Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston transport yo‘lagi orqali yuk poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi

150
0

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston transport yo‘lagi orqali yuk poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi

 Xabar: Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Zhejiang Union of Railway Logistics kompaniyasi, “O‘zbekiston temiryo‘llari” va “Qirg‘iz temiryo‘li” milliy kompaniyasi davlat korxonasi  hamkorligida Lanjou stansiyasidan Toshkentga 30 ta konteynerdan iborat blok poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi.

 Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston multimodal transport yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishni rag‘batlantirish maqsadida ilk sinov poyezdi harakatiga 9 iyun kuni start berildi.

 Tarkibida quyosh panellari, mexanik jihozlar, matolar va boshqa yuklar bo‘lgan umumiy qiymati 2,5 mln AQSH dollarini tashkil etuvchi yuk poyezdi Xitoyning Lanjou shahridan Toshkentga 15 kunda yetib kelishi belgilangan.

 Izoh: Rossiya Ukraina botqog‘iga botib borgani sari Markaziy Osiyo ustida qolgan o‘yinchilar Xitoy, AQSH va YEI o‘rtasidagi kurash tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Xitoy vaqtdan foydalanib Rossiya shu vaqtga qadar to‘sqinlik qilib kelgan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini loyihasini amalga oshirishga kirishdi. Endilikda Xitoy mintaqada faqat iqtisodiy loyihalar bilan cheklanib qolmay, siyosiy va harbiy ishtirokini kuchaytirishga kirishdi. Shuningdek, mintaqa davlatlari bilan savdo xablarini barpo qilish va shu orqali mintaqaga o‘zining iqtisodiy ekspansiyasini yanada kuchaytirish yo‘lidan bormoqda.

 AQSH boshchiligidagi G‘arb davlatlari sa Ukraina urushini imkon qadar uzoqroq cho‘zish orqali Rossiyani holdan toydirib, Markaziy Osiyo respublikalari ustidan bo‘lgan nufuzini zaiflashtirishga urinmoqda. Shu sababli ham AQSH va Yevropa davlatlari rasmiy vakillari so‘nggi vaqtlarda “bo‘zchining mokkisidek” mintaqa davlatlariga serqatnov bo‘lib qolishdi. Aprel oyi oxirida AQSH Moliya vazirligining moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha o‘rinbosari Elizabet Rozenberg va Savdo vaziri o‘rinbosari Metyu Akselrod Qirg‘izistonga tashrif buyurib, hukumat vakillari va Milliy bank rahbari bilan Moskvaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tish yo‘llarini to‘xtatish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining sanksiyalar bo‘yicha direktori Devid Rid ham 26-28-aprel kunlari Bishkekda bo‘lib, Moskvaga qarshi sanksiyalarni amalga oshirib yuzasidan hakimiyat vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O‘Sallivan mart oyi oxirida mintaqa bo‘ylab turne ushtirdi. U Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasini muhokama qildi. Shuningdek, Britaniya parlamentining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi Alisiya Kerns va qo‘mita a’zosi Nil Koyl ham 19-may kuni Bishkekda bir qator rasmiylar va faollar bilan uchrashdi. 6-iyunda esa Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Leo Dokerti Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida Qirg‘izistonga rasmiy tashrif bilan keldi, so‘ngra Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi…

 Tabiiyki, yangi savdo yo‘llarini ochish, yangi logistika markazlarini barpo etish mintaqa davlatlari uchun muhim ahamiyatga ega. Temir yo‘l dunyoda dengiz orqali amalga oshiriladigan yuk tashishdan keyingi o‘rinni egallab turgan strategik ahamiyatga ega va tannarxi arzon yo‘nalish hisoblanadi. Ammo bu loyiha mintaqa davlatlari va xalqiga manfaatli bo‘lishi uchun shu davlatlarning o‘zi tomonidan barpo etilishi va biror mustamlakachi davlat temir yo‘l ustidan moliyaviy yoki boshqa jihatdan ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymasliklari zarur. Chunki, mustamlakachi davlatlar musulmon o‘lkalari, jumladan, bizning yurtlar manfaatlariga mustamlakachilik ko‘zi bilan qaraydi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.