Tezkor-qidiruv faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda…mi?

663
0

images (3)

O’zbekiston prezidenti Karimov 2012 yil 25 dekabr kuni imzolagan hamda 12 oydan so’ng kuchga kirishi mo’ljallangan “Tezkor-qidiruv faoliyati to’g’risida”gi qonun 2013 yil 25 dekabrdan kuchga kirdi.

Kuchga kirgan yangi qonunda, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari xavfsizligini ta’minlash sohaning asosiy vazifasi etib belgilangani iddao qilinadi. Jinoyatlarning oldini olish, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid solayotgan shaxslar, hodisalar, harakatlar yoki harakatsizliklar haqida axborot to’plash ham mazkur qonun jumlasiga kiradi.

Tezkor-qidiruv faoliyatining asosiy printsiplari – qonuniylik, inson huquq va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, oshkora va nooshkora usullar uyg’unligidan iboratligi ta’kidlanadi.

Qonunning 10-moddasiga binoan tezkor-qidiruv faoliyatini O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining, Milliy xavfsizlik xizmatining, Davlat bojxona qo’mitasining, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining organlari amalga oshiradi, deb belgilab qo’yilgan.

Yozishmalar, telefon orqali so’zlashuvlar va boshqa so’zlashuvlar, pochta jo’natmalari, telegraf xabarlari hamda aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan xabarlar sir saqlanishi huquqini, shuningdek, uy-joy daxlsizligi huquqini cheklovchi tezkor-qidiruv tadbirlari o’tkazilishiga prokuror sanktsiyasi orqali yo’l qo’yiladi.

Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning fuqarolar hayoti, sog’lig’i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda qonuniy manfaatlarini xavf ostiga qo’yadigan, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar (harakatsizlik) sodir etishi qonun asosida taqiqlanadi.

Bu me’yor O’zbekistonda inson huquqlari ustuvorligi, uning oliy qadriyat sifatida e’zozlanishi alohida belgilab o’tildi.

Turkiston: Karimov boshchiligidagi O’zbekiston hukumati yana bir qog’ozda qoluvchi yangi “demokratik” qonunni qabul qildi. Bu qonunlar halqaro hamjamiyatni ko’zini bo’yash uchungina qabul qilinadi.

Bunday qonunlarni qabul qilinishi bilan O’zbekistonni AQSh bilan iliqlashib borayotgan munosabatlarida Amerika uni dastaklashi va qo’llab-quvvatlashi uchun, xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar “inson huquqlariga rioya qilmaydigan diktator bilan aloqa qilyapti” deb kaltak qilmasligi uchungina qabul qilinadi xolos.

Hayotda esa bu qonunlar hech qachon tatbiq etilmay qolaveradi. Bugungi kundagi O’zbekiston voqeligi shu vaqtga qadar qabul qilingan barcha “demokratik” qonunlarni birortasi ham ijro etilmayotganiga ochiq dalildir.

O’zbekistonda minglab diniy va siyosiy o’zgacha fikrlovchi insonlarni turli xil ayblovlar bilan uzoq muddatga qamashlik va belgilangan muddatlari tugagandan so’ng ham ozodlikka chiqarish o’rniga, ” qamoqxona ichki tartibini buzganlik” aybi bilan yangi muddatlar qo’shib berishlik, yuzlab musulmonlarni tergov mobaynida va ozodlikdan mahrum etilgandan so’ng ham turli xil g’ayriinsoniy qiynoqlar ostida o’ldirishlik, qo’shni o’lkalarga bir burda non topish ilinjida chiqib ketganlarni doimiy qo’rquv ostida ushlab turishlik uchun u yoqlarda ishlab kelganlarni turli xil tuhmatlar bilan qamashlik yoki ularga qarshi jinoiy ish qo’zg’ab, qidiruv e’lon qilishlik, Rossiya, Qozog’iston va boshqa davlatlarda qochuvda bo’lganlarga nisbatan suyiqasd uyushtirish yoki noqonuniy o’g’irlab kelishliklar ham bu qabul qilingan qonunlar qanchalik tatbiq etilayotganligini ko’rsatib turibdi.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.