Japarov mamlakatning tashqi qarzini “yashil” loyihalarga almashtirishni taklif qildi

143
0

Japarov mamlakatning tashqi qarzini “yashil” loyihalarga almashtirishni taklif qildi

 Xabar: Prezident Sadir Japarov Qirg‘izistonning tashqi qarzini “yashil” loyihalar bo‘yicha tashabbuslarga almashtirish masalasini ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda Japarov ijtimoiy tarmoqlarda yozdi.

 “Tashqi qarzlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarimizni to‘liq bajarib kelmoqdamiz, unga to‘liq imkoniyatimiz bor. Faqat, yashil iqtisodni rivojlantirish hamda bu bilan dunyo iqtisodiy vaziyatini yaxshilashga birgalikda xissa qo‘shaylik degan tashabbusni ilgari surmoqdamiz”, – dedi u.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston qarzdor bo‘lgan davlatlar va moliya institutlari mamlakatdagi energetika obyektlari qurilishida ishtirok etishi va yashil iqtisodiyot obyektlarining “lentalarini” birgalikda kesishi mumkin.

 Shu bilan birga, Japarovning yozishicha, Qirg‘izistonda 4,2 milliard dollar tashqi qarzni to‘lash bo‘yicha barcha majburiyatlarni bajarish uchun “barcha imkoniyatlar” bor va uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 50 ta kichik va o‘rta GES qurilmoqda.

 Prezident qarzni uzish tashabbusini ayniqsa kuz-qish mavsumida aholining ko‘mirdan foydalanishi bilan yaqqol ko‘zga tashlanadigan “smog” muammosi bilan izohladi.

 “Qirg‘iziston suv resurslariga boy davlat. Qayd etish joizki, suv resurslarining yuqori qismida joylashganimiz sababli mustaqillik yillarida yangi GESlar qura olmay, qishda elektr energiyasini import qilishga majbur bo‘ldik. O‘tgan 30 yil ichida biz ko‘mir, mazut, avval qurilgan GESlarning quvvatidan foydalanmoqdamiz. Ayni paytda biz gidroenergetika salohiyatining atigi 10 foizidan foydalanayapmiz”, – dedi Japarov.

 Izoh: 6 yanvar kuni Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirlari “Qambarota-1” GES qurilishini muhokama qilib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi kelishuvini imzolashgan edi. Uning qurilishi uchun taxminan 3 mlrd dollar sarflanishi kutilmoqda. Nafaqat Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham qarz botqog‘iga botib turgan hozirgi iqtisodiy holatida bu kabi yirik loyiha uchun kerakli mablag‘ ajratish imkoniga ega emas. Boshqa tomondan, bugungi kunda Qirg‘izistonning eng katta tashqi qarzi Xitoyning Eksport-import bankiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumki, qirg‘iz hukumati bir necha bor iltimos qilganidan so‘ng Xitoy hukumati to‘lash muddatini 4 yilga uzaytirishga rozi bo‘lgan edi. Bu haqda o‘sha vaqtdagi Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov 2020-yil 25-noyabr kuni parlamentdagi chiqishida ma’lum qilgan edi.

 “Xitoy qarzni to‘lash muddatini transhlarga bo‘lib to‘rt yilga uzaytirishni taklif qilmoqda. Bunday muddatni uzaytirish uchun foiz stavkasi 2 foiz etib belgilandi. Taklif hukumat tomonidan imtiyozlar bo‘yicha belgilangan parametrlardan oshmaydi. Ushbu summaning ortiqcha to‘lovi 2,9 milliard som bo‘ladi”, – degan edi Novikov.

 Qolaversa, iyun oyida Jogorku Keneshda Vazirlar mahkamasi raisi Akilbek Japarov boshchiligidagi hukumat vakillari mamlakatdagi so‘nggi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat haqida ma’lumot bergandi.

 Yig‘ilishda hukumat raisi tashqi qarzni to‘lash masalasi budjetning xarajatlar qismida alohida o‘rin tutishini belgilab, agar Qirg‘iziston qarzni o‘z vaqtida to‘lamasa, bir qancha obyektlar boshqaruvi boshqalar qo‘liga o‘tib ketishi mumkinligini eslatib o‘tgan edi.

 “2023-yildan 2028-yilgacha biz yiliga kamida 400 million dollar, ayrim hollarda esa 460 million dollargacha bo‘lgan tashqi qarzni to‘laymiz. Keyingi besh yili mobaynida davlat qarzini to‘lash uchun 35-50 milliard som sarflashimiz kerak bo‘ladi. Tashqi qarzning 50 foizdan ortig‘i Xitoyning Eksimbankiga to‘laymiz. Bu tahdid emas, lekin, to‘lay olmasak, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi, Datka-Kemin, shimol-janub muqobil yo‘li boshqa birovning qo‘liga o‘tadi”, – degandi Akilbek Japarov.

 Demak, prezident Japarov taklif qilayotgan “yashil” loyihalarda asosiy investor Xitoy bo‘lishi ehtimoli yuqori. Agar Xitoy bu loyihalarga ham “investor” bo‘ladigan bo‘lsa, yer osti boyliklarimizga egalik qilib talon-taroj qilayotgani kamlik qilganidek suv va o‘tloqlarimizga ham ega chiqadi.

 Bugungi kunda dunyoga hukmronlik qilayotgan kapitalistik tuzumda ribo ustiga qurilgan iqtisodiy munosabatlar qashshoq davlatlarni yanada qashshoqlashtirib, qarz botqog‘iga botirish asosiga qurilgan. Bu tuzum mavjud ekan iqtisodi qishloq xo‘jaligiga asoslangan “uchinchi dunyo” davlatlari hech qachon erkin nafas olmaydi. Xalqaro tuzum bu kabi davlatlarni qarzdan to‘liq ozod bo‘lishiga, iqtisodiy taraqqiyotning asosi bo‘lgan og‘ir sanoatini rivojlantirishga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Bu kabi davlatlar uzoq yillar mobaynida olingan qarzlar foizini to‘lab berishga, tanini qaytaradigan vaqtda to‘lashdan ojiz qolib yana yangi qarz olishga va bo‘g‘zigacha qarzga botib oxir-oqibat qarzlarini yer va qazilma boyliklar hisobidan to‘lashga majbur bo‘ladi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.