E’tibor, maktab formasiga qaratilish kerakmi yoki ta’limgami?

812
0

So’nggi vaqtlarda Qirg’izistonda ta’lim vazirligi tomonidan maktablarda yagona maktab formasini joriy etish masalasi qizg’in baxs-munozaralarga sabab bo’lmoqda. Qirg’iziston ta’lim vazirligi maktabga o’quvchilarni yagona formada kelishini talab qilib, yangi o’quv yiliga tenderda g’olib bo’lgan formani joriy etish masalasini ko’tarib chiqdi va bu maqsadda ota-onalardan majburiy pul yig’ilmoqda. Pul bermagan o’quvchilar davlat imtixonlariga qo’yilmayapti. Bundan tashqari maktab ta’miri uchun pul, qo’riqchi uchun pul… va hokazo shu kabi turli yig’di-yig’dilar shu darajada ko’payib ketdiki, farzandi maktabda ta’lim olayotgan ota-onalar nazdida maktab bamisoli pul yig’uvchi xayriya fondiga o’xshab qoldi.

Davlat televideniyalari orqali esa tinimsiz yoshlarni Suriyaga ketayotgani haqida ayyuhannos solinayotgan bo’lsada, yoshlarni bu yo’lga qadam qo’yishiga nima majbur qilayotgani va buni bartaraf etish uchun nimalar qilish zarurligi, muammoni echimlari haqida to’xtalib ham o’tilmaydi. Huquq-tartibot xodimlari esa ko’cha-ko’yda yosh yigitlarni ushlab, uyali telefonlarini noqonuniy tarzda tekshirib, biror bahona bilan yigitlardan va ularning oila az’olaridan yirik miqdordagi pul talab qilib, tahdid va qo’rqitish orqali pul undirishmoqda.

O’quv muassasalarida esa, yoshlarga qanday qilib kengroq ilm berish, tarixda bo’lgani kabi, bizning farzandlarimizdan yana qayta ulug’ allomalar etishib chiqishi uchun nimalar qilish haqida bosh qotirish o’rniga maktab formasi, remont uchun pul yig’ish haqida fikrlashmoqda. Xullas o’qituvchining vazifasi ziyo tarqatish o’rniga pul yig’ish bo’lib qoldi. Rasmiy hukumat esa yoshlarni radikallashib ketishida aybni bir “IShID”ga, bir qarasa Hizbga yuklab kelmoqda. Yoshlar ustida ishlayotgan guruhlar esa yoshlarning kiyimga emas, balki ongiga e’tibor qaratishmoqda.

Hukumat tomonidan olib borilayotgan bunday siyosat qanday oqibatlarga olib kelishi haqida hech kim bosh qotirmay qo’ydi. Bu ketishda Qirg’iziston kelajagi formasi chiroyli, ammo boshi bo’m-bo’sh amaldorlar qo’lida qoladi. Chunki, insonni kiyim-bosh emas, aksincha uni o’zi hosil qilgan tushuncha boshqaradi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.