Binobarin, ayollarni ularning zimmalaridagi vojibni ado etishdan to’sish ularga rahm-shafqat qilish emas. Aksincha, kimki o’z nafsidan kelib chiqib, bunday ishga jur’at qilar ekan, u hazar qilinishi lozim bo’lgan kimsaga aylanib qolishi hech gap emas!

Alloh Taolo aytadiki:

 

„Ey mo’minlar, albatta juftlaringiz va bolalaringizdan sizlar uchun dushman bo’lganlari bordir Bas, ulardan hazar qilinglar (ehtiyot bo’linglar)“. [64:14]

Bu oyat Makkadagi musulmonlarga Madinaga hijrat qilish vojib qilingan paytda Makka ahlidan bir guruh kishilar Islomni qabul qilib, Madinaga hijrat qilmoqchi bo’lganlarida, ularning dinsiz xotin va bola-chaqalari bundan to’sib: «Islomga kirganingizda sabr qildik, ammo bizlarni tashlab hijrat qilib ketishingizga chiday olmaymiz» – degan gaplariga quloq solib, hijratdan to’xtab qolganlarga ko’rsatma o’laroq nozil bo’lgan edi. Mufassirlar: «Bu faqat ayol va bola-chaqalarga xos emas, balki erlar ham – agar ular ayollarini biror vojibdan to’sadigan bo’lsalar – aynan shu holatga tushadilar va ulardan hazar qilinishi lozim bo’lgan kimsalarga aylanadilar», – deganlar. Alloh Taolo aytadi:

 

“Ey mo’minlar, sizlar o’zlaringizni va axli-oilalaringizni o’tini odamlar va toshlar bo’lgan do’zaxdan saqlangizki, u (do’zax) ustida qattiqdil va qattiqqo’l, Alloh o’zlariga buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat o’zlariga buyurilgan narsani qiladigan farishtalar turur”. [66:6]

Muttaqiy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.