Niqobga qarshi kurash karvoni Rossiyada koʼrina boshladi

52
0

Niqobga qarshi kurash karvoni Rossiyada koʼrina boshladi

Rossiyadagi Inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeev ayollarga niqob kiyishni taqiqlashni taklif qildi. Fadeev bu haqda “Parlament gazetasi”ga bergan intervyusida aytib oʼtdi. Uning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyoning ayrim davlatlarida ham niqob taʼqiqlangan.

Oʼtgan yilning kuzida Qirgʼizistonda niqob kiyish va uzun soqol qoʼyishni taqiqlovchi qonun loyihasi parlamentda tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasiga qoʼyilgan edi. Bu bilan Qirgʼiziston hukumati jamiyatda chuqur ildiz otgan Islomiy muhitni nazorat qilishni maqsad qilgan edi.

Undan avval Oʼzbekiston parlamentining quyi palatasi jamoat joylarda niqob kiygan xotin-qizlarga nisbatan maʼmuriy jazo qoʼllash toʼgʼrisidagi qonun loyihasini maʼqullagan edi.

Qozogʼiston Taʼlim-tarbiya vazirligi ham “Majburiy maktab formasiga qoʼyiladigan talablarni tasdiqlash toʼgʼrisida”gi farmon doirasida oʼquvchi qizlarga niqob kiyishni taqiqladi. Ota-onalar tomonidan ushbu farmon konstitutsiyaga zid ekanligi haqida shikoyat qilingan boʼlsa-da, konstitutsiyaviy sud uni koʼrib chiqishdan bosh tortdi.

Maʼlumki, Turkmaniston va Tojikistonda rasmiylar soqol va niqob bahonasida Islom diniga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Bu mamlakatlarda shu kungacha soqol qoʼygan va namoz oʼqib yurgan fuqarolar hamda niqob oʼrab yurgan xotin-qizlar mahalliy hokimiyat organlariga chaqirilib, ular bilan “tushuntirish ishlari” olib borilmoqda.

Demak oʼz-oʼzidan maʼlumki, Markaziy Osiyoda olib borilayotgan Islomiy qadriyatlarga qarshi kurash bir tomondan Rossiya kabi mustamlakachi davlatlarning koʼrsatmalari asosida olib borilayotgan boʼlsa, ikkinchi tomondan, ommaviy noroziliklarni bostirish uchun Islomiy koʼrinishlarga qarshi kurashdan bahona sifatida foydalanilmoqda. Chunki, diktaturaning tabiati shundayki, bir hovuch odamlarning manfaati uchun boshqalarning barcha qadriyatlari oyoq osti qilinadi.

Аslida, niqobni taqiqlash oʼzlari ulugʼlab kelayotgan demokratik qadriyatlarga ziddir. Аniqroq aytganda, demokratiyadagi din erkinligi va shaxs erkinligi insonga istalgan dinga eʼtiqod qilish va har qanday xususiyatdan foydalanishni kafolatlaydi. Bu qadriyat dunyoviy davlatning konstitutsiyaviy qonunidir. Biroq, bu rejimlar oʼz qadriyatlaridan voz kechib, ulardan faqat oʼz manfaatlari yoʼlida foydalanib kelayotganiga ancha boʼldi. Masalan, satanizm, butparastlik yoki boshqa buzuqliklar uchun din erkinligi beriladi. Shuningdek musulmon boʼlmaganlarga oʼzlari xohlagan kiyimni kiyishlari va hatto yalangʼoch yurishlari uchun ham yoʼl ochib beriladi. Biroq, Islomiy qadriyatlar haqida gap ketganda, masalaga boshqacha qaraladi. Bu esa, demokratik tuzum bilan diktatorlik tuzum bir tanganing ikki tomoni ekanligini, har ikkisi ham oʼz xohish-irodasini xalq irodasidan ustun qoʼyishini koʼrsatib turibdi!

Аslida, musulimalar niqobni zolim hokimiyat ruxsat bergani yoki insonga erkinlik berilgani uchun kiymaydilar, aksincha, Аllohning amri va Islomiy qadriyat deb kiyadilar. Shunday ekan, biz musulmonlar mustamlakachi va diktatorlik tuzumlarning Islomga qarshi kurashiga qarshi turishimiz lozim. Chunki bugun niqob kiyishni man qilgan mutasaddilar ertaga daʼvatimizni, namozimizni, roʼzamizni ham man qilishi tabiiy.

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.