Qirg‘iziston Xalqaro taraqqiyot assotsisiyasidan 30 million dollar qarz oladi

106
0

Qirg‘iziston Xalqaro taraqqiyot assotsisiyasidan 30 million dollar qarz oladi

 Xabar: 30-yanvar kuni Jogorku Keneshning Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish uchun 30 million dollarlik qarz bitimini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

 Mehnat, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va migratsiya vaziri Kudaybergan Bazarbayev mazkur kelishuvni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi haqida deputatlarga ma’lumot berdi.

 “10 ming oilaga 100 ming somdan beriladi. 3 ming nafar fuqaroimiz yangi kasbga o‘rgatilib, o‘ratilib, ularga yarim yil davomida ish haqi to‘laymiz. Hammasi bo‘lib 23 ming kishi ish bilan ta’minlanadi”, – dedi Bazarbayev.

 Bitimga ko‘ra, Qirg‘iziston Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasidan 30 million dollar qarz oladi.

 Endi qonun loyihasi parlamentning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

 Izoh: Prezident bo‘lguniga qadar “bir yilda mamlakat iqtisodini oyoqqa turg‘izaman, besh yilda Qirg‘izistonni qarz oluvchi davlatdan qarz beruvchi davlatga aylantiraman” deb va’da bergan Japarovning prezidentlik lavozimini egallaganiga ham ikki yildan oshdi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Japarovning boshqa va’dalari kabi bu va’dasini ham amalga bajargani yo‘q. Japarov “agar Qumtor oltin koni qirg‘iz boshqaruviga o‘tsa, Qirg‘iziston xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qarz olishiga hojat qolmasligi”ga haqida lof urdi. Ammo, “Qumtor” milliylashtirilib, tashqi boshqaruv joriy etilgan bo‘lishiga qaramay Qirg‘iziston xorijiy tashkilotlardan qarz olishni to‘xtatgani yo‘q. Japarov hokimiyatga kelgan 2020-yili Qirg‘izistonning davlat qarzi 4 milliard 81 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yil oxiriga kelib 5 milliard 218 million dollardan oshib ketdi. O‘tgan yilning o‘zida qirg‘iz hukumati budjetni qo‘llab-quvvatlash, energetika tarmog‘ini “rivojlantirish” bahonalari bilan 250 million dollarga yaqin qarz oldi. Bundan tashqari, o‘tgan yilning 5-oktabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda Jahon bankining operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Aksel van Trotsenburg kelgusi besh yilda Jahon banki Qirg‘izistonga 600 million dollar miqdorida qarz berishini ma’lum qildi.

 Qarz olib, o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqini oshirish, qarz olib, pensiya va nafaqalarni ko‘tarish, qarz olib, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash… Japarov Qirg‘izistonni qarzdan xalos qlish o‘rniga aksincha, qarz botqog‘iga chuqurroq botirib bormoqda. Budjet milliardlab pul keladi deb qimorxonalar ochishga ruxsat berdi, budjetga kirim bo‘ladi deb tadbirkorlarni majburlab kassa aparatlari o‘rnatyapti, budjet kirimlari oshishi iddaosi bilan avtomobillarni majburiy sug‘urta qildirish qonunini joriy etdi. Ammo, bu soliqlar bilan budjet to‘lmasligi, davlat qarzdan qutulib, rivojlanib ketmasligi aniq. Chunki taraqqiyot omili chetdan qarz olish va yangidan yangi soliqlar joriy etishda emas, balki og‘ir sanoat va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ammo, xalqaro moliya tashkilotlari bu sohalarga qarz ajatmaydi. Chunki bu qarzlar tez muddatda o‘zini oqlab, davlatni oyoqqa turib olishiga imkon yaratadi. Shu sababli ham kapitalistik davlatlarning mustamlakachilik quroli bo‘lgan moliyaviy tashkilotlar budjetni qo‘llab-quvvatlash, sport, madaniyat, obodonlashtirish va boshqa qancha mablag‘ sarflasang ham o‘rni qayta tiklanmaydigan sohalargagina qarz ajratadi va bu orqali uchinchi dunyo davlatlari zimmasiga ado etib bo‘lmas qarz yukini yuklab qo‘yadi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.