Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi

771
0

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi

Xabar: Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar qilishicha, muloqot chogʻida ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro siyosat kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Afgʻonistondagi bugungi vaziyat, uning xalqaro xavfsizlikka taʼsiri, mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi, shuningdek, afgʻon xalqiga favqulodda gumanitar yordam koʻrsatish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Qirgʻiziston Xavfsizlik kengashi raisining oʻrinbosari Taalatbek Masadikov bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Muzokaralar davomida ikki davlatning Afgʻoniston yoʻnalishidagi oʻzaro hamkorligiga oid ayrim masalalar muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Izoh: Afgʻonistonda tezroq tinchlik oʻrnatilsa Markaziy Osiyo respublikalarida Afgʻoniston va Pokiston orqali dengiz portlariga chiqish imkoniyati paydo boʻladi. Shu sababli ham mintaqa davlatlari –Tojikistondan tashqari – Afgʻoniston bilan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini oʻrnatish, hokimiyat tepasiga kelgan Tolibon harakati bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatishga harakat qilib kelishmoqda. Afgʻonistonga insonparvarlik yordamlari va yuqori martabali vakillarini joʻnatishmoqda.
Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilsa mintaqa davlatlari uchun manfaatli boʻlgan “Mozori Sharif-Qobul-Peshavor” yangi temir yoʻlini qurish imkoni paydo boʻladi. Biroq, bu loyiha AQShga tegishli boʻlib, Amerikani Afgʻonistonga bostirib kirishdan koʻzlagan maqsadlaridan biri – Markaziy Osiyo respublikalaridagi xom-ashyoni Rossiyani chetlab oʻtib, Afgʻoniston orqali temir yoʻl va neft quvurlarini Mozori-Sharif – Qobul – Peshovor yoʻnalishi boʻyicha okeanga olib chiqishdan iborat boʻlgan. Agar bu loyiha amalga oshsa Rossiyaning Markaziy Osiyo respublikalariga boʻlgan taʼsirini jiddiy zaiflashtiradi. Bu esa Rossiya uchun istalmagan holat. Shu sababli ham u “afgʻon tahdidini” imkon qadar boʻrttirib koʻrsatish orqali mintaqa davlatlarini Afgʻoniston bilan masofada ushlab turishga intilmoqda.
Mintaqa davlatlari mustaqil ravishda toliblar hukumatini rasman tan olib, diplomatik aloqalarni oʻrnata olishmaydi. Buning uchun Rossiya tomonidan ruxsat berilishi shart. Shuning uchun ham ular Rossiya Tolibonga nisbatan qanday pozitsiya ushlashini kutgan holda hozircha faqat yordam va vakillarini yuborish bilan cheklanishmoqda.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.