Xalqaro Inqiroz guruhining Bishkekdagi tadqiqotchisi Diedre Taynenning Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, keyingi paytlarda Markaziy Osiyoda tashqi kuchlar haqidagi afsonalar urchib ketgan.
“Amalda esa hozirgi muammolar mintaqadagi davlatlarning o’zlari tomonidan yaratilgan. Ehtimol, Karimov yaqinda tojik xavfsizlik kuchlari O’zbekiston Islomiy Harakatiga qarshi olib borgan amaliyotni nazarda tutayotgandir. Ammo So’x atrofidagi hozirgi muammo tashqaridagi emas, balki janob Karimovning shundoqqina burnining ostidagi muammodir”, – deydi tahlilchi.
Bryusselda joylashgan tadqiqot markazi vakiliga ko’ra, So’x atrofidagi so’nggi voqealar Farg’ona vodiysining O’zbekiston qismi hamda Qirg’iziston janubidagi umumiy tanglikni kuchaytirgan.
“Bu tanglik Farg’ona vodiysida faqat mahalliy emas, balki O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi xalqaro ziddiyatni keltirib chiqarish salohiyatiga ega. Shuning uchun har ikki davlat rahbariyati muammoni jiddiy qabul qilib, uni echish uchun qat’iy harakatlarni qilishlari juda muhim”, – deydi u.
Diedre Taynenning aytishicha, chegalar demarkatsiyasini tezlashtirish bu tanglikni yumshatishga yordam berishi mumkin.
“Jarayonni oldinga siljitish uchun qirg’iz va o’zbek tomonlari birinchi navbatda Farg’ona vodiysida milliy va chegara masalalarining murakkab masalalar ekanini tan olishlari hamda muammolarni mahalliy darajada echish yo’llarini qidirishlari kerak bo’ladi. So’x anklavi O’zbekistonning bir qismi bo’lishi bilan birga, u erda asosan etnik tojiklar yashashini yoddan chiqarmasligimiz kerak”, – deydi tahlilchi.