Qirg‘izistonda boy va kambag‘al o‘rtasidagi tafovut uch yil ichida ikki baravar ortdi

19
0

Qirg‘izistonda boy va kambag‘al o‘rtasidagi tafovut uch yil ichida ikki baravar ortdi

Uch yil avval Qirg‘izistonda xalqning eng boy qatlami kambag‘allarga qaraganda 5 barobar ko‘p daromad olgan. Hozirda bu farq 10 barobardan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Bayonotda aytilishicha, 2023 yilda eng ko‘p daromad olgan 20% tabaqa qolgan xalq daromadining deyarli yarmini (48%) qo‘lga kiritgan. Eng kambag‘al tabaqa esa daromadning atigi 4,6 foizini olgan. 2020 yilda eng boy tabaqa eng kambag‘al tabaqadan 5,9 barobar ko‘p daromad olgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu farq ortib, 2023 yilda 10,5 barobarga yetdi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda xalqning 25,3 foizi kambag‘al deb topilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 29,8 foizga yetgan.

Oddiy xalq qashshoqlikda kun kechirayotgan bir paytda rasmiy hukumat soliq va to‘lov turlarini ko‘paytirib, xalqning yukini yanada og‘irlashtirmoqda. Ayni paytda hukumatning eng yuqori pog‘onasidagi amaldorlar korrupsion yo‘llar orqali milliardlab somlik daromadlarni qo‘lga kiritmoqda. Kuni kecha soliqchilarning budjetdan 30 milliard somdan ortiq mablag‘ni o‘margani bunga yorqin misol bo‘la oladi. Ushbu voqeadan so‘ng Soliq xizmatining rahbari va uning o‘rinbosari hibsga olindi.

Aytib o‘tish lozimki, bunday hodisalar nafaqat Qirg‘izistonga, balki kapitalizm hukm surayotgan dunyoning har bir yerida mavjuddir. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya davrida milliarderlarning boyligi 3,9 trillion dollarga oshgan, qolgan xalqning daromadlari esa 3,7 trillion dollarga kamaygan.

Bunga muqobil ravishda, Islomda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farqni kamaytiradigan iqtisodiy siyosat mavjud. Shuningdek Islom kapitalizmda bo‘lgani kabi budjetni to‘ldirish uchun soliq siyosatiga tayanmaydi. Balki Islom boylikni bir joyga jamlamaslikni va uning jamiyatning barcha tabaqalari o‘rtasida taqsimlanishini ta’minlashni maqsad qiladi. Buning uchun Islomda quyidagi mexanizmlar amalga oshiriladi:

Zakot va sadaqa:

Zakot – bu boylarning yillik daromadidan bir qismini (2,5%) kambag‘al va muhtojlarga ajratiladigan mablag‘dir. Bu mexanizm jamiyatning eng zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlaydi va boylikning bir hovuch odamlar qo‘lida to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Zero, zakot faqat Qur’onda tilga olingan 8 toifa kishilarga beriladi. Bunday bevosita yordam berish ijtimoiy tenglik muhitini paydo qiladi. Alloh Taolo aytadi:

إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنْ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ

“Albatta, sadaqalar (ya’ni, zakotlar) Alloh tomonidan farz bo‘lgan holda, faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (Islomga) oshna qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni, jihodga ketayotganlarga) hamda yo‘lovchi musofirlarga berilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir”. (Tavba: 60).

Qarzlarni yengillatish:

Islom qarzdan kechish yoki uni qaytarishda imtiyozlar berish orqali muhtojlarning ahvolini yengillashtiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdan kechishni eng yaxshi amal deb o‘rgatganlar. Bugungi kunda ushbu tamoyilni qo‘llash moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan fuqarolarga yordam berishning samarali usuli hisoblanadi.

Monopoliya va adolatsiz savdoga qarshi kurash:

Islom monopoliya va nohaq qimmatchiliklarni taqiqlashni talab qiladi. Savdogarlar va tadbirkorlar nafaqat pul to‘plash, balki o‘z mehnati bilan jamiyatga foyda keltirishga intilishi kerak. Ushbu tamoyil davlat darajasida amalga oshiriladi va daromadlarni adolatli taqsimlashga yordam beradi.

Adolatli ish haqi va imkoniyatlar:

Islom har bir fuqaroga munosib ishga joylashib, yetarli maosh olish imkoniyatini yaratib beradi. Ish bilan ta’minlash dasturlari orqali kambag‘allarning turmush sharoitini yaxshilash mumkin. Bundan tashqari, davlat kambag‘allarga ta’lim va kasb-hunar o‘rgatish kurslarini tashkil qilish orqali pul topishga sharoit tuzib berishga qodir.

Boylarning jamiyat oldidagi mas’uliyati:

Islomda boylar nafaqat o‘z manfaatlarini ko‘zlashi, balki jamiyat hayotini yaxshilash uchun javobgar bo‘lishi kerak. Ular ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish, faqirlarga yordam berish va infratuzilmani rivojlantirish orqali xalqning turmush sharoitini yaxshilashi mumkin.

Islomda davlat budjeti (Baytulmol) daromadiga kelsak, u quyidagilardan iborat:

O‘lja – musulmonlar kofirlarga qarshi jangda qo‘lga kiritgan boyliklar, pullar, qurollar va hokazo.
Fay – musulmonlar kofirlarga qarshi urushsiz, to‘g‘rirog‘i, harbiy harakatlarsiz qo‘lga kiritgan boyliklar.
Xiroj – musulmonlar kofirlardan olishlari kerak bo‘lgan to‘lovdir. Jihod yoki kelishuv bilan qo‘lga kiritilgan hududdagi kofirlarning dehqonchilik yerlaridan xiroj olinadi.
Jizya – Islom davlatiga bo‘ysungan hududlardan olinadigan to‘lovdir. Buning evaziga musulmonlar bu mintaqa xavfsizligi va tinch hayot uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga oladilar. Jizya balog‘atga yetgan erkaklardan yiliga bir martagina olinadi.
Jamoat mulkining daromadlari – bu Alloh Taolo butun xalqqa mulk qilib bergan, undan foydalanishni muboh qilgan va shaxslarning unga egalik qilishini man etgan mulk turidir. Suv manbalari, yaylovlar, ko‘llar, daryolar, neft, gaz, ko‘mir, oltin konlari va boshqalar kabi. Bu turdagi mulkdan olingan barcha daromad musulmonlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Davlat mulki va uning daromadlari. Bo‘sh joylar, binolar kabi. Hukumat ushbu mulkni sotish yoki ijaraga berish orqali daromad olishi mumkin.
Bojxona to‘lovi. Bu mamlakat chegarasidan tovar olib o‘tuvchi g‘ayrimusulmon savdogarlardan olinadi. Uning miqdori o‘sha g‘ayrimusulmonning davlati musulmon savdogarlardan oladigan miqdorga teng bo‘ladi.
Davlat rahbari va mansabdor shaxslarning noqonuniy mulklari. Voliylar, hokimlar va barcha davlat amaldorlari o‘z mansabidan foydalanib qo‘lga kiritgan boyliklar shu toifaga kiradi. Ular xizmat vaqtida davlat tomonidan beriladigan maoshdan tashqari daromadga ega bo‘lishi mumkin emas.
Jarimalar – qonunlarni buzgan tomonlarga davlat tomonidan beriladigan moliyaviy jazo.
Xumus – yer osti boyliklari, oltin, kumush, qimmatbaho toshlar kabi topilmalarning 5/1 qismi Baytulmolga topshiriladi. Ushbu turdagi mulk xumus deb ataladi.
Merosxo‘ri bo‘lmagan shaxsning mulki ham Baytulmolga o‘tadi.
Murtadlarning mulki. Murtad bo‘lgan kishi, uch kun ichida tavba qilmasa, o‘zi qatl qilinadi, mol-mulki Baytulmolga topshiriladi.

Bu daromadlar ummat manfaatlarini ta’minlashga yetarli bo‘lgani uchun Islomda xalqdan doimiy ravishda soliq olinmaydi. Favqulodda vaziyat yuzaga kelib, zarurat tug‘ilsa, o‘sha ehtiyoj darajasida musulmonlardan ixtiyoriy tarzda mablag‘ yig‘iladi. Agar bu mablag‘ ham ehtiyojni qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, boylardan soliq olinishi mumkin. Bu esa boy bo‘lishni taqiqlash emas, aksincha, ijtimoiy tengsizlik va zararni bartaraf etish hisoblanadi. Islom nazarida “boy” so‘zi o‘zining asosiy va kamoliy ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan kishilar uchun ishlatiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

خَيْرُ الصَّدَقَةِ مَا كَانَ عَنْ ظَهْرِ غِنًى

“Sadaqaning eng yaxshisi o‘z ehtiyojidan ortganidir”.

Bu daromad manbalari orqali “Islom davlati” o‘tmishda yer yuzidagi eng osuda hayot kechirgan davlat bo‘lgan. Bunday siyosat bilan hozirda xalq mulkiga egalik qilib, xalqning yelkasiga og‘ir yuklar yuklayotgan kapitalistlarning zulmiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu tamoyillarni hayotga tatbiq etish uchun qirg‘iz xalqi va butun Islom Ummati Islomga asoslangan tuzumga o‘tishi zarur. Islom davlatida o‘z haqqini to‘liq olgan faqir bir yil o‘tmay zakot beradigan darajaga yetadi! Bunga tarix guvoh. Islomning iqtisodiy asoslari Qirg‘izistondagi va butun dunyodagi tengsizlikni bartaraf qiladi va ijtimoiy adolatni ta’minlaydi.

Mumtoz Movarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.