Qumtordagi neokolonizatorlik

509
0

Qumtordagi neokolonizatorlik

 Bosh vazir Muhammadkaliy Abilgaziyev hukumat va “Centerra Gold Inc.” kompaniyasi oʻrtasida Strategik shartnoma kuchga kirganini maʼlum qildi.

 Uning aytishicha, “Qumtor”ning YaIMdagi ulushi 9%ga yaqin. 2019-yilning birinchi yarim yilligida “Qumtor” 9,37 tonna oltin qazib olgan. Maʼlumki, yuqoridagi hujjat 2017-yilning 11-sentyabrida avvalgi hukumat rahbari Sapar Isakov davrida imzolangan. Bitimga muvofiq 2016-yilga qadar Qirgʻizistonga umumiy miqdori 87 mln. dollar mablagʻ kelib tushishi kerak boʻlgan. Yangi bitimda ham deyarli hech narsa oʻzgargamagan, faqat aytilgan mablagʻ 150 mln. dollarga oshirilgani aytildi.

 Quyida “Qumtor” boʻyicha tuzilgan asosiy bitimlarga toʻxtalib oʻtamiz:

 Qumtor koni 1978-yili ochilgan, 1980-1990-yillari tadqiqot ishlari olib borilib, geologik xaritasi tuzilgan. 1991-yili Chingiz Aytmatov taklifi bilan asli litvalik Kanada fuqarosi Boris Birshteyn prezident Akayevning maslaxatchisi boʻlib tayinlandi. Uning “Siabeko” nomli firmasi vositachiligida Qumtorni ishlatish kanadalik “Kameko” kompaniyasiga berildi. Kanada tomoni bilan muzokaralarni hukumat rahbari Nasridin Isanov olib borgan edi. Biroq, Isanov bilan Birshteyn oʻtirgan mashina halokatga uchrab, hukumat rahbari halok boʻldi. Birshteyn bilan xaydovchisi boʻlsa yengi jarohatlanib omon qolishdi. Bu sirli oʻlim xali ham jumboqligi boʻyicha qolmoqda. Shundan soʻng hukumat rahbari boʻlgan Tursinbek Chingishev 1992-yil 3-dekabrda “Kameko” bilan Bosh bitimga imzo chekdi. Natijada “Qumtor gold kompani” hissadaorlik jamiyati tuzildi. Uning aktsiyalarining uchdan bir qismi “Kameko” kompaniyasiga, uchdan ikki qismi esa Qirgʻiziston hukumatiga tegishli edi.

 Qirgʻiziston bilan kanadaliklar 1993-yili Qumtor dastlabki bitimga erishgan vaqtda Direktorlar kengashida Qirgʻiziston vakillar raislik qildi. Biroq, investorlar konni ishlatuvchi “Qumtor Opereyting Kompani”ni tashkil etib, Direktorlar kengashida raislik qilgan qirgʻizistonliklar unga hech qanday taʼsir oʻtkaza olmay qoldi. 1994-yili kon qazish ishlarini texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi. Loyihada 276 mln. dollar sarflangan boʻlishiga qaramay, ish davomida 452 mln. dollar sarflandi deb, kanadaliklar 175 mln. dollardan ziyod mablagʻni oʻzlashtirib yuborishdi. Qoʻshma korxona qurishga 175 mln. dollar oshiqcha mablagʻ ketgani toʻgʻrisida mojaro chiqqanida “Kameko” ham, uning qirgʻizistonlik “advokatlari” ham pulni qayoqqa ketganini aniqlab bera olishmadi. Hammasidan qizigʻi, fabrika qurishga sarflandi deyilgan bu mablagʻ xorijiy bankdan 452 million AQSh dollari miqdorida foizli kredit sifatida olingan. Kreditni esa “Kameko” kompaniyasi bizning Qumtor konini garovga qoʻyib olgan. Keyin Qirgʻizistondan 1 tonna 800 kilogramm oltinni “kredit olish uchun garovga qoʻyiladi” degan bahona bilan Birshteynning shaxsiy samolyotida olib chiqib ketilib, shu boʻyicha tayinsiz yoʻqolgan. Oʻsha vaqtdagi “Kыrgыzaltыn” rahbarining aytishicha, mazkur oltin “torozi yoʻqligi sababli” tahminan oʻlchab berilgan. Yuqoridagi 452 mln. dollar qarz keyinchalik foizi bilan 650 mln. dollar qilib qaytarildi. Biroq, bu qarz kondan qazib olingan oltin hisobidan qaytarilgan boʻlsa-da fabrikadagi texnikalar Qirgʻiziston egaligiga oʻtmay qoldi. Bu boʻyicha quyida yana toʻxtalamiz. 

 Yana bir jihati, bu kreditdan tashqari tadqiqot va rivojlantirish ishlari uchun 45 mln. dollar sarflangan. Qirgʻizistonning Qumtordagi ulushi 3\2 boʻlgani sababli bu sarf-harajatlarning ham 3\2 qismi, yaʼni 30 mln. dollar qirgʻiz tomoni gardaniga ilindi. Yuqoridagi qarzlar ado qilingunga qadar kanadaliklar loyihada belgilangan 14 tonnadan oshiqcha, yiliga 24-25 tonnadan oltin qazib olib, soliqsiz imtiyozli yillardan foydalanib qolishgan. Shunday qilib, Qumtor koni ish boshlagandan to 2003-yilga qadar Qirgʻiziston foyda koʻrmadi. Loyihaga koʻra, respublikaga kondan olingan sof foyda hisobidan 400 million dollar tushishi kerak edi. Biroq, soʻnggi besh yarim yil orasida Qumtordan Qirgʻizistonga faqatgina 56 million dollar mablagʻ tushdi. Tushgan bu mablagʻning aksari soliq hisobidan edi. Devidend hisobidan esa “Kameko” Qirgʻizistonga 6 mln. dollargina taqdim qildi xolos.

 2002-yili “Kameko” Qirgʻizistonga “Qumtor”ni restrukturizatsiyalashni taklif qilgan. Bu oʻrinda “restrukturizatsiya” atamasi bilan silliq qilib Qumtordagi Qirgʻiziston ulushini sotib olish nazarda tutilgan. “Kameko” bu borada “Qumtor bilan Mongoliya, AQShda qazilayotgan boshqa oltin konlarini birlashtirish orqali bir kompaniya tashkil etib, qimmatbaho qogʻozlar bozoriga chiqamiz” degan bahonani oʻylab topdi. Aslida restrukturizatsiyadan koʻzlangan maqsad “Qumtor”dan Qirgʻizistonga tushuvchi foyda va korxonani Qirgʻizistonga oʻtib ketishini oldini olish boʻlgan. Vaholangki, 2007-yil 10-mayda “Qumtor” Qirgʻiziston egaligiga toʻliq oʻtishi kerak edi. Biroq, Kanada mustamlakachilari bunga yetmay turib “Qumtor”ni “restrukturizatsiya” qildi. Bunda qirgʻiz hukumati oʻziga tegishli oddiy aktsiyalarni oʻtkazib bersa, “Kameko” buning oʻrniga maxsus aktsiyalar berishi belgilangan. “Afzal aktsiya” degani bu – daromad boʻlsa olasan, boʻlmasa olmaysan, boshqaruvga esa aralashmaysan, degan gap. Daromadni esa boshqaruvchilar belgilaydi. 2003-yili hukumat rahbari Nikolay Tanayev va “Kameko”dagi direktorlar kengashi aʼzosi, prezidentning oʻgʻli Aydar Akayev “Qumtor” bitimini qayta koʻrib chiqishga rozilik berishgan. Shuningdek, parlament qarshiligiga qaramay Tanayev hukumat qarori bilan Kanadaning “Kameko” korporatsiyasi “Senterra gold” nomli kompaniya tashkil etishdi. Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq, yangi kompaniyaga 716 tonna oltin zahirasi bor Qumtor koni Mongoliyaning 43 tonna oltin zahirasiga ega “Boroo” va tahminan 50 tonnacha oltini bor “Gatsuurt” konlari hamda Amerikaning Nevada shtatidagi 30 tonnacha oltin zahirasi boʻlgan “Ren” konlari kirdi. Aslida “Tsenterra gold ink” kompaniyasi tashkil etilganda Qirgʻiz hukumati 69 foiz ulushga ega boʻlishi kerak edi. Sababi Qumtordagi oltin zahirasi yuqorida nomlari aytilgan boshqa konlarni qoʻshganda ham 6 barobar koʻpdir. Shunday boʻlishiga qaramay, Qirgʻiziston 32 foizgina ulushga ega boʻlib qoldi. Qolgan 68 foiz ulush kanadaliklarga oʻtib ketdi. Bundan ham yomoni, bu vaqtda Qumtordan har yili 14-18 tonna oltin qazib olindi. Xorijdagi konlar esa endigina tadqiq qilinayotgan edi. 2004-yilda hukumat “Tsenterra”dagi 30% oddiy aktsiyalarning 16%ni 85 million dollarga sotib yubordi. Shu orqali Qirgʻizistonning “Tsenterra”dagi ulushi 17%ga tushib qoldi. 2009-yili Igor Chudinov hukumat rahbari boʻlib turgan vaqtda Qumtor oltin konini qazish boʻyicha yangi bitimlar imzolandi. Bu safar ham Qirgʻiziston uchun faqat foyda boʻlishi aytildi. Masalan, Qirgʻizistonning oltin konidagi 16 foiz aktsiyasi 33 foizga yetkaziladigan boʻldi. Ishlab chiqarilgan maxsulotning 18 foizi ham gʻaznaga kelib tushadigan boʻldi. Biroq, 2009-yilgi bitimning zararli jihatlari keyinchalik, 2010-yilgi toʻntarishlardan soʻng ayon boʻldi. Masalan, 2003-yilgi bitimda kompaniyaga qoʻshimcha 200 tonna oltin qazib olishga ruxsat berilgan. Bu oltinlar qazib olinishi uchun qoʻshimcha 26 ming gektar yer berilgan. Yerlarning 16 ming gektari “Sari-Chat – Eer-Tash” davlat qoʻriqxonasi hududida joylashgan. 2010-yildagi toʻntarishlardan soʻng yana qayta Qumtor masalasi qoʻzgʻalib, uni milliylashtirish masalasi jiddiy koʻtarildi. 2012-yili hukumat qarori bilan yuqoridagi bitimlar bekor qilindi. Bu masalani xal qilishga bel bogʻlagan bir nechta hukumat almashdi.

 Sapar Isakov davriga kelib Qirgʻizistonning ulushi 29%, Tsenterraniki esa 71% qilib belgilangan yangi bitim tuzildi. Isakov erishgan natija – atrof-muhitni himoya qilish fondi tashkil etilib, Tsenterra unga 50 million dollar ajratishi boʻldi. Bundan tashqari, Tsenterra bunga qadar yiliga 310 ming dollar berib kelgan boʻlsa, bundan buyon har yili 2,7 million dollar beradigan boʻldi. Aslida, 2012-yili davlat komissiyasi “Qumtor” ish boshlagandan beri ekologiyaga 7 mlrd. somlik ziyon yetkizganini aniqlagan. Bu masala boʻyicha ish ham mahalliy, ham xalqaro sudlarda koʻrib chiqilayotgan edi. Biroq, Sapar Isakov hukumati rasmiy tarzda “hukumatning Qumtorga daʼvosi yoʻq” deb bitimga yozib qoʻydi. Bundan tashqari, chet elliklarni mamlakatga kirib-chiqishi ham erkin boʻlishiga kafillik berildi. Abilgaziyevning oxirgi bitimida ham bu talablar saqlab qolindi. Hatto, 2009-yili berilgan 26 ming gektar yerni Qumtorga qaytarib berishga rozilik berilgani oshkor boʻlib ketdi. Bundan boshqa xiyonatlar ham albatta yaqin vaqtlarda oshkor boʻlishi aniq boʻlib qoldi.

 Shuni taʼkidlab oʻtish lozimki, 2019-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, kondagi oltin zahirasi 140 tonnagacha deb tahmin qilinmoda. Shu vaqtga qadar 345 tonna sof oltin tashib ketildi. Qazish ishlari boshlangan yillari hududda 716 tonna oltin, 388 tonna kumush, 54 885 tonna volьfram zahirasi borligi aniqlangan. Biroq, bitim faqat oltin uchun tuzilib, qolgan minerallar bepul tashib ketilmoqda. Xulosa qilib aytganda, Qumtor koni ishlay boshlagandan beri faqat chet ellik kompaniya foyda koʻrib keldi. Undan qolgan yuqlarini boʻlsa vositachi boʻlgan mahalliy amaldorlar boʻlishib olishdi. Oddiy xalqqa boʻlsa mamlakat “Tsenterra”ni eng yirik soliq toʻlovchi kompaniya sifatida koʻrsatib koʻzboʻyamachilik qilmoqda. Bundan farqli oʻlaroq, shu vaqtga qadar xalqning qoʻliga mazkur oltin konidan hech qanday ulush tegmadi. Chunki, bugun biz yashayotgan kapitalistik tuzum faqat shu kapitalistlarning manfaatlarinigina himoya qilib, ularga dunyoning qaysi yerida boʻlmasin shart-sharoit tuzib berish uchun qurilgan. Oddiy xalqqa esa ularning arzon ishchi kuchi sifatida qaraladi. Aslida Islomiy eʼtibordan qaralganda qazilma boyliklar xalqniki boʻlib, undan tushgan foyda xalqning qoʻliga toʻgʻridan-toʻgʻri kelib turishi shart. Shuningdek, umumiy mulkka davlat ham, xorijiy kompaniyalar ham, yakka shaxs ham egalik qilishi mumkin emas.

 Mumtoz Movaraunnaxriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.