Kerri: Asad ketadi, ammo hozir ketishi shart emas

515
0

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Suriya masalasini hal qilishga aloqador kutilmagan bayonot bilan chiqdi. Shu paytgacha Suriyaning kelajagi Asadsiz davom etishi haqida tinimsiz bayonot berib kelgan Kerri bugunga kelib, uning hozircha iqtidorda qolishini ma’qul ko’rishini bildirdi.

“Asad iqtidordan ketish kerak. Ammo uning ketishi birinchi kundan yoki birinchi oydan e’tiboran amalga oshishi shart emas”, dedi Kerri Asadning ketishi haqida berilgan savolga javoban.

Angliyaning poytaxti Londonda siyosiy masalalar bo’yicha muzokaralar o’tkazgan Kerri ingliz hamkasbi Flipp Hammond bilan uchrashdi. Kerri uchrashuv ortidan bayonot berar ekan, muzokara chog’ida Suriya masalasi ham muhokama qilinganligini alohida qayd etdi.

“Suriyada uzoq davom etib kelayotgan janglarni tugatish uchun barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishni aslo kechiktirib bo’lmaydi. Bu borada Hammond bilan famfikrmiz”, dedi AQSh bosh kotibi.

Yevropadagi qochqinlar muammosi Suriyada kechayotgan urushning oqibatlaridan biri ekanligini aytib o’tgan Kerri “Rossiya IShIDga qarshi anchagina kurash olib borishi kerakka o’xshaydi”, deya qo’shimcha qildi.

Kerri Suriyada siyosiy echim topish muhim ekanligiga urg’u berar ekan, ta’sir kuchiga ega davlatlar bu ish uchun yordam qo’lini cho’zishligiga umid bildirdi.

Kerrining ta’kidlashicha, agar Rossiya Asadni muzokaraga rozi qilsa AQSh u bilan muzokara o’tkazishga tayyordir.

“Muzokara olib borishimiz zarur. Umid qilamizki, Rossiya, Eron va ta’sir kuchiga ega bo’lgan boshqa davlatlar birlashib, bunga yordam berishadi. Chunki Suriya inqirozini hal qilishga to’siq bo’layotgan narsa mana shu”, dedi u.

Asad bilan muzokara stoliga o’tirishga tayyor ekanligini yana bir takrorlagan AQSh davlat kotibi “Asad rostdan ham muzokara olib borishga tayyormi? Rossiya Asadni muzokaraga olib kela oladimi?”, degan savolni o’rtaga qo’ydi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.