Sadir Japarov Yevroosiyo iqtisodiy kengashida ishtirok etadi

90
0

Sadir Japarov Yevroosiyo iqtisodiy kengashida ishtirok etadi

 Xabar: Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 24-25-may kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan II Yevroosiyo iqtisodiy forumi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi. Bu haqda prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, Japarov 24-may kuni YEOIIga a’zo davlatlar rahbarlari bilan birga Yevroosiyo iqtisodiy forumining “Ko‘p qutbli dunyoda yevroosiy integratsiyasi” deb nomlangan yalpi majlisida ishtirok etadi.

 Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlari 25-may kuni uchrashadi.

 “YEOIIga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ittifoq faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan”, – dedi Muratbek Azimbakiyev.

 Izoh: Rossiya boshchiligida tashkil etilgan YEOII doirasida turli darajada – davlat rahbarlari, Oliy iqtisodiy kengash yoki bosh vazirlar darajasida bo‘lishidan qat’iy nazar – uchrashuv va yig‘ilishlar o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsada, bu yig‘ilish va uchrashuvlardan biror natija kutish kerak emas. Garchi, YEOIIning asosiy tamoyili “to‘rt erkinlik” – tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishdan iborat bo‘lishiga qaramay, bu erkinliklar asosan Rossiyaning xohish irodasiga bog‘liq bo‘lib, hatto, kerak vaqtda tashkilotga a’zo davlatlarga bosim o‘tkazish quroliga aylanib qoldi. “Mustaqil” respublikalar rahbarlari tomonidan Putinga yoqmaydigan biror so‘z yoki harakat sodir etilshsa, rus hukumati darhol o‘z qo‘lidagi richaglarni ishga solib, ularga bosim o‘tkazishni boshlaydi. Masalan, yaqinda Qirg‘izistonda yana bir bor kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish masalasi ko‘tarilishi ortidan Rosselxoznadzor 20-aprel kuni “veterinariya nazoratida, xayvonlar kasalliklarining epizotik monitoringi va laboratoriya ishlarida kamchiliklar mavjudligi” bahonasi bilan Qirg‘izistonda yetishtirilgan sut mahsulotlarini Rossiyaga olib kirishni taqiqladi. Keyinchalik bunday cheklov baliq mahsulotlariga ham joriy etildi. Sadir Japarov 21-aprel kuni Davlat tili va til siyosati milliy komissiyasi raisi Qanibek Osmonaliyev bilan uchrashuvda deputatlarning taklifini tanqid qilib, uni til siyosati, jumladan, qirg‘iz tilini lotin tiliga o‘tkazish bo‘yicha gaplardan tiyilishga chaqirganidan so‘ng bu mahsulotlar Rossiyaga olib kirilishiga ruxsat berildi…  

 YEOIIdagi qonun va me’yorlar, odatdagidek, Rossiya tomonidan qo‘yilib, ittifoqdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Garchi hozircha Rossiya harbiy quvvatiga tayanib va turli vahimalarni bo‘rttirib ko‘rsatish orqali boshqa a’zolarga deyarli tahdid bilan ittifoqni saqlab turgan bo‘lsada, Rossiyaning siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan holdan toyib borishi bu ittifoq kelajagini savol ostida qoldiradi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.