Yevropa Markaziy Osiyoga qadam tashladi

4
0

Yevropa Markaziy Osiyoga qadam tashladi

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti doirasida Yevropa Ittifoqining yetakchilari Markaziy Osiyo davlatlarining rahbarlari bilan uchrashdi. Markaziy Osiyoga kirib kelish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan tashkil etilgan mazkur uchrashuv joriy asrda tashkil etilgan eng oliy darajadagi birinchi uchrashuv hisoblanadi.

Yevropa Ukraina urushi tufayli Rossiya tashqi siyosatning qanchalik darajada inqirozga tushib qolganini yaxshi biladi. Ukrainada uch yildan beri davom etib kelayotgan urushda Rossiya ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmadi. G‘arb sanksiyalaridan og‘ir ahvolga tushib qolgan Rossiya iqtisodiyotini xalqaro izolyatsiya yanada zaiflashtirdi. Bu siyosiy vaziyat Rossiya ta’siri ostidagi ba’zi hududlarda bo‘shliq hosil qilishi tabiiy. Markaziy Osiyo odatda Rossiyaning ta’siri ostidagi hudud sifatida tanilgan mintaqadir.

Tabiiy resurslarga boy mintaqani, xususan, Kaspiy bo‘yi mamlakatlarini qo‘lga kiritishdan faqat Yevropa manfaatdor emas. Buning uchun Xitoy bilan AQSH ham raqobatlashmoqda. AQSH Turkiya va Turkiy Davlatlar Tashkiloti (OTT) orqali Markaziy Osiyoni Rossiyadan ajratib olishga harakat qilmoqda. Yevropa esa bu sammitda hal qiluvchi qadamni tashladi. Yevropa Ittifoqining vakillari Markaziy Osiyo rahbarlarini barcha xalqaro shartnomalarga sodiqligini bildiruvchi deklaratsiyani imzolashga ko‘ndirdi, aniqrog‘i: Markaziy Osiyo davlatlarining rahbarlari Ukrainaning hududiy yaxlitligini so‘zsiz tan oldi. Biroq, Kiprning Turkiyaga tegishli qismini bevosita tan olmasligini ko‘rsatdi. Bu esa, Yevropaning Turkiyaga, ya’ni AQSHning Markaziy Osiyodagi siyosatini olib borayotgan asosiy davlatga zarba berayotganini anglatadi.

Shuningdek, sammitda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga to‘liq kirib kelish uchun milliardlab kreditlar bilan uning yetakchilarini o‘ziga jalb qildi. Biroq, AQSH ham, Yevropa ham boshqa xalqlarni har tomonlama bosib olishga odatlanib qolishgan. Ular Markaziy Osiyodagi birgina davlatni emas, butun mintaqani mustamlaka qilish haqida o‘ylashmoqda. Shu bois sammit “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” deb nomlandi. Boshqacha aytganda, Yevropa Markaziy Osiyo mintaqasini to‘liq qamrab olish uchun sammit shunday deb nomlandi. Agar ularning maqsadlari amalga oshsa, bu mamlakatlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularga mintaqani to‘liq qamrab olish va boshqa xalqaro ishlarda foydalanish uchun rollar beriladi.

Bektursun Azik

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.