Xitoy Misrdan qarz evaziga strategik obʼektlarni soʼramoqda

287
0

Xitoy Misrdan qarz evaziga strategik obʼektlarni soʼramoqda

Xabar: Аvgust oyi boshida Misr va Xitoy vakillari oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi. Unda tomonlar Misrning strategik aktivlarini Xitoyga sotib, qarzlarini toʼlash masalasini muhokama qilishdi.
Qayd etilganidek, Xitoyga boʼlgan 8 milliard dollarlik qarzni Misr portlari va aeroportlaridagi strategik aktivlarga almashtirish imkoniyati muhokama qilindi. Misr delegatsiyasi 10 milliard dollarlik boshqa aktivlarni ham taklif qildi.
Joriy yilda Qohira qarz va foizlarini toʼlash uchun oʼnlab milliard dollar toʼlashi kerak. Jahon banki tomonidan eʼlon qilingan hisobot shuni koʼrsatdiki, Misrning umumiy tashqi qarzi mart oyi oxirida misli koʼrilmagan darajaga yetdi va taxminan 158 milliard dollarni tashkil etdi.
Hisobotga koʼra, 2022 yilning martidan 2023 yilning martigacha Misr 33 milliard dollarlik tashqi qarzni toʼlashi shart. Bu Qohiraning deyarli barcha valyuta zaxiralariga teng, hozirda ular 33,3 milliard dollarga baholanmoqda.

Izoh: Boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan farqli ravishda Xitoy beradigan qarz va ularning foiz stavkalari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilmaydi. Bundan tashqari, Xitoy qarz oluvchi davlatdan turli demokratik islohotlar oʼtkazish, inson huquqlarini taʼminlash kabi shartlarni qoʼymaydi. Shuningdek, ayrim manbalarda kelishicha, Xitoyning investitsiyaga doir shartnomasida bir maxsus band mavjud boʼlib, unga binoan davlatlar Xitoydan olgan qarzlari evaziga oʼz mustaqilligining bir qismidan voz kechishlari lozim, shu jumladan Xitoy bilan xalqaro sudda tortishish huquqidan ham mahrum boʼladilar. Qolaversa, Xitoy bergan qarzlarini naqd pul oʼrniga qaytarilishidan koʼra, qarzdor davlatlardan strategik muhim obʼekt, yer va tabiiy boyliklari evaziga “voz kechib yuboradi”. Masalan, qoʼshni Tojikiston Xitoyning “Eksimbank”idan olgan qarzlari evaziga Xitoy kompaniyalari uchun oʼz eshigini ochib berdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʼra, ayni vaqtda Tojikistondagi oltin konlarining yarmidan koʼprogʼi Xitoy kompaniyalarga tegishli. Xitoy kompaniyalari bunday konlarning 60 foiz aktsiyalariga egalik qilmoqda. Bundan tashqari, 2011-yili Tojikiston tashqi qarzining muhim qismidan kechish evaziga Xitoy Togʼli Badahshondan 1158 kv. km tabiiy boyliklarga boy hududga ega chiqqan. Yana bir misol, tashqi qarz evaziga Keniyaning Mambos porti Xitoy tassarufiga oʼtgan. Shuningdek, Shri-Lanka Xambantota yirik porti aktsiyalarining 70 foizini 99 yilga xitoy kompaniyasi boshqaruviga oʼtkazib bergan.

Qirgʼiziston esa 2003-yilda Xitoyga 161 km², shu jumladan strategik ahamiyatga ega Uzongu-Kuush darasini berishiga toʼgʼri keldi. Bundan tashqari, joriy yil iyun oyida Vazirlar mahkamasi raisi Аkilbek Japarov Jogorku Keneshda bergan hisobotida: “2023-yildan 2028-yilgacha biz yiliga kamida 400 million dollar, ayrim hollarda esa 460 million dollargacha boʼlgan tashqi qarzni toʼlaymiz. Keyingi besh yil mobaynida davlat qarzini toʼlash uchun 35-50 milliard som sarflashimiz kerak boʼladi. Tashqi qarzning 50 foizdan ortigʼi Xitoyning Eksimbankiga toʼlaymiz. Bu tahdid emas, lekin, toʼlay olmasak, Bishkek issiqlik elektr stantsiyasi, Datka-Kemin, shimol-janub muqobil yoʼli boshqa birovning qoʼliga oʼtadi”, – degan edi. Bu yerda boshqa birovdan murod Xitoy ekanligi hech kimga sir emas.

Hozir dunyoda hukmronlik qilayotgan kapitalistik tuzumda ribo ustiga qurilgan iqtisodiy munosabatlar qashshoq davlatlarni yanada qashshoqlashtirib, qarz botqogʼiga botirish asosiga qurilgan. Bu tuzum mavjud ekan iqtisodi qishloq xoʼjaligiga asoslangan “uchinchi dunyo” davlatlari hech qachon erkin nafas olmaydi. Xalqaro tuzum bu kabi davlatlarni qarzdan toʼliq ozod boʼlishiga, iqtisodiy taraqqiyotning asosi boʼlgan ogʼir sanoatini rivojlantirishga aslo yoʼl qoʼymaydi. Bu kabi davlatlar uzoq yillar mobaynida olingan qarzlar foizini toʼlab berishga, tanini qaytaradigan vaqtda toʼlashdan ojiz qolib yana yangi qarz olishga va boʼgʼzigacha qarzga botib oxir-oqibat qarzlarini yer va qazilma boyliklar hisobidan toʼlashga majbur boʼladi.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.