Ko‘p yeyishni yoqtirmaslik

34
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hadisi Sharif bilan

Ko‘p yeyishni yoqtirmaslik

Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

Sunan Termiziyning sharhi “Tuhfat ul-Ahvaziy”da “Ko‘p yeyishni yomon ko‘rish haqida” shunday deyiladi:

حَدَّثَنَا سُوَيْدُ بْنُ نَصْرٍ أَخْبَرَنَا عَبْدُ اللَّهِ بْنُ الْمُبَارَكِ أَخْبَرَنَا إِسْمَعِيلُ بْنُ عَيَّاشٍ حَدَّثَنِي أَبُو سَلَمَةَ الْحِمْصِيُّ وَحَبِيبُ بْنُ صَالِحٍ عَنْ يَحْيَى بْنِ جَابِرٍ الطَّائِيِّ عَنْ مِقْدَامِ بْنِ مَعْدِي كَرِبَ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: “مَا مَلَأَ آدَمِيٌّ وِعَاءً شَرًّا مِنْ بَطْنٍ بِحَسْبِ ابْنِ آدَمَ أُكُلَاتٌ يُقِمْنَ صُلْبَهُ فَإِنْ كَانَ لَا مَحَالَةَ فَثُلُثٌ لِطَعَامِهِ وَثُلُثٌ لِشَرَابِهِ وَثُلُثٌ لِنَفَسِهِ“.

Suvayd ibn Nasr bizga Miqdam ibn Ma’diy Karab roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Odam bolasi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan. Insonning belini tik tutib turish uchun bir oz taom kifoya. Agar (ko‘proq taom yeyish) zarur bo‘lsa, u holda (oshqozonning) uchdan bir qismi ovqat uchun, ikkinchi qismi ichimlik uchun va uchinchi qismi havo uchun bo‘lishi kerak”, deganlarini eshitdim.

“Yomonroq idishni to‘ldirmagan”, degan so‘z bir holatni ifodalab, bunda oshqozon yomon idish sifatida tasvirlanmoqda. Avvaliga oshqozon uy ehtiyojlari uchun ishlatiladigan idishga taqqoslanib, keyin esa uning maqomini tushirish uchun eng yomon idish sifatida tasvirlangan. Chunki u yomonlik uchun ishlatilyapti. Oshqozon oziq-ovqat orqali belni mustahkamlash uchun yaratilgan. Agar u ortiqcha to‘ldirib yuborilsa, din va dunyoning buzilishiga olib keladi. Oqibati yomon bo‘ladi. Shuning uchun, bir oz taom uning uchun kifoya. Aniqroq aytganda, bu uning chanqog‘ini qondirish va kuchini saqlab turish uchun kifoyadir. “Belni mustahkamlash”, deya, inson qiyofasini bel orqali tasvirlamoqda. Ya’ni insonni yiqilib qolishiga to‘sqinlik qiladigan va ibodat uchun kuchga ega bo‘lgan narsadan ko‘p yemaslikni, yana ham aniqrog‘i, Alloh Taologa ibodat qilish uchun belni mustahkamlaydigan ovqatdan ortiq yemaslik kerakligini ifodalamoqda.

Agar (ko‘proq taom yeyish) zarur bo‘lsa, u holda (oshqozonning) uchdan bir qismi ovqat uchun, ikkinchi qismi ichimlik uchun va uchinchi qismi havo uchun bo‘lishi kerak”. Demak, ortiqcha ovqatlanmaslik va oshqozonning uchdan bir qismini nafas olish uchun qoldirish kerak. To‘ygandan keyin ham yeyishda davom etish joiz emas.

At-Tibiy rahimahulloh aytadilar: “Kishi Allohga ibodat qilish uchun belini mustahkamlay oladiganidan ortiq ovqat yemasligi kerak. Agar To‘yib ovqatlanmoqchi bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tilganidek, oshqozonini uch qismga bo‘lib yesin”.

Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

21 Robius Sani, 1446h yil.

24 oktyabr,         2024m yil.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.