Joriy yilning 2-3 mart kunlari Bishkek shahrida Qirg’iziston Strategik tadqiqotlar milliy instituti va Milliy xavfsizlik davlat qo’mitasining terrorizmga qarshi kurash markazi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda zo’ravon ekstremizm va diniy radikalashuvga qarshi kurashda hukumat organlari va ilmiy-tadqiqot institutlari say-harakatlarini birlashtirish” nomi ostida forum uyushtirgan va bu forumda Markaziy Osiyoda joylashgan barcha respublikalar kuch organlari vakillari ishtirok etishgan va ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda kuch organlari hamda ilmiy institutlar hamkorligini kuchaytirishga kelishib olishgan edi.
Oradan bir hafta o’tib, 11 mart kuni yana Bishkek shahrida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga bag’ishlangan Markaziy Osiyo ulamolari forumi tashkillashtirilib unda O’zbekiston, Qozog’iston va Qirg’iziston davlatlaridan diniy ulamo vakillari ishtirok etgan edi.
Endi esa navbat Ichki ishlar vazirligi xodimlariga keldi. Qirg’iziston IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, 26 mart kuni Bishkek shahrida bo’lib o’tadigan ekstremizmga qarshi kurash bo’yicha navbatdagi xalqaro forumda Markaziy Osiyo respublikalari Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirok etishadi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur forumni o’tkazishdan maqsad – Markaziy Osiyo respublikalari ichki ishlar organlari (militsiya)ning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik va muloqotlarini kuchaytirishdan iborat.
Mazkur xalqaro forum Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarmasining 10- bo’limi tomonidan Search for Common Ground nodavlat tashkiloti (NPO) va Bishkekdagi Buyuk Britaniya elchixonasi ko’magida tashkillashtirilmoqda. Forumda Qirg’iziston, Qozog’iston va Tojikiston IIV terrorizmga qarshi kurash bo’limi rahbarlari va ekspertlari ishtirok etishadi.
Turkiston:
AQSh tomonidan paydo qilingan va imkon qadar vahimali qilib ko’rsatishlikka harakat qilinayotgan “IShID” tahdidi ko’pchilik davlat rahbarlari, xususan, Markaziy Osiyoda davru-davron surib kelayotgan mustabid rejimlarning tinchini o’g’irlab qo’ydi. Amerika hukumati chizgan chiziqdan bir qarich ham chetga chiqishga qodir bo’lmagan Afg’oniston hukumati ham o’z hududida “IShID” paydo bo’lgani va alaqachon o’rnashib, o’zi uchun baza barpo etgani va hujumga tayyorgarlik ko’rayotgani haqida tinimsiz ayuhannos solib, yo’q vahimani yanada bo’rttirib ko’rsatishga o’z hissasini qo’shib kelmoqda. AQSh bu vahimalar ortidan Afg’onistonda qolish muddatini muddatsiz ortga surish va unga qo’shni bo’lgan respublikalar bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy shartnomalar tuzish orqali o’z ta’sir ko’lamini kengaytirishda foydalanib qolishga qaratgan.
O’z navbatida Rossiya hukumati ham bu vahimadan mintaqada o’zining harbiy ishtirokni yanada kuchaytirib olish yo’lida foydalanib qolmoqchi. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Bosh kotibi Nikolay Bordyuja 17 mart kuni Moskvada qozog’istonlik jurnalistlar bilan bo’lgan uchrashuvda, “Tolibon” va “IShID”ni Markaziy Osiyoga suqilib kirish istagi borligi haqida ma’lumotlar kelayotganini aytib, O’zbekiston va Turkmanistonni bu tashkilot bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotganidan noligan bo’lsada, 24 mart kuni “Xronika Turkmenistana” nashri Turkmanistonning Afg’oniston bilan chegarasida O’zbekiston chegara naryadi va Rossiya harbiy mutaxassislari paydo bo’lgan haqida xabar qildi. Bundan bir kun oldin esa, Rossiya Tojikistonda joylashgan harbiy bazasiga 100ga yaqin BTR-82A rusumidagi bronetransportyorlarni olib kelishi ma’lum bo’ldi.
Markaziy Osiyo mustabidlari esa bu vahimadan o’z rejimlarini mustaxkamlash, Islom va musulmonlarga qarshi zulmlarini yanada kuchaytish yo’lida foydalanib qolishga initilishmoqda. Rossiya va qo’shni respublikalar tomonidan Markaziy Osiyodagi eng zaif va islomiylashish darajasi o’ta yuqori bo’lgan, deb e’tirof etilayotgan Qirg’iziston hukumati ham yuqoridagi forumlarga mezbonlik qilish orqali o’zini ular bilan bir kemada ekanligini isbotlashga urinmoqda.