“Ulamo”lar Xitoy zulmini terrorizmga qarshi kurash sifatida baholadi
Pekin ma’muriyati taklifi bilan Sharqiy Turkistonga tashrif buyurgan “ulamo”lar Xitoyning qonli zulmlarini oqlab bayonot berdi. Bu haqida Urumchi gazetasi xabar tarqatdi. Xabarga ko‘ra, Sharqiy Turkistonda biroz yumshatilgan “nol kovid” siyosatidan so‘ng Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Suriya, Bahrayn, Bosniya-Gersegovina, Tunis, Serbiya, Janubiy Sudan, Mavritaniya, Indoneziya, Quvayt, Iordaniya va Ummon kabi 14 davlatning din peshvolari va mas’ullari Pekin ma’muriyatining taklifi bilan Urumchiga tashrif buyurishgan. Ziyorat asnosida Butunjahon musulmonlari kengashining raisi Dr. Ali Rashid Al Nuaymiy Xitoyning “terrorga qarshi kurash” rejasini “mintaqada yashovchi xalqlarga qilingan xizmat” deya atab, musulmonlarga qarshi uyushtirilgan genotsidni “terrorizmga qarshi kurash” sifatida zikr qildi.
“Biz Xitoyni Shinjonda amalga oshirgan terrorizmga qarshi kurash rejasini yakunlagani bilan tabriklaymiz… Islom sivilizatsiyasi va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, do‘stlik, hamkorlik va ittifoq tarzida tavsiflanadi. Xavfsiz, barqaror va farovon Xitoyga butun dunyodagi odamlar muhtoj. Xitoyning xavfsizligi va barqarorligi nafaqat milliy manfaat, balki global manfaatdir. Xitoydagi musulmonlarga yordam berish katta mas’uliyat bo‘lib, etnik, diniy va milliy rishtalar bir-biriga zid emasligini, aksincha, bir-birini bog‘liqligini biz butun dunyoga tushuntirib berishimiz kerak. O‘zlik va bir dinga mansublikka bo‘lgan hurmatni tarbiyaviy nutq bilan mustahkamlash kerak. Uyg‘ur yoshlari terrorchi guruhlar qurboni bo‘lib qolmasligi uchun ularning aqlini qanoatlantirish lozim”, dedi Dr. Ali Rashid Al Nuaymiy.
Izoh: Ma’lumki, bundan avval Islom va musulmonlarning ashaddiy dushmani bo‘lgan Xitoy hukumati o‘zining “nol kovid” siyosati bahonasida musulmon uyg‘urlarning uylarini tashqaridan bekitib, hatto oziq-ovqat va dori-darmon kabi zaruriy e’tiyojlar uchun ham ularni uylaridan chiqishlarini umuman ta’qiqlab qo‘ygan edi. Natijada musulmon uyg‘urlar o‘z uylarida ochlikdan halolqat yoqasiga kelib qoldi. 24-noyabr kuni Urumchida sodir bo‘lgan yong‘inda 100 dan ortiq musulmon eshiklari zanjirband qilingan uylarini tark eta olmagani uchun halok bo‘ldi. Xitoyning ushbu va bundan avvalgi zulmlari butun dunyo ko‘z o‘ngida sodir etilayotgan bo‘lsa-da, yuqoridagi “ulamo”lar Xitoyning musulmonlarga nisbatan ayovsiz terrorlarini “terrorizmga qarshi kurash” sifatida baholamoqda.
Rasululloh ﷺ shunday marhamat qildilar:
«صِنْفَانِ مِنَ النَّاسِ إِذَا صَلَحَا صَلَحَ النَّاسُ وَإِذَا فَسَدَا فَسَدَ النَّاسُ: الْعُلَمَاءُ وَالأُمَرَاءُ»
«Ikki toifa odamlar borki, agar ular tuzalsa insonlar tuza¬ladi, agar ular buzilsa insonlar buziladi: Ular ulamolar va amir¬lardir».
Darhaqiqat, ulamolar o‘nglansa, Ummat ham o‘nglanadi, ular buzilsa, hamma yoq buziladi, odamlar zalolatga ketadi, yurtlar vayron bo‘ladi. Chunki haqni yetkazish va har bir ishning hukmini bayon qilish ulamolarning vazifasidir. Insonlarning tuzalishi ulamolarning tuzalishi bilan bo‘lishi va ularning buzilishi ulamolarning buzilishi bilan bo‘lishi har bir davrda o‘z isbotini topgan. Bugungi ahvolimiz ham buni tasdiqlab turibdi.
Afsuski bugungi kunda ulamolarning hukmdorlarga nisbatan tutgan pozitsiyasi payg‘ambarlar merosxo‘ri bo‘lgan avvalgi ulamolarnikiga o‘xshamay qoldi. Chunki Payg‘ambarlarga merosxo‘r bo‘lish Allohning roziligi uchun faqat haqni aytish hamda odamlarga tilyog‘lamalik qilmaslik va bu yo‘lda malomatchining malomatidan qo‘rqmaslikni talab qiladi. Vaholanki bugungi ulamolar ummat boshiga turli azoblar solayotgan hukmdorlarning etagini tutib, ularning botil ishlarini oqlashga urinmoqda. Ya’ni bu «ulamo»lar Xoliqdan qo‘rqish o‘rniga maxluqdan qo‘rqadigan bo‘lib qolishdi. Shuning uchun odamlaring oldida ham, hukmdorlarning oldida ularning haybati qolmadi. Bu «ulamo»lar biron mansabga o‘tirishi bilanoq hukmdorlarning botil hukmlarini oqlab fatvo berish uchun tap-tayyor turishadi. Bular Allohning rahmatidan ko‘ra Hokimlar dasturxonini afzal bilgan ulamolar bo‘lib, Islom Ummatining ichkaridan yemirilishida muhim rol o‘ynamoqda.
Bugungi kunda Islom Ummati butun jamiyatni qorong‘i zulmatdan nurga olib chiqadigan solih, taqvodor ulamolarga muhtojdir. Chunki bunday ulamolar zulmga nisbatan sukunatni buzib, haq so‘zni baralla aytadi, ma’rufga buyurib, munkardan qaytaradi hamda hukmdorlarni nasihat va muhosaba orqali Zulmdan to‘sadi, Alloh yo‘lida malomatchining malomatidan qo‘rqmaydi va musulmonlarning hayot-mamot masalasi bo‘lgan Islomiy hayotni qayta boshlash uchun oldingi safda turadi. Qachon ulamolar haq tarafda tursalar, Ummat ham ular bilan birga bo‘ladi. Zero yer yuzida Allohning hukmini o‘rnatish va odamlarni unga amal qilishga chaqirish ham eng avvalo ulamolarning vazifasidir.
Zohid Zargar