“Gazprom” ham gaz muammosini hal qila olmayapti

445
0

3AA84582-9CDC-4889-BB58-C8A437A0AB68_w974_n_s O’zbekiston Qirg’izistonning janubiy mintaqalariga tabiiy gaz etkazib berishni to’xtatib qo’yganligiga qariyib bir oy bo’ldi. Qirg’iz hukumatining bildirishicha, rasmiy Toshkent bu haqida shu kungacha hech qanday izoh bermay kelmoqda.

Ba’zi tahlilchilar Qirg’izistonga berilayotgan gazning to’xtatib qo’yilishi ortida juda katta siyosiy o’yin ketayotganligini taxmin qilishmoqda.

 Gaz masalasini tartibga solish bo’yicha so’zlashuvlarni “Qirg’izgaz”ning yangi xo’jayini hisoblangan “Gazprom” olib borishi ma’lum qilingan edi. Ammo hukumat etakchisi Joomart Oturbaev NTS kanaliga bergan intervyusida bu masalani hal qilishga “Gazprom”ning ham tishi o’tmayotganligini bildirdi.

“Men shaxsan o’zim O’zbekiston hukumatiga gaz berishni davom ettirishni so’rab maktub yubordim, javob yo’q. “Qirg’izgaz”ni “Gazprom” olgandan keyin, demak u gaz etkazib berishga javobgar bo’lishi kerak. Lekin mening bilishimcha, shunday kuch-qudratga ega “Gazprom” ham bu masalani hal qilishni eplay olmayapti. Boshqacha aytganda, ularning ham bu masalada ta’siri bo’lmayapti”, dedi Oturbaev.

Ba’zilar bu borada “Gazprom”ni emas, “Qirg’izgaz” etakchiligi va Qirg’iz hukumatini ayblash siyosatini yurgizmoqda. Kreml yo’nalishidagi iqtisodiy ko’zqarashga ega Jumaqodir Akaneev hukumat bunday vaziyatning oldini olishi kerak edi, degan fikrda.

“Bu erda “Qirg’izgaz” etakchiligi va hukumat tarafidan katta kamchilikka yo’l qo’yilgan. Chunki ular O’zbekiston bilan tuzilgan bitimni yana cho’zishlari kerak edi. Gaz tarmog’ini “Gazprom”ga o’tkazib berish bir, ikki oy vaqt olishi mumkinligini oldindan bilishi kerak edi. Ya’ni ular “Gazprom” huquqiy tarafdan bitimga qo’l qo’ygan bo’lsa ham, gaz mahsulotini to’liq o’ziga o’tkazib olish jihati cho’zilib ketishini hisobga olishi kerak edi”, deydi Akanaev.

Jokorgu Keneshda energetika bo’yicha tuzilgan qo’mitaning rahbari Kojobek Rspaev “Qirg’izgaz” bo’yicha bitim tuzish paytida gaz to’xtamaydi deb kafillik berilganligini urg’uladi.

“Biz mana shu kelishimni tuzayotganda uni bizga taqdim qilgan etakchilar gaz to’xtamaydi, degan kafolat borligini aytishgan edi. Biroq natijasi boshqacha bo’lmoqda. Demak mana shu kelishimni parlamentga taqdim qilgan hukumat a’zolari va “Qirg’izgaz”ning etakchisi javob berishi lozim”, dedi Rspaev.

Ayni paytda energetika ministri Osmonbek Artikbaev “Qirg’izgaz”ni sotish bo’yicha tuzilgan bitimda gaz uzilib qolmaslik kafolatini “Gazprom” o’z bo’yniga olganligini ta’kidladi.

“Gaz masalasi bo’yicha bitimda “Gazprom”ning vazifalari yozib qo’yilgan. Kelishuvga ko’ra, bu shirkat gazning uzilib qolishiga yo’l qo’ymasligi kerak edi. Hozir gazning masalasini yo’lga solish bo’yicha uch taraflama so’zlashuvlar olib borilmoqda”, dedi Artikbaev.

Rossiyaning “Gazprom” shirkati O’zbekistonda ikkita gaz konini ishlatadi. “Qirg’izgaz”ni sotib olish bo’yicha tuzilgan bitimda “Gazprom” “O’zbektaransgaz”dan olgan gazni Qirg’izistonning janubiy mintaqasiga berishi kerak edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.