Sudanda hokimiyat uchun kurashning avj olishi

435
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Sudanda hokimiyat uchun kurashning avj olishi

Ustoz Yoqub Ibrohim (Abu Ibrohim) – Xartum

Sudan armiyasi Bosh shtabi oldida namoyishlar davom etishi barobarida, siyosiy maydonda ham hokimiyat uchun kurash, tortishuv va janjallar hanuz avj olmoqda. Mustaqil kengash tuzish masalasida oʻtish davri Harbiy Kengashi bilan Ozodlik va Oʻzgarish Deklaratsiyasi kuchlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklarga barham berish uchun partiyaviy boʻlmagan milliy vositachi qoʻmita ularga oʻz taklifi bilan chiqdi. Qoʻmita taklifida 7 nafar fuqaro va 3 nafar harbiydan tashkil topgan mustaqil kengash tuzish aytilgan. Kengashga oʻtish davri Harbiy Kengashi raislik qiladi, uning biri harbiy va ikkinchisi fuqaroviy ikki oʻrinbosari boʻladi. (Arabiy Jadid, Onadoʻli, 2019 yil 3 may). Biroq bu taklif rad etildi: “Sudan oʻtish davri Harbiy Kengashi aʼzosining maʼlum qilishicha, hokimiyatni taqsimlash boʻyicha muvaqqat kengashda aksari fuqarolar boʻlishiga Harbiy Kengash aslo rozi boʻlmaydi. Chunki bu “qizil chiziq” hisoblanadi”. (Skay-Nьyus, 2019 yil 4 may). Bundan oldin – Onadoʻli axborot agentligining 2019 yil 30 mart kungi xabariga koʻra – Harbiy Kengash 7 nafar harbiy va 3 nafar fuqarodan tashkil topgan kengash tuzish haqida eʼlon chiqargan, ammo Ozodlik va Oʻzgarish Deklaratsiyasi kuchlari bunga rozi boʻlmagan edi. Ayni damda Ozodlik va Oʻzgarish Deklaratsiyasi kuchlari mustaqil kengash 15 nafar harbiy, 8 nafar fuqarodan tashkil topishi kerak, degan taklifni mahkam ushlab olgan. Oʻrtamchi qoʻmita bu taklifni qabul qiladimi-yoʻqmi, bundan qatʼiy nazar, shunisi aniqki, Sudandagi kurash oʻrnida aylanaveradigan gʻildirakka oʻxshab qoldi… bir tomon taklif qiladi, ikkinchi tomon uni rad etadi, bir tomon taklif qiladi, ikkinchi tomon uni rad etadi… va hokazo.

Sudan ahli buning uchun qoʻzgʻalgani yoʻq edi. Yaʼni Inqoz rejimini agʻdarib, aksari harbiy va fuqaroviy yoki aksincha suratdagi mustaqil kengash tuzish uchun qoʻzgʻolon qilmadi. Chunki kiritilayotgan takliflar bilan Sudan ahli talablari oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Bu ahlimiz adolatli va insofli farovon hayotni qidirib koʻchaga chiqdilar. Yurt boyliklarini oʻzlashtirish bilan yurtni ham, xalqni ham qashshoq qilgan kimsalarni talab qilib emas, balki Alloh ato etgan yurt boyliklarining toʻgʻri taqsimlanishini talab qilib chiqdilar. Umar Bashir kapitalistik tuzumni tatbiq qilib, Xalqaro Valyuta Fondi bilan Jahon Banki koʻrsatmalariga rozi boʻlgani uchun hamda Amerika rejalarini, ayniqsa, yurt janubini boʻlish rejasini ijro etib,… Janubni boʻlish oqibatida davlat neft mahsulotlaridan tushuvchi ulkan daromadidan (yaʼni neft mahsulotlaridan 80 %ini xorijdan oladigan boʻldi) mahrum boʻlgani uchun Sudan ahli mana shunday ahvolga tushib qoldi…. Odamlar turmush darajasi keskin pastlab, Atbarada birinchi qoʻzgʻolon uchquni yoqildi, keyin pichanga tushgan olovdek, qoʻzgʻolon butun Sudan boʻylab tutashib, alanga olib, rejimning ketishini talab qildi.

Harbiy Kengash Ozodlik kuchlarini Armiya Bosh shtabi oldidagi namoyishchilarni Kengashga qarshi gijgijlayotganlikda hamda prezidentlik saroyi va Bosh shtabga bostirib kirishga chaqirayotganlikda aybladi. Oʻz navbatida, Ozodlik kuchlari ham Kengashga hokimiyatni fuqarolik hukumatiga topshirishga jiddiy harakat qilmayotganlik, hokimiyatni oʻziniki qilib olishga urinayotganlik, shu orqali Umar Bashir rejimidagi ahvolni qayta takrorlayotganlik kabi ayblovlarni qoʻydi.

Ha, bu Ozodlik va Oʻzgarish Deklaratsiyasi kuchlari ham, uning ortidagi Britaniya ham Harbiy Kengashning Amerikaga tobe ekanini biladi. Chunki Amerika siyosati har qanday aqlli kishiga sir emas. Amerika armiyadagi odamlariga tayanyapti va ulardan vaziyatni kuch bilan boʻlsa ham nazorat ostiga olishni talab qilyapti, oʻzining Sudandagi nufuzi mustahkamlanishi uchun hatto ularga bosim qilyapti. Shuning uchun oʻtish davri Harbiy Kengashining hokimiyatga mahkam tirmashayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Bir jihatdan, u muxolafat kuchlari va namoyishchilarga ochiqdan-ochiq tahdid qilish va qarshilik koʻrsatish uslubini qoʻllayapti, ularga xavfsizlik bilan bogʻliq boshboshdoqlikka duchor boʻlishlarini maʼlum qilyapti. Boshqa jihatdan esa, Xavfsizlik Kengashi namoyishchilar bilan muzokaraga kirishishga qattiq harakat qilayotganini va Bosh shtab oldidagi namoyishni kuch bilan tarqatishni istamayotganini taʼkidlayapti. Keyin general mayor Burhon chiqib, fuqarolik hukumati tuzmoqchiligini, ammo bu armiya rahbarligi ostida boʻlajagini maʼlum qildi.

Amerika siyosati boʻyicha, u fuqarolik boshqaruvini agʻdarib oʻzining armiyadagi malaylarini qayta tiklab olishga muvaffaq boʻlguniga qadar fuqarolik boshqaruviga rozi boʻlib turadi. Keyin esa, bu malaylarini ham aro yoʻlga tashlab ketaveradi. Bu mustamlakachi davlat oʻz rejasi amalga oshishiga ishonch hosil qilish uchun malaylariga – shu jumladan, Afrika Ittifoqiga – bu ishga aralashishi kerakligini uqtirdi. Bu Ittifoq Sudan armiyasining hokimiyatdan ketmaganidan va oʻtish davri hukumatini fuqrolarga topshirish uchun 60 kun belgilanganidan taassuf bildirdi hamda bu muddatni fuqarolarga hokimiyatni topshirishi uchun Sudan Harbiy Kengashiga berilgan soʻnggi muddat ekanini taʼkidladi. Shunday qilib, bu yerda til biriktiruv va vaqtni choʻzish ketayotgani yaqqol koʻrinib turibdi. Maqsad – Amerika majburan tushib qolgan botqoqdan chiqib olishi uchun vaziyatni tartiblashtirib olsin maqsadida Harbiy Kengashni hokimiyatda koʻproq vaqt ushlab turishdir.

Buning muqobilida Britaniya bu amerikaparast Harbiy Kengashning uzoq vaqt turishiga albatta rozi emas. Bilʼaks, aslida bunday Kengashning hokimiyatda boʻlishini istamaydi. Misol uchun, ilk dafʼadayoq, yaʼni 2019 yil 12 aprelda inqilob eʼlon qilinganidan soʻng Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant “zudlik bilan keng qamrovli va barchadan vakil boʻlgan fuqaroviy rahbariyatga oʻtish”ni talab qildi. Oʻzining Tvitter yozishmalarida “Harbiy Kengashning ikki yil boshqaruvda qolishi yechim emas” ekanini qoʻshimcha qildi. (Xolij onlayn). Britaniyaning Sudandagi elchisi Arafot Sodiq ham oʻzining Tvitterdagi sahifasida Sudan oʻtish davri Harbiy Kengashi oʻrinbosari Muhammad Hamdon bilan uchrashuvi tafsilotlari haqida yozdi va jumladan bunday dedi: “Men bugun Sudan oʻtish davri Harbiy Kengashi oʻrinbosari bilan uchrashdim. Uni qoʻllab-quvvatlash uchun yoki unga qonuniylik berish uchun uchrashmadim, balki Sudandagi vaziyat yaxshilanishi yoʻlida qabul qilmoqchi boʻlayotgan Britaniya rejalarini taʼkidlash uchun uchrashdim”. (Sudan-Nьyus, 2019 yil 15 aprel). Britaniyaning Xartumdagi elchisi mavjud beqarorlik hukmron boʻlib qolayotgani va Harbiy Kengashning hokimiyatni fuqarolarga topshirmayotgani sababli Sudan qoʻzgʻoloni erishgan yutuqlarning vayron boʻlishi mumkinligidan ogohlantirdi. Britaniyaning pozitsiyasi oʻttiz yillik muvaffaqiyatsiz boshqaruvdan soʻng keng qamrovli davlat qurish va oʻzgarish imkoniyatidan foydalanishga asoslanganini maʼlum qildi. Elchi namoyish boʻlayotgan maydonni ziyorat qilib, Sudan qoʻzgʻolonining bagʻoyat tartib intizomliligidan, tibbiy markazlar tashkil qilingani-yu, ajoyib plakatlar yozilganidan hayratda ekanini bildirdi va namoyishga “davlat ichkarisidagi davlat”, deya baho berdi. Gʻalaba tuygʻusi bilan “bularga guvoh boʻlish, men uchun buyuk sharaf”, dedi hamda “biroq bularning barchasi xavf ostida, chunki voqeda siyosiy beqarorlik hukmron boʻlib, bu narsa shu kungacha qoʻlga kiritilgan yutuqlarni vayron qilish xavfini tugʻdirmoqda”, dedi. (Sudan Yavm, 2019 yil 1 may. Intiboha gazetasiga tayandi). Yana u “biz Harbiy Kengash, norozilik namoyishlari yetakchilari, siyosiy partiya yetakchilari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan bagʻrikenglik va oʻrtacha yechim haqida suhbatlashdik”, dedi. (Sudan Post, 2019 yil 1 may). Xususan, Sudan Mehnatkashlar Assotsiatsiyasi va Sodiq Mahdiy yetakchiligidagi Hizbul Ummatga Britaniyaning taʼsiri kuchli. Biroq mudom armiyada Amerika odamlari amaliy hukmronlik qilar ekanlar, Britaniya malaylari taʼsiri – hatto hukumatga kirishgan taqdirda ham – chekli boʻlib qolaveradi.

Ammo achchiq-alamlisi shundaki, voqeda amerikaparast Harbiy Kengash zoʻravonlik qilar ekan, angliyaparast Ozodlik va Oʻzgarish Deklaratsiyasi kuchlari esa, zaif fuqarolik hukumatiga daʼvat qilar ekan, bu kuchlarni yanchib, yoʻq qilib tashlash armiya uchun qiyin emas, xuddi oʻtgan asr oxirlarida Sodiq Mahdiy hukumatini qilgani kabi. Shuningdek, Harbiy Kengash Amerikaga tobelikda davom etar ekan, ayni harbiy muassasadagi qoʻmondonlar uchun jiddiy xavf mavjud boʻlib qolaveradi. Chunki, Amerika ularni ishlatib, kuchlari tugab qolgan paytda danak kabi tuflab tashlaydi. Biz ularni Alloh Subhanahu va Taoloni rozi qilish oʻrniga, Amerikani rozi qilish ustida bellashishayotganiga, Alloh Azza va Jalla ahkomlarini uloqtirib tashlashganiga guvoh boʻlyapmiz. Toʻgʻri, bu harbiy  muassasada Alloh va Uning diniga yordam berishsa, Alloh ham ularga nusrat-yordam beradigan, oxiratda ulkan darajalarga koʻtaradigan rostgoʻy xolis harbiylar mavjudligini bilamiz. Shuning uchun ham, bu rostgoʻy harbiylarni roshid Xalifalik loyihasiga yordam berishga chaqiramiz. Gʻarbdan import qilingan fuqarolik hukumati va boshqa jarangdor daʼvo sohiblariga aytar soʻzimiz shuki, bunday yoʻnalishlarini oʻzgartirsinlar va eng yaxshi narsani, yaʼni Alloh va Rosuli rozi boʻladigan narsani talab qilsinlar hamda Paygʻambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlati barpo etilishiga chaqirsinlar. Zero, mana shu davlat bilangina bu dunyo-yu oxirat baxtiga erishadilar. Bas, Sudandagi barcha tomonlar, agar aqliraso boʻlsalar, es-hushlarini yigʻib olarmikinlar?!

Roya gazetasining 2019 yil 8 may chorshanba kungi 233-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.