Toqayev yanvar voqealari yuzasidan xalqaro tergov oʻtkazishga ruxsat bermadi

41
0

Toqayev yanvar voqealari yuzasidan xalqaro tergov oʻtkazishga ruxsat bermadi

Xabar: Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev xalqaro hamjamiyatning yanvar voqealari boʻyicha xalqaro tergov oʻtkazish chaqirigʻini rad etdi. Mazkur voqealarda kamida 227 kishi halok boʻlgani rasman bildirilgan.
Toqayev 29 yanvar kuni televideniya orqali qilgan chiqishida Qozogʻiston hukumati xorij davlatlarining yordamisiz ichki tergov oʻtkazishga qodir ekanini aytdi. U yana bir bor “Qozogʻistonga terrorchilar hujum qilgani” toʻgʻrisidagi bayonotini takrorladi.
Yevropa parlamenti 20 yanvar kuni bir ovozdan “Qozogʻiston xalqiga qarshi sodir etilgan jinoyatni tegishli tarzda xalqaro tergov qilish” talab etilgan rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Toqayev mazkur rezolyutsiyani “noxolis va hozircha kerak boʻlmagan” qaror deb atadi.

Izoh: Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev shoshilinch tarzda Rossiya boshchiligidagi KXShT aralashuvini soʻrab murojaat qilgan vaqtda “Qozogʻiston terrorchilik hujumiga, xorijlik jangarilar ishtirokidagi qasddan uyushtirilgan agressiyaga uchragani, Olmaotaga 20 ming jangari hujum qilganini, terrorchilar tomonidan sodir etilgan zoʻravonliklar natijasida xavfsizlik xizmati xodimlari va tinch aholi orasida koʻplab qurbonlar boʻldi, 1300ga yaqin tadbirkorlik obʼekti zarar koʻrdi, 100dan ortiq savdo markazi va banklarga hujum qilindi, 500ta politsiya mashinasi yoqib yuborildi, koʻrilgan ziyon 2 va 3 milliard atrofida”, boʻlganini aytgan edi.

Toqayevning “terrorchilar” borasida bergan bayonoti voqelikka umuman mas kelmaydigan quruq soʻzdan boshqa narsa emasligi, u oʻz taxtini saqlab qolish uchun tinch namoyishchilarni terrorchiga chiqargani kundek ravshan edi. Shu sababli vaziyat nazorat ostiga olinganidan keyin u shoshilinch bergan bayonotidagi “terrorchilar”ning izini yoʻqotishga kirishdi. Navbatdagi bayonotida Toqayev “terrorchilar toʻqnashuvlar vaqtida halok boʻlgan sheriklarining jasadlari va yaradorlarni oʻzlari bilan olib ketishgani, terrorchilar oʻz safdoshlari jasadlarini oʻgʻirlash uchun morglarga hujum qilishgani”ni iddao qildi. Keyinchalik tinch namoyishlar vaqtida qurbon boʻlganlar sonini kamaytirish maqsadida “jangarilar yashirin koʻmilgan joy topilgani” xabar qilindi. Bularning barchasi Toqayev oʻz taxtini saqlab qolish va hokimiyat talashuvida oʻz xalqini qirgʻin qilganini yashirish uchun qilindi.

Tabiiyki, Toqayevning ushbu bayonotlariga oʻzi va shu voqeadan manfaatdor boʻlgan tomonlardan boshqasi ishongani yoʻq. Shu sababli ham yanvar voqealaridan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishga muvaffaq boʻlmagan Gʻarb davlatlari qozoq hukumatidan “yanvar voqealari boʻyicha xalqaro tergov oʻtkazishni” talab qila boshladi. Albatta, Yevropa davlatlarining bu talabi qozoq xalqi huquqlarini himoya qilish yoki adolat oʻrnatish maqsadida emas, balki boy bergan pozitsiyasini tiklash va oʻz manfaatlarini taʼminlashga urinishdan boshqa narsa emas. Ular qozoq hukumatini oʻz izmiga solish uchun kerak boʻlsa unga qarshi sanktsiyalar qoʻllashga qadar borishadi. Bunda ular “tinch namoyishchilarga qarshi kuch qoʻllash”, “inson huquqlarini taʼminlash” kabi “demokratik qadriyatlardan” qurol sifatida foydalanishadi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.