بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Allohning nusrat haqidagi va’dasi ro‘yobga chiqishidan oldin keladigan sinovlar va nusrat belgilari
(Birinchi halqa)
Ustoz Muhammad Jome (Abu Ayman)
Hizb ut-Tahrirning Sudan viloyatidagi
rasmiy notig‘i yordamchisi
Musulmonlar tuyg‘usini sun’iy qo‘zg‘ovchi voqealarning takrorlanishidan ularni qasddan tushkunlikka tushirish hamda himmatlarni pasaytirib, oralarida umidsizlik paydo qilish ko‘zlanadi. Masalan, islomiy yurtlar hukmdorlarining musulmonlarga ziyon yetkazgan va ularga qarshi jinoyatlar sodir etgan mustamlakachi Britaniya qirolichasi ta’ziyasiga chopib borishganini ko‘ryapmiz. Yoki AQSHning Sudandagi elchisining o‘zini xuddi tinchlik kabutari qilib ko‘rsatib, oilalar, qishloqlar, oqsoqollarni ziyorat qilayotganiga va kambag‘allarni borib ko‘rayotganiga, uchrashuvlar uyushtirib, konferensiyalarda qatnashayotganiga, hatto yurtning amaldagi rahbari kabi bayonotlar berayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ammo olamdagi, ayniqsa, musulmon yurtlaridagi hamma yovuzlik va jinoyatlarning muallifi Amerika ekanligi hammaga ma’lum.
Shubhasiz, bu mustamlakachi davlatlar malay hukmdorlar yordamida yurtimizda krizis va ofatlar keltirib chiqarishmoqda, rejalar tuzib, fitnalar qo‘zg‘ashmoqda, xavfsizlik xodimlari va rasmiylar bosimini kuchaytirib, yomon vaziyat, og‘ir hayot paydo qilishmoqda… Bularning barchasi ayrim insonlarni tushkunlik va umidsizlikka tushiryapti, «bunday ahvolda bizga nusrat keladimi», deydiganlar chiqyapti?!
Nusrat bu shunday ne’mat va in’omki, Alloh uni xolis bandalariga beradi. Uni ba’zan tezroq bersa, ba’zan kechiktiradi va buning hikmatini yolg‘iz O‘zi biladi. Nusrat bilan insonlarni sinaydi, kechiktirish bilan sobit va xolislarni mag‘lub bo‘lib, taslim bo‘lganlardan ajratib oladi. Inson nafsi yaxshilikka intiladigan, ozorga sabr qilmaydigan ekanligi Alloh Taoloning qonunidan ma’lum:
﴿وَلَوْ يُعَجِّلُ اللَّهُ لِلنَّاسِ الشَّرَّ اسْتِعْجَالَهُم بِالْخَيْرِ لَقُضِيَ إِلَيْهِمْ أَجَلُهُمْ﴾
«Agar Alloh bu odamlarga yaxshilikni tez keltirgani kabi yomonlikni ham naqd qilsa edi, albatta ularning ajallari yetgan bo‘lur edi» [Yunus 11]
Ko‘pincha yaxshi damlar yomon damlar ortidan keladi, tinchlik balo-sinovdan so‘ng bo‘ladi. Inson ko‘p ishlarni yaxshi deb o‘ylaydi-yu, ular yomon bo‘ladi, boshqa ishlarni yomon deb hisoblaydi-yu, ular yaxshi bo‘ladi.
﴿وَعَسَى أَن تَكْرَهُواْ شَيْئاً وَهُوَ خَيْرٌ لَّكُمْ وَعَسَى أَنْ تُحِبُّواْ شَيْئاً وَهُوَ شَرٌّ لَّكُمْ وَاللَّهُ يَعْلَمُ وَأَنتُمْ لاَ تَعْلَمُون﴾
«(Zotan) sizlar o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lgan narsani yoqtirmasligingiz va siz uchun yomon bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Alloh bilur, sizlar bilmassiz» [Baqara 216]
Chindan ham, Islom Ummati o‘z tarixi davomida shiddatli zarbalarga duch keldi, hatto u zarbalar hali ham davom etyapti. Masalan, o‘tmishda mo‘g‘ul-tatarlar hujumlari, salibchilar urushlari bo‘ldi va Alloh Taolo Ummatga xolis er kishilarni chiqarib berib, ular saflarini birlashtirdilar. Natijada Ummat dushmani ustidan zafar quchdi. Hozir ham, ayniqsa, Xalifalik ag‘darilgandan so‘ng hujumlar davom etib, yurtlarimizga mustamlakachilar kirib kelyapti: Falastin bosib olindi, uning ahli qirg‘in qilindi, ko‘chirib yuborildi… Aqso yahudiylar qo‘lida asir qoldi, kechayu kunduz uni oyoq osti qilishmoqda… Bosniya va Gersegovinada ayollar zo‘rlandi… Checheniston tortib olindi… Sigirparast hindular musulmonlarga jur’at qilishyapti… Butparastlar rohinga musulmonlari boshlariga ne-ne halokatlar yog‘dirishmadi… Markaziy Afrikada nasroniylar musulmonlarni vahshiylik bilan qirg‘in qilishdi… Iroq va Afg‘oniston vayron qilindi… Sudan janubi bo‘lindi… va hokazo. Bularning barchasi islomiy yurtlar hukmdorlari, ulamolari va gumashtalarining dahshatli til biriktiruvi bilan amalga oshdi.
Ha, bu provokatsion voqealar va qaqshatqich og‘ir zarbalar Ummatning ba’zi farzandlariga ta’sir qilib, larzaga keltirdi. Bu yoqdan mustamlakachi davlatlar musulmonlarga qarshi fikriy va saqofiy kurash olib borib, shar’iy dalillarga nisbatan shubha uyg‘otishga va Alloh Taoloning ko‘plab ahkomlarini badnom qilishga, qator islomiy tushunchalarni buzishga harakat qilishyapti. Shuning barobarida isqirt kufr fikrlariga targ‘ib qilib, Islom ahkomlarini davlat va jamiyatda tatbiq etishga da’vat qilayotgan insonlarga tazyiq o‘tkazishmoqda, ularni quvg‘in ostiga olib, jonlariga, mollariga va ahllariga zahmat yetkazishyapti. Bunday shiddatli kurash ba’zilarning azmu-qarorini zaiflashtirdi. Kimdir azmu-qarorini o‘zgartirib, G‘arb karvoniga qo‘shildi. Kimdir tinch-salomat yurishni, dunyoni sevib, sukut qilishni afzal bildi. Kimdir umidsizlik va tushkunlikka tushib, Ummatning ochiq fath va yaqin nusrat quchishini amri mahol, deb bildi. Ammo Ummat o‘g‘lonlarining sahovatli bir guruhi haqiqat uchun kurashda davom etdilar, ulkan qoya misol mustahkam turdilar, voqea-hodisalar ularni larzaga solishga, fitnalar o‘zgartirishga, azob-uqubatlar irodalarini sindirishga qodir bo‘lolmadi, zotan, ularda Rosululloh ﷺning ushbu so‘zlari o‘z aksini topdi:
«لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي ظَاهِرِينَ عَلَى الْحَقِّ لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَذَلَهُمْ حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللَّهِ وَهُمْ كَذَلِكَ»
«Ummatimdan bir toifasi haq ustida g‘olib turishda davom etadi. Yordamsiz qoldirganlar ularga ziyon yetkazolmaydi. Ular Allohning amri (qiyomat kuni) kelguncha shu holda o‘zgarmay turadilar». (Muttafaqun alayhi).
Ha, Ummat o‘zining boshqaruvchi, yetakchisi, hokimiyat va davlatini yo‘qotgandan keyin, xalifasiz, imomsiz, qo‘mondonsiz qolgach, buzilish ommatan keng yoyildi. Ushbu so‘zlarni aytgan Rosululloh ﷺ haq so‘zladilar:
«الْإِمَامُ جُنَّةٌ يُقَاتَلُ مِنْ وَرَائِهِ وَيُتَّقَى بِهِ»
«Imom-xalifa qalqondir, uning ortida turib jang qilinadi va u bilan himoyalaniladi».
Bugun musulmonlarning hukmdorlari Ummatga na imom bo‘lishdi, na yetakchi va na boshqaruvchi. Aksincha ular Ummat boshiga balo bo‘ldi. Rosululloh ﷺ bunday deya haq-rost so‘zladilar:
«إِنَّهَا سَتَأْتِي عَلَى النَّاسِ سِنُونَ خَدَّاعَةٌ؛ يُصَدَّقُ فِيهَا الْكَاذِبُ وَيُكَذَّبُ فِيهَا الصَّادِقُ، وَيُؤْتَمَنُ فِيهَا الْخَائِنُ وَيُخَوَّنُ فِيهَا الْأَمِينُ، وَيَنْطِقُ فِيهَا الرُّوَيْبِضَةُ. قِيلَ: وَمَا الرُّوَيْبِضَةُ؟ قَالَ: السَّفِيهُ يَتَكَلَّمُ فِي أَمْرِ الْعَامَّةِ»
«Albatta, insonlarga aldamchi yillar keladi. U yillarda yolg‘onchi rostgo‘yga, rostgo‘y esa yolg‘onchiga chiqariladi, xoinga omonat topshiriladi, omonatgo‘y xoinga chiqariladi. U yillarda ruvaybiza nutq so‘zlaydi. Ruvaybiza kim? deb so‘raldi. Shunda Rosululloh omma ishi xususida nutq so‘zlovchi tentak, deb javob berdilar». (Imom Ahmad musnadi).
Ha, Islom Ummati qo‘shinlarni boshqarib, Islom bayroqlarini ko‘targan paytida, qal’alarni buzgan er kishilarni, mard va qahramonlarni yetishtirib chiqargan va butun dunyoga ezgulik ulashgan edi. Yordam so‘ragan zaiflarga yordam ko‘rsatardi, boshpana so‘raganlarga-boshpana berardi. Rivoyat qilishlaricha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Shomga borganda qo‘shinlar uni qarshi olgani chiqishadi, qarashsa uning egnida izor (tananing pastki qismini o‘rab turuvchi mato), oyog‘ida kovush, boshida salla bo‘ladi va o‘zi tuyasini boshidan ushlab olib, sug‘orayotgan bo‘ladi. Ular – ey mo‘minlar amiri, sizni Shom yo‘lida qo‘shin kutib oldi, siz esa shu ahvoldasiz, deyishadi. Shunda Umar roziyallohu anhu bunday deydilar: «Biz Alloh Islom bilan aziz-kuchli qilgan xalqmiz. Bas, Islomdan boshqa yerdan azizlik qidirmaymiz».
Keskin va qat’iy aytamizki, Alloh Taoloning izni ila, biz o‘sha sharafli voqelikka albatta qaytamiz, Allohning va’dasi va Rosuli ﷺning bashoratlari xushxabarini albatta ko‘ramiz. Shu bois, bor kuch va imkoniyatni sarflab, bu muvaffaqiyatsizliklarni bartaraf qilmog‘imiz, bashoratlarga intilib, sinovlarga sabr qilmog‘imiz darkor. Hech shubha yo‘qki, nusrat Alloh Subhanahuning o‘zi bilgan soatda albatta keladi. Bizdan talab qilingani esa, yer yuzida Islom boshqaruvini barpo etish harakati bilan shug‘ullanishdan iborat. Har birimiz o‘z o‘rnini bilsin: O‘z burchini bajardimi, Islom undan talab qilgan ishlarni qildimi?! Yoki dunyoga mehr qo‘ydimi, qiyinchiliklar va voqealar uni titratdimi, Islomga yordam berish amalidan burdimi, Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni barpo etishga da’vat qilmadimi?!
(Davomi bor).
Roya gazetasining 2022 yil 2 noyabr chorshanba kungi 415-sonidan