Sadir Japarov MDH sammitida ishtirok etadi

105
0

Sadir Japarov MDH sammitida ishtirok etadi

Xabar: Prezident Sadir Japarov 28-yanvar kuni Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) davlat rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Sank-Peterburgga boradi. Bu haqda prezident maʼmuriyati xabar berdi.
Yigʻilishda Armaniston, Ozorbayjon, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Qozogʻiston prezidentlari ishtirok etadi. Sammitda Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarbayev ham mehmon sifatida ishtirok etishi kutilmoqda. Norasmiy sammit Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan oʻtkazilmoqda.

Izoh: Bundan roppa-rosa 30 yil oldin,1991-yil 26-dekabrda SSSR Oliy Kengashining yuqori palatasi sessiyasida SSSRning mavjudligini tugatish toʻgʻrisidagi №142 sonli deklaratsiya qabul qilindi. Shu tariqa SSSR toʻliq parchalanib ketdi. Rossiya SSSRning xalqaro tashkilotlardagi vorisi etib belgilandi va sovet ittifoqining barcha qarzlari toʻlash va aktivlariga egalik qilish vakolatiga ega boʻldi. Rossiya oʻzining sobiq mustamlakalarini nazorati ostida ushlab qolish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)ni tashkil etdi. Ammo bu tashkilot uzoq yillar mobaynida shunchaki rasmiy uchrashuv va aksariyati ijro etilmagan qarorlar qabul qilishdan nariga oʻtmadi. U na siyosiy va na iqtisodiy jihatdan taʼsirli tashkilotga aylana oldi. U koʻproq ramziy hamkorlikni ifoda qilib keldi.
Biroq, soʻnggi yillarda Rossiya bu tashkilotdan ham oʻz harbiy maqsadlari yoʻlida foydalanishga harakat qilishga kirishdi. Shu maqsadda 2020-yilning kuzida ShHT va KXShT bilan hamkorlikda qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazdi. Bundan tashqari MDH doirasida aʼzo davlatlar maxsus xizmatlari oʻrtasida hamkorlik va faoliyatlarini muvofiqlashtirish, “terrorizm” va “ekstremizm”ga qarshi kurash ostida hamkorlikni kuchaytirishga intilmoqda. Bu ishda Rossiyaga ayniqsa “afgʻon tahdidi” qoʻl kelmoqda.
Bunga qoʻshimcha, soʻnggi vaqtlar Ukraina bahonasida AQShning NATO orqali sharqqa qarab kengayib borishi va Rossiyaning “tumshugʻining ostiga” qadar kirib kelishi Putinni jiddiy tashvishga solib qoʻydi. Shu sababli ham Putin AQSh oldiga bir tomonlama majburiyatlar yuklab, unga ulьtimatum qoʻydi. Rossiya AQShga qoʻygan shartlarida, u avval SSSR tarkibiga kirgan va NATO aʼzosi boʻlmagan davlatlar hududida harbiy bazalar tashkil etmaslik, har qanday turdagi harbiy faoliyat uchun ularning infratuzilmasidan foydalanmaslik va ular bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlikni rivojlantirmasligi kerakligi taʼkidlangan edi. Bu Amerika Rossiyaning “orqa frontidan”, yaʼni Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishdan tiyilishga boʻlgan chorlov edi. Sank-Peterburgda boʻlib oʻtadigan norasmiy sammitda ham Putin asosan shu masalani koʻtarishi va mintaqa davlatlarini AQSh va NATO bilan hamkorlik, harbiy baza uchun yer berishdan tiyilishga chaqirib, buning oqibatlari jiddiy boʻlishidan ogohlantirish ehtimoli mavjud.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.