Zo‘ravonlik demokratiya qonunlari bilan emas, Islom hukmlari bilan bartaraf etiladi

23
0

Zo‘ravonlik demokratiya qonunlari bilan emas,  Islom hukmlari bilan bartaraf etiladi

Qirg‘izistonda oiladagi zo‘ravonlik tufayli bir kunda ikki kelin halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi, hatto Jogorku Keneshda ham muhokama qilindi. Hozirda bu kabi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qator takliflar o‘rtaga tashlanib, xotin-qizlar huquqlari himoya qilinmayotgani haqida ko‘plab fikrlar bildirilmoqda.

OAV xabariga ko‘ra, 4 aprel kuni Bishkekning chekka qishloqlaridan birida uch farzandning onasi bo‘lgan 34 yoshli kelin sobiq eri tomonidan o‘ldirilgan. Politsiya gumonlanuvchini hibsga oldi va ekspertiza tayinladi. O‘sha kuni politsiya Issiqko‘lda 57 yoshli erkak o‘zi bilan birga yashagan ayolni o‘ldirganlikda gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 13 ming 104 oilada zo‘ravonlik holati qayd etilgan. Bu 2022 yilga nisbatan 32,6 foizga ko‘pdir. 2021-2022 yillarda mamlakatda 20 nafar ayol oiladagi zo‘ravonlik tufayli vafot etgan.

Nodavlat notijorat tashkilotlari oiladagi zo‘ravonlik ko‘payishini ayollar huquqlarining yetarlicha himoyalanmagani bilan bog‘laydi. Shuning uchun ular G‘arbda sinovdan o‘tgan qonunlarni taklif qilmoqdalar. Chunki zo‘ravonlikni bartaraf etish davlatning vazifasi bo‘lsa-da, davlat buni to‘xtatishga ojizlik qilyapti.

Aslini olganda G‘arbning o‘zi bu muammoning girdobida qolgan bo‘lib, undan chiqish yo‘lini topa olmay sarson. Chunki G‘arb davlatlari ham Qirg‘iziston singari inson ongidan kelib chiqadigan demokratik qonunlar asosida boshqariladi. Shu bois ayollarga nisbatan zo‘ravonlik kamayish o‘rniga ortib bormoqda. Masalan, “The Diplomat” nashri dunyoda ayollarning qariyb 35 foizi jinsiy va boshqa zo‘ravonlik turlarini boshdan kechirayotgani haqida yozdi. Bu raqam jinsiy tegajog‘lik statistikasini o‘z ichiga olmaydi. AQSHda har daqiqada 20 kishi oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, bu mamlakatda har kuni 1900 nafar qiz zo‘rlanadi. 2017 yilda har uch kunda bir ayol erlari, qarindoshlari yoki birga yashovchilar tomonidan o‘ldirilgan. Bundan tashqari, har yili bir million qiz abort qildiradi. “USA Today” ma’lumotiga ko‘ra, Gollivudda ishlaydigan ayollarning 94 foizi jinsiy tajovuzga uchraganini bildirishgan. Fransiyaga kelsak, 4 million fransuz ayollari, ya’ni fransuz ayollarining 12 foizi hayotida kamida bir marta zo‘rlanganligini aytgan. Har uch kunda esa, bir ayol o‘z sherigi tomonidan o‘ldiriladi. Germaniyada har 5 daqiqada kamida bir ayol jinsiy yoki boshqa zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Har uch kunda bir ayol eri, oilasi yoki hamkasbi tomonidan qo‘llanilgan zo‘ravonlik tufayli vafot etgan. Ayniqsa, pandemiya davrida bu raqamlar yanada ortdi.

          Ma’lumki, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning asosiy sababi hozirda qo‘llanilayotgan kapitalistik qonunlardir. Aniqrog‘i, “erkinlik” niqobi ostida G‘arb tomonidan bizga singdirilgan “qadriyatlar” ayollarning tahqirlanishiga sabab bo‘lmoqda. Zero, demokratiya ayollarni erkaklar bilan tenglashtirish bahonasida tabiatan zaif bo‘lgan ayollarga erkaklar bilan bir xil mas’uliyat yuklaydi. Ayollarni erkaklardan mustaqil va erkin qilish (gender tengligi) bahonasida ularni ayollarga mos bo‘lmagan sohalarga jalb qilindi. Natijada oilada barqarorlik yo‘qoldi. Erkaklar ham, ayollar ham o‘z burchlarini unutishganligi uchun oilada nizolar kuchaymoqda. Demak, yuqoridan ma’lum bo‘lganidek, kapitalizm (demokratiya) tuzumi ayollar duch keladigan zo‘ravonlikni bartaraf eta olmaydi. Aksincha, bu muammolar ana shu mafkura tufayli yuzaga kelmoqda va ayollar G‘arbning bu “erkinligi”dan himoya qilinishga muhtojdir. Buni G‘arb rasmiylarining bayonotlari ham tasdiqlaydi. AQSHning sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning so‘zlariga ko‘ra, “ayollar umumiy ishchi kuchining 40 foizini, qishloq xo‘jaligidagi ishchi kuchining 43 foizini va dunyodagi talabalarning yarmini tashkil qiladi. Shunday ekan, ayollarning iqtisodiy salohiyatini siquvga olish har qanday davlat uchun tayyor puldan voz kechish bilan barobar”. Klintonning bu so‘zlari kapitalizm haqiqatini yaqqol aks ettirib turibdi. Boshqacha aytganda, kapitalizmning dunyoqarashi ayollarga uy bekasi sifatida emas, balki ishchi kuchi sifatida qaraydi.

       Ammo Islom jamiyatida zo‘ravonlik kam uchraydigan hodisadir. Xususan or-nomus sifatida bizga berilgan ayollar va kelajak avlod sifatida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilish qabul qilib bo‘lmaydigan jinoyatdir. Alloh Taolo aytadi:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ

“ Ular bilan tinch-totuv yashanglar ” (Niso: 19). Rasululloh ﷺ musulmonlarni ayollariga zo‘ravonlik qilishdan ogohlantirib:

لَا يَجْلِدُ أحدُكم امْرَأَتَهُ جَلْدَ الْعَبْدِ ثُمَّ يُجَامِعُهَا في آخِرِ الْيَوْمِ

— Sizlarning orangizdan birortangiz o‘z xotinini quldek urib, so‘ng kechki payt u bilan jinsiy aloqa qilmasin! (Buxoriy rivoyati).

      Islom ayollarga uy bekasi va himoya qilinishi shart bo‘lgan nomus sifatida qaraydi. Ana shu dunyoqarashga asoslanib, erkak o‘z xotini va mahramlarini himoya qiladi. Shu bilan bir qatorda, shariat oiladagi erkak va ayolning tabiatiga ko‘ra huquq va burchlarini belgilab bergan. Ayol oilada farzand dunyoga keltirish, uni ko‘krak suti bilan boqish, tarbiyalash kabi o‘zining tabiiy vazifasini bajaradi. Bu mas’uliyatni ado etish uchun vaqtini, mehnatini sarflaydi. U bu yo‘nalishdagi hukmlarni o‘rganadi va qo‘lidan kelganicha ularga amal qilishga harakat qiladi. Bu hukmlarni bajarishdagi sinovlarga sabr qiladi. Erkak kishining esa, tabiati kuchli va mehnatga qodir bo‘lib, u oila a’zolarining kundalik ehtiyojlarini ta’minlashdan javobgar. Shuningdek u o‘z vazifasidan vaqti ortsa, uy ishlarida xotiniga yordam berishi sunnatdir. Demak, gender tengligi bahonasida erkaklar mas’uliyatini ayollarga yuklash bugungi kunda ko‘rib turganimizdek boshboshdoqlik va muammolarni keltirib chiqaroqda. Masalan, ayol kishi davlatni boshqarish bilan birga uy bekasi rolini o‘z zimmasiga olishi mumkin emas. Chunki har bir ishning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Bu borada Rasululloh ﷺ bunday dedilar:

كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤول عَنْ رَعِيَّتِهِ الإِمَامُ رَاعٍ وَمَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ وَالرَّجُلُ رَاعٍ فِي أَهْلِهِ وَهُوَ مَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ فِي بَيْتِ زَوْجِهَا وَمَسْؤولَةٌ عَنْ رَعِيَّتِهَا

“Har biringiz boshqaruvchisiz va har biringiz o‘z qo‘l ostidagilardan mas’uldir. Imom boshqaruvchidir va u o‘z fuqarosi borasida mas’uldir. Kishi boshqaruvchidir va o‘z qo‘l ostidagilardan mas’uldir. Ayol erining uyi ishlarini boshqaruvchidir va o‘z qo‘l ostidagilardan mas’uldir…”.

Alloh Taolo ularning har biriga mana shu mas’uliyatni bajarganiga yarasha ajr va’da qildi. Abdurahmon ibn Avfdan rivoyat qilinadi:

إِذَا صَلَّتِ الْمَرْأَةُ خَمْسَهَا وَصَامَتْ شَهْرَهَا وَحَفِظَتْ فَرْجَهَا وَأَطَاعَتْ زَوْجَهَا قِيلَ لَهَا ادْخُلِي الْجَنَّةَ مِنْ أَيِّ أَبْوَابِ الْجَنَّةِ شِئْتِ

“Agar ayol besh vaqt namoz o‘qisa, Ramazon ro‘zasini tutsa, o‘z nomusini himoya qilsa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan kirishni xohlasang, kiraver”, deyiladi” (Ibn Hibbon “Sahih” kitobida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Ayol kishining asosiy vazifasi uy bekasi va onalik mas’uliyati bo‘lsa-da, shariat unga, shaxs sifatida erkaklar qatori ilm talab qilish, boyligidan zakot berish va da’vat qilish kabi ishlarni farz qilgan. Bundan tashqari, u shaxsiy va jamoat joylarida o‘zi uchun ishlashi, xarid qilishi va hokazo ishlarni bajarishi joizdir. Shariat ayol kishi uchun bu ishlarni taqiqlamaydi va bu ishlar uning uy bekasi bo‘lishiga yoki onalik vazifasini bajarishiga zarar yetkazmaydi. Islom davlati foydani emas, balki halol va haromni o‘lchov qilgan. Shu sababli, ishlashni xohlaydigan ayollarga ma’lum soatlarda ishlashlari uchun sharoit yaratib beriladi. Masalan, Usmonli xalifaligi davrida ayollarning iqtisodiy sohada faol ishtirok etgani ma’lum. Tarixiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollar dehqonchilik, bog‘dorchilik yerlari va ko‘chmas mulklarga ega bo‘lish orqali ulardan tushgan daromadni o‘zlari ishlatgan. 18 asrda Halabdagi sud ma’lumotlariga ko‘ra, mulkni sotish bilan bog‘liq ayollarga oid ishlar 63 foizni tashkil qilgan. Ma’lumki, Islom dinining ayollarga nisbatan uy bekasi va himoyalanadigan nomus sifatidagi dunyo qarashi ularning iqtisodiy faoliyatiga zarar yetkazmaydi. Aksincha, har qanday vaziyatda ham, farovon yashashini kafolatlaydi. Shuningdek Islom oila hayotini mehr-muhabbat ustiga quradi. Alloh Taolo aytadi:

وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُم مِّنْ أَنفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِّتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُم مَّوَدَّةً وَرَحْمَةً

“Uning oyatlaridan (yana biri) U zot sizlar hamdam bo‘lishlaringiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir” (Rum: 21).

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oiladagi nizolarning 70 foizi ichkilikbozlikdan kelib chiqadi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonliklarning aksariyati shu ichkilik bilan bog‘liq. Biroq, hech bir partiya zo‘ravonlikni kamaytirish usuli sifatida spirtli ichimliklarni taqiqlashni taklif qilgan emas. Ma’lumki, Islom dini mast qiluvchi ichimliklarni iste’mol qilishni taqiqlaydi. Alloh Taolonini ichkilikni harom qilgan oyatini tadabbur qiladigan bo‘lsak, spirtli ichimliklarni harom qilinishi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni sezilarli darajada kamaytirgani ayon bo‘ladi. Demak, Islomdagi har bir hukm hayotda tatbiq etilishi bilanoq zo‘ravonlik va oilaviy muammolar go‘zal tarzda hal bo‘ladi.

       Xulosa qilib aytganda, Islom dini jamiyat farovonligi uchun oilaning mustahkamligiga hamisha alohida e’tibor bergan. Binobarin, ayollarning va umuman jamiyatning farovonligi Islom dinini hayotga tatbiq etilishiga bog‘liqdir.

Turkiston

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.