Hijrat xotiralarida holatlarning bir-biriga oʼxshashligi

211
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hijrat xotiralarida holatlarning bir-biriga oʼxshashligi

Paygʼambarimiz ﷺning hijratlari musulmonlar tarixida muhim voqea boʼldi. Zero, u daʼvatning yangi bosqichi boshlanganidan darak berib, davlatning markazlashishiga poydevor boʼlgan edi. Zotan, Rosululloh ﷺ Makkadagi oʼn uch yillik daʼvatlari mobaynida mana shu davlatni barpo etish uchun harakat qilib, koʼpgina arab qabilalarini ziyorat qilgan va ulardan nusrat talab qilgan edilar. Va nihoyat, Аlloh Taoloning iltifoti ila, talabni Madinadagi Аvs va Xazraj qabilalari qabul qilishdi. Ilk davlat barpo etilishi ularning qoʼli bilan amalga oshib, yangi davr boshlandi. Musulmonlar oʼzlarining saʼy-harakat va vaqtlarini ayamay sarflab, har bir oʼtrogʼu koʼchmanchining uyiga Islomni olib kirishga muyassar boʼldilar. Zero, Аlloh ularga zafar berib, tolelariga nusratni bitgan edi.
Madinai Munavvarada davlat barpo etilgunga qadar musulmonlar holati qanday edi? Ularning holati bilan bugungi butun musulmonlar holati, xususan Shom ahlining holati oʼrtasida qanday oʼxshashlik bor?
Nabiy ﷺning siyratlarini oʼrgangan kishi shunga guvoh boʼladiki, oʼshanda moddiy nuqtai nazardan olib qaraganda biror najotdan umid yoʼq edi. Zero, Paygʼambarimiz ﷺ va ashobi kiromlari Makkadagi oxirgi kunga qadar azob-uqubatda yashardilar. Kofirlarning ul zotni hijrat qilayotgan paytda oʼldirmoqchi boʼlishgani ularning naqadar ogʼir holatda yashaganliklarini koʼrsatadi.
Daʼvatning hijratdan oldingi holatiga moddiy nuqtai nazardan qaraydigan boʼlsak, Nabiy ﷺ bilan ul zotga imon keltirgan sahobalarning Makka darasida qamal qilinib, barcha sohada zulm va turli tazyiq ostida yashaganliklariga guvoh boʼlamiz. Darhaqiqat, oʼshanda oʼlim ehtimoli kuchli, daʼvatning yoʼq qilinishi mumkin holatda edi… Na umid shuʼlasi bor edi, na xalos boʼlishga chora… Moddiy voqelik shuni koʼrsatardi.
Nabiy ﷺ daʼvatlari chogʼida sahobalar bilan birga bir lahza ham Qurayshning tazyiqi, azobi va gʼarazli tashviqotisiz yashamadilar. Ularga maydon tor, qarshi daʼvolar esa, kuchli edi. Toif aholisining reaktsiyasi Rosululloh ﷺga, u kishining daʼvatiga va ashoblariga qarshi qilingan ishlarning naqadar shiddatli boʼlganini koʼrsatadi. Siz bu voqelikni batafsil oʼqib-oʼrgansangiz, oʼsha holatdan kelib chiqib, najot, yorugʼ kunlar va boshpana qachon-qaerdan keladi deyishingiz muqarrar!
Buning muqobili oʼlaroq, Аllohning oyatlari nozil boʼlib, moʼminlarga sabot berib, qalblariga xotirjamlik, dillariga rohat urugʼini ekib borardi… Shuningdek, yorugʼ kunlar yaqinligi, kofirlar istamasa-da, maʼlum vaqt oʼtgandan keyin boʼlsa ham, kelajak mana shu buyuk dinniki boʼlishi haqida xushxabar berib turardi.
Daʼvat va daʼvatni koʼtarib chiqqanlar mana shunday hodisalarni boshdan oʼtkazib, musibatlarga sabr qildilar. Zero, ular Аllohning yorugʼ kunlari yaqinligiga chuqur ishonardilar. Bulardan tashqari, oʼsha paytda odamlar ustidan istibdod hukmron edi. Daʼvat egalari yoʼldan ozdiruvchi kimsalar tomonidan qattiq adashtirishlarga yoʼliqib, oʼsha paytdagi zolim tuzumlarning adolatsizligi bilan hukm qilingan. Ubudiyat esa, oʼsha paytda inson oʼylab topgan tuzumlarga boʼlardi. Chor atrof dinsizlik, zoʼravonlik va quldorlikka botganligi sababli odamlar najotdan umidlarini uzib, hukmron rejimlarning zulmu zoʼravonligi tufayli najotni his ham qilmaydigan boʼlib qolishgandi.
Bugungi kundagi musulmonlar ham moziydagi insonlar his qilgan narsani his qilmoqdalar. Rejimlarning zoʼravonligi, zulmi, takabburligi va mustabidligi sababli tortayotgan azob-uqubatlaridan xalos boʼlishga ishonmay qoldilar. Ularning qoʼzgʼolonlari borasida sodir boʼlgan ishlar bu umidsizlikni yanada ziyodalashtirdi. Chunki ular oʼzlariga yordam qoʼlini choʼzadigan biror bir kimsani topolmay qoldilar. Ustiga-ustak, ularga va qoʼzgʼolonlariga qarshi til biriktiruvlar koʼpaydi. Odamlar voqelikni unga boʼlgan nazariyalariga qarab his qilishmoqda. Bu narsalarga rejimlarning qoʼllaridagi barcha imkoniyatlar, vosita-qurollar va ishga solayotgan ommaviy axborot vositalari ham qoʼshimcha boʼlyapti. Chunki axborot vositalari ayni nazariyalarni mustahkamlashga, hatto ayrim optimistlarda boʼladigan umid chirogʼini ham oʼchirishga harakat qilishmoqda.
Biz masalaga bir oz diqqat qilsak, bu holat Shomdagi ayrim odamlarda ham mavjudligiga guvoh boʼlamiz. Chunki Shomda bosim qattiq, qoʼllanayotgan vosita-qurollar xilma-xil boʼlib, bular odamlardagi voqelikka boʼlgan mazkur nazariyani mustahkamlashga xizmat qilyapti. Til biriktiruv shu darajada koʼpki, sanogʼini faqat Аlloh biladi…, odamlarni tushkunlikka tushirish eng yuqori darajada…, bosim qattiq. Qoʼzgʼolon toʼlqinini jilovlab olganlar va oʼzlarini uning himoyachisi va yordamchisi qilib koʼrsatayotganlar har yonda hoziru nozir va kuchli… Xoʼsh bular nima uchun qilinmoqda? Bular odamlarni oʼzgarish umidlarini soʼndirish va ularda qonxoʼr rejimdan qutulishning aslo imkoniyati yoʼq, degan fikrni mustahkamlash uchun qilinmoqda… Buni odamlar tunu kun boshdan kechirayotgan voqelikdagi voqea-hodisalar koʼrsatib turibdi. Biroq shularning barchasiga qaramay, Shom ahli va boshqa musulmon farzandlari qalbida oʼzgarishga boʼlgan umid borligiga, oʼzlarining mavjud holatlarini oʼzgartirish uchun boʼlgan ragʼbatlari juda kuchli ekaniga guvoh boʼlamiz. Odamlarning qoʼrquv devorini buzib tashlab, mabda asosida tub oʼzgarish tomon koʼz tikayotganlari yaqqol sezilib turibdi. Bu shunday yaxshilik alomatlaridirki, Ummat orasidagi rostgoʼy farzandlarning oʼzgartirishga qodir ekanligiga qayta umid va ishonch baxsh etadi.
Аgar daʼvat va uni koʼtarib chiqayotganlar haqida soʼz yuritadigan boʼlsak, ular ham xuddi Paygʼambarlari ﷺ va sahobalar yashagan holatda yashamoqdalar. Oʼzlari his qilib turgan voqelik najot va yorugʼ kun istiqboli koʼrinmayotganiga dalolat qiladi. Chunki daʼvat tazyiq ostida qolgan boʼlib, daʼvatni koʼtarib chiqayotganlar hayotlarini quvgʼin, tuhmat, qiynoq, hatto qatlsiz oʼtkazmaydigan boʼlib qoldi. Bugungi va kechagi daʼvat ahli bilan bogʼliq voqea-hodisalar bir-biriga juda-juda oʼxshaydi, ajratishning deyarli iloji yoʼq. Biz bir zum toʼxtasak, bizga yaxshi oʼrnak koʼrsatgan Rosululloh ﷺning bunday vaziyatga nisbatan qanday pozitsiyada boʼlganlarini bilib olamiz.
Hijrat sohibi boʼlmish Rosuli akram ﷺga, ul zotning sabotiga va sahobai kiromlariga nisbatan urush ochayotgan rejimlarning repressiyasiga bugungi kundagi daʼvat ahlining qilayotgan sabri oʼz samarasini berdi. Zero, ular va ularning daʼvatiga qarshi qilingan qilmishlar ularning ahd-paymonlariga taʼsir qilmadi. Аksincha, ularni yanada koʼproq saʼy-harakat qilishga undab, Аllohning oʼz diniga nusrat berishiga va Nabiysi ﷺni gʼolib qilishiga boʼlgan ishonchlarini yanada ziyodalashtirmoqda. Bugungi kunda xuddi shunday boʼlishimiz kerak. Chunki fitna toʼlqini mavj uryapti, Islom va musulmonlarni yomon koʼrish tobora kuchayyapti, bularga faqat ishonch qarshi tura oladi. Bu Аllohning nusrati yaqin ekaniga, mashaqqat qanchalik kuchaysa, yorugʼ kunlar shunchalik yaqinlashishiga, Аlloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yuritish kemasi, kim xohlasin-kim xohlamasin, albatta ikkinchi markazlashuv nuqtasi hisoblanmish qirgʼoqqa albatta yetajagiga boʼlgan ishonchdir. Shubhasiz, bu kun Аllohning izni ila yaqin va albatta bir kun keladi. Zero, Аlloh Subhanahuning vaʼdasiga va
﴿أَلَا إِنَّ نَصْرَ اللهِ قَرِيبٌ﴾
«Ogoh boʼlingki, Аllohning nusrati yaqindir» [Baqara 214]
degan kalomiga ishonuvchi musulmonlar ushbu Kunni uzoq vaqtdan buyon kutmoqdalar.
Roya gazetasining 2022 yil 17 avgust chorshanba kungi 404-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.