BMT Rossiyaning Ukrainaga “eng shafqatsiz hujumi”ga munosabat bildirdi

123
0

BMT Rossiyaning Ukrainaga “eng shafqatsiz hujumi”ga munosabat bildirdi

 Xabar: BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya harbiy kuchlari tomonidan Ukrainaning Dnepr shahridagi turarjoyga raketa zarbasi berilganini keskin qoraladi. Bu haqda bosh kotibning rasmiy vakili Stefani Tremble ma’lum qilgan. 14 yanvar kuni 9 qavatli uyga bomba tashlangani oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘lgan.

 “Shanba kuni tunda Dneprdagi turarjoyga raketa zarbasi berildi. Bu o‘tgan yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan vaqtdan buyon kuzatilgan eng shafqatsiz hujumlardan biri sanaladi”, – deydi Stefani Tremble.

 BMT rahbari Dneprga hujum urush jinoyati ekanini ta’kidlar ekan, aybdorlarga tegishli jazo berilishi kerakligini uqtirgan.

 Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi ham tinch aholi yashayotgan uyga uyushtirilgan hujumni “insoniylikdan yiroq tajovuz” deb atagan va jazo muqarrarligi ta’minlanishini qayd etgan.

 Ma’lumotlarga ko‘ra, Dneprdagi uyga hujum oqibatida 41 kishi (ulardan to‘rt nafari bolalar) halok bo‘lgan, 77 kishi (ulardan 14 nafari bolalar) jarohatlangan, 46 kishi bedarak yo‘qolgan. Vayronalar orasidan o‘nlab odam qutqarib qolingan. Qutqaruv amaliyoti davom ettirilmoqda. Qutqaruv amaliyotiga yuzlab odam va o‘nlab texnika jalb qilingan.

 Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Dnepr o‘qqa tutilganidan keyin G7 davlatlari va Yevropa Ittifoqini Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

 BMT e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgan 2022 yil 24 fevraldan buyon 7031 nafar tinch aholi, jumladan, 433 nafar bola hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. 11300 dan ziyod kishi, jumladan, 830 ga yaqin bola jarohatlangan.

 Izoh: Rossiyaning Checheniston musulmonlariga qarshi olib borgan bosqinchilik urushi davomida sodir etgan jinoyatlariga BMT ham, dunyo hamjamiyat ham ko‘zini yumib olgan edi. 10 yildan ortiq vaqt davom etgan xunrezliklar davomida o‘n minglab tinch aholi vakillari, jumladan, yosh bolalar qurbon bo‘lgan edi. Ushbu ushur davomida, Checheniston muxolifatiga ko‘ra, tinch aholi orasida 250 ming kishi, jumladan 40 ming bola halok bo‘lganini ma’lum qilgan, “Memorial” inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti tinch aholi qurbonlari soni esa 50 ming kishiga yetganini xabar qilgan edi. Boshqa manbalarda kelishicha, 1990 va 2000-yillardagi birinchi va ikkinchi chechen urushlarida kamida 60 ming tinch aholi halok bo‘lgan. Checheniston muvaqqat parlamenti rahbari Tovus Jabrailov esa bu ikki urushda 150 mingdan 160 mingtagacha odam qurbon bo‘lganini aytgan edi. Ammo, na BMT, na AQSH boshchiligidagi g‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi biror jazo chorasi ko‘rishdi.

 Suriya qo‘zg‘oloni maqsadiga yaqinlashib, qonxo‘r Bashar Asad rejimi qulash arafasiga kelib qolgan vaqtda AQSHning taklifi bilan Rossiya Suriyada “maxsus amaliyot” boshladi. 2015-yil 30-sentyabr kuni boshlangan va hozirga qadar davom etayotgan “maxsus amaliyoti” davomida o‘n minglab tinch aholi vakillari Rossiyaning “zamonaviy” qurollari bilan bombabo‘ron qilindi. Putin ta’rifi bilan aytganda “rus qo‘shinlari mashg‘ulotlarida” madrasalar, shifoxonalar, maktab va aholi punktlar vayron qilindi. Hatto, rus jallodlari tinch aholiga qarshi taqiqlangan qurollarning hammasidan, fosforli bombalar, kassetali bombalar va hatto bunkerlarni vayron qiluvchi qudratli qurollardan ham foydalandi, butun boshli kvartal va mahalalar yer bilan yakson qilindi. Odatdagidek, BMT va dunyo hamjamiyati bu qirg‘inlardan ko‘z yumdi… Chunki, bu jinoyatlar Yevropadan uzoqda va musulmonlarga qarshi sodir etilayotgan edi.

  Bugunga kelib Rossiya bosqini Yevropa ostonasiga borgach, AQSH ham, YEI ham bir bo‘lib, bor imkoniyatlari bilan Ukrainaga harbiy yordam berishga kirishdilar. Butun dunyo nazari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qaratildi. Rossiyaga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalar qo‘llashmoqda. BMT, xalqaro hamjamiyat Rossiya jinoyatlarini kunma-kun, soatma-soat qayd qilib borishmoqda. Putinni xalqaro sudga tortish masalasi ham kun tartibida turibdi. Bu ularning ularning qanchalar ikkiyuzlamachi va qo‘sh-standartli siyosatlarining aynan o‘zi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.