Lukashenko: Bizga bunday ittifoqning nima keragi bor?

635
0

Lukashenko: Bizga bunday ittifoqning nima keragi bor?

 17 noyabrda Belarusda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko saylov uchastkasida ovoz bergach, Rossiya bilan birlashish istiqbollariga baho berdi.

 Lukashenko Rossiya bilan har yillik savdo defitsiti 9 mlrd dollarni tashkil qilishini va Belarus mahsulotlarining Rossiya bozorlariga qo‘yilmasligi bu defitsitni kamaytirishga yordam bermasligini aytib o‘tdi.

 “Sen biror birlashmaga kirayotganingda, bundan har oy va yil tobora yaxshiroq bo‘lishini kutasan. Bizda-chi, nima sodir bo‘lmoqda? Bizga har yil yangi shartlar qo‘yilmoqda. Natijada biz iqtisodiyotda nimadir yo‘qotganimiz-yo‘qotgan”, – dedi davlat rahbari.

 “Bizga bunday ittifoqning nima keragi bor? Men sizlarga oddiy, dehqonchasiga aytmoqdaman!”, – deb qo‘shimcha qildi Lukashenko.

 Lukashenko Belarus Rossiyadan hech narsa so‘ramasligi, biroq xo‘jalik sub’ektlari uchun teng sharoitlarni talab qilayotganini aytgan.

 Izoh: “Yaxshi narsa reklamaga muhtoj emas” degan gap bor. Agar EOII sof iqtisodiy ittifoq bo‘lib, uning ortida biror davlat (Rossiya)ning siyosiy manfaatlari bo‘lmay, tashkilotda barcha teng huquqli va har bir davlat tashkilotga a’zolikdan birdek manfaatdor bo‘lganida – tashkilot imkoniyatlarini maqtab ko‘rsatish, a’zo bo‘lishga majburlash uchun bosim o‘tkazishga hojat qolmas edi.

 O‘z vaqtida Rossiya bosimi ostida Qirg‘izistonni EOIIga olib kirgan Atambaev oradan ikki yil o‘tmay bu tashkilotdan umid qilib bo‘lmasligini aytgan edi.

“Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi oxirgi voqealar biz EOIIdan juda ko‘p narsani umid qilib yuborganimizni ko‘rsatdi… Lekin agar bu faqat bir kishining, hattoki u buyuk bo‘lganida ham uninggina xohishiga bog‘liq bo‘ladigan bo‘lsa, unda ittifoq ishonchli bo‘lmaydi”,- degan edi Atambaev.

 Ammo bu tashkilotdan faqat Rossiya manfaat ko‘rmoqda. 2019 yilning yanvar-fevral oylari mobaynida e’lon qilingan hisobotda ittifoqqa a’zo mamlakatlardan faqat Rossiyaning savdo balansi ijobiy bo‘lgan. Rossiya hisobot davrida 11.2 mlrd. dollarlik ijobiy salьdo ko‘rsatgan. Bunda eksport hajmi 24.4 mlrd. dollar bo‘lsa, import 13.2 mlrd. dollarni tashkil qilgan.

 Ayni shu vaqt davomida Qozog‘iston EOIIning boshqa a’zolariga 4 mlrd. dollarlik mahsulot eksport qilgan, ulardan esa deyarli 9.3 mlrd. dollarlik tovar va xizmatlar import qilgan. Tashqi savdo manfiy salьdosi 5.3 mlrd. dollarga teng bo‘lgan. Qirg‘izistonniki esa – 925 mln. dollar (eksport – 391,6 mln. dollar, import – 1.3 mlrd. dollar), Armaniston – 513.6 mln. dollar (eksport – 465.4 mln. dollar, import – 979 mln. dollar).

 Ma’lumki, Rossiya O‘zbekistonni ham tashkilotga olib kirish maqsadida unga bosim o‘tkazishni boshlab yubordi. Hozircha Qirg‘iziston hukumati orqali O‘zbekistondan kelayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga cheklov kirita boshlagan bo‘lsa, ertaga o‘zbek hukumatining eng og‘riqli nuqtasi Rossiyadagi millionlagan mehnat muhojirlari orqali bosim o‘tkazishni boshlaydi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.