بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Tolibon harakati ikki tanlov o‘rtasida!
Ustoz Sayfulloh Mustanir
Hizb ut-Tahrir – Afg‘oniston viloyati matbuot bo‘limi raisi
Tolibonning Qobulga hukmron bo‘lganiga ikki oy bo‘ldi. Aftidan, jangovar maydonda tez yurib, yutuqlarga erishgan mashina xalq muammolarini hal etish kerak bo‘lgan hokimiyatga chiqqanda rosa sekin yurayotgan ko‘rinadi.
O‘tgan oy Tolibon harakati muvaqqat hukumat tuzilganini e’lon qilib, uni «islomiy amirlik», deya tanishtirdi. Bu mintaqaviy va xalqaro deklaratsiya va rezolyutsiyalarga zid. Ammo, hozirgacha hech bir davlat amirlikning qayta tiklangani borasida qat’iy pozitsiyani egallamagan.
Tolibon rejimining ishi normal holatga qaytmadi. Chunki iqtisodiy muammo kundan-kunga og‘irlashib bormoqda. Banklar oldida uzundan-uzun navbat kutgan odamlarga haftasiga atigi 200 dollardan olishga ruxsat berilgani, ular buni mashaqqat, tiqilinch va ur-yiqitlardan so‘ng arang olayotganlari hech kimga sir emas… Bu qorong‘i iqtisodiy vaziyatdan darak bermoqda. Muammolarning bir qismi sobiq ma’muriyat qoldirib ketgan muammolar hisoblansa-da, biroq, Tolibon mavjud muammoni hal etish uchun biror mexanizmni haligacha topolgani yo‘q.
Ustiga-ustak, Afg‘onistonda vaqtinchalik adliya vazirligini bajaruvchi shaxs Xitoy elchisi bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida bunday bayonot berdi: «O‘tish davri mobaynida Afg‘oniston Islom Amirligi sobiq hukmdor Muhammad Zohirshoh konstitutsiyasini tatbiq qiladi, undan islomiy shariat va Islomiy Amirlikka zid bandlarini olib tashlaydi».
Biroq, bu bayonot ortidan afg‘on xalqi tomonidan umidsizlik to‘lqini namoyon bo‘ldi. Darhaqiqat, Tolibonni Zohirshoh konstitutsiyasini asos sifatida qabul qilishga majbur qilgan global bosimlarni inkor etib bo‘lmaydi. Bu qaror Tolibon ichkarisi va tashqarisidagi muxolafatni qo‘zg‘ab yubordi.
Shubhasiz, asos sifatida Zohirshoh konstitutsiyasini qabul qilish – vaqtinchalik bo‘lsa ham – juda xavfli ish bo‘lib, ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Chunki bu konstitutsiya «Loya Jirg‘a» orqali xalq ovozi bilan tasdiqlangan ilmoniy qonundan boshqa narsa emas. Aslida, bu qonun qonuniylikni islomiy shariatdan olish o‘rniga, xalq ovozidan olgan bo‘lib, islomiy aqida o‘rniga, ilmoniy mafkuraga, dinni hayotdan ajratishga asoslangan.
Shu tariqa, Tolibon o‘z yondashuvining yanada moslashuvchan ekanini butun dunyoga namoyon qilishga urinmoqda. Ular to‘qsoninchi yillardagi kabi siyosiy va iqtisodiy jihatdan yakkalanib qolishni istashmayapti. Shuning uchun dunyo bilan do‘stona va konstruktiv munosabatlar o‘rnatishga harakat qilishmoqda. Qobuldagi xorijiy elchilar va diplomatlar bilan bo‘lgan ziyofat chog‘ida Tolibon bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Abdulg‘aniy Barodar «Islomiy Amirlik dunyoning boshqa davlatlariga zarar etkazish siyosatini qo‘llamaydi, barchalari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishni istaydi», dedi. So‘ng xorijiy davlatlarni Qobulda o‘z elchixonalarini ochishga chaqirdi. Vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlayotgan Amirxon Muttaqiy ham «Biz mamlakat ichkarisidagi to‘g‘ri boshqaruvning, shuningdek, mintaqa va dunyo bilan o‘rnatilgan munosabatlarning yangi siyosiy sahifasini ochmoqchimiz», dedi. Tolibon, shuningdek, xorijiy elchilarni ularning hamda Afg‘onistondagi boshqa xorijiy fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashga ishontirdi.
Bunday moslashuvchan pozitsiya shuni ko‘rsatmoqdaki, haligacha Tolibonni hech bir mamlakat tan olmagan bir paytda, u xalqaro e’tirofga erishish uchun bor kuchini sarflamoqda va muzni yorib o‘tishga urinmoqda. Aslida esa, dunyo Tolibon bilan ikkitomonlama standartlar o‘yinini boshlagan. Ya’ni o‘zlari uni tan ham olishmayapti, u bilan munosabatlarini ham batamom uzishmayapti, uning qonuniyligini «de-fakto»¹ bilan tan olishyapti. Hozirda Afg‘onistonda 12 davlatdan elchilar va yirik vakillar mavjud. Bundan tashqari, INSO tashkiloti insonparvarlik yordamlarini etkazib berish niqobi ostida bir necha haftadayoq faoliyatini qayta boshladi. Ayrim qo‘shni davlatlarning iqtisodiy va siyosiy manfaatlardan kelib chiqib, Tolibon hukumatini tan olishlari ehtimoldan xoli emas. Lekin Evropa davlatlari va AQSh bu ishda shoshilmayapti, yaqin orada Tolibonni tan olishmaydi. Biroq, ularning Qobul va Davhadagi diplomatik vakolatxonalari Tolibon bilan yaqindan hamkorlik qilishyapti.
Aftidan, G‘arb davlatlari bilan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Tolibon hukumatini tan olish sharti sifatida, undan xotin-qizlar huquqi, inson huquqlari va keng qamrovli hukumat tuzilishini talab qilishayotgan ko‘rinadi. Lekin bu sahna o‘yinining old tarafi. Aslida esa, Tolibonning siyosiy va harbiy g‘alabasini milliy chegaralar orqali cheklashga urinishyapti. Toki, Toliblar Afg‘oniston tashqarisida amalga oshiriladigan harbiy harakatlarga kirishmasinlar. Chunki Tolibonning ko‘plab harbiy etakchilari bunga tayyor. G‘arbni xavotirga soladigan yana bir masala Afg‘onistonda ajnabiy jangarilarning borligidir. Ular mintaqa davlatlari va G‘arbga tahdid tug‘dirishlari mumkin. Tolibon harakati voqelikda bunday xavotirlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayta-qayta ta’kidlagan bo‘lsa-da, G‘arb bunga shubha bilan qarayapti. Bu esa, kelasi yillar mobaynida Afg‘onistonga Al-Qoida va boshqa tashkilotlarning qaytishi mumkinligi to‘g‘risidagi ehtimolni kuchaytirmoqda.
Muhimi, Tolibon islomiy harakati shuni yaxshi bilmog‘i lozimki, dunyoning turli mintaqalarida o‘nlab islomiy jamoalar harbiy kurashdan g‘alaba bilan chiqqanlar. Biroq, siyosat, boshqaruv va Islomni tatbiq qilish masalasida muvaffaqiyat qozonolmaganlar. Chunki tuzumni shaklan o‘zgartirish va uni islomiy suratga aylantirish oson bo‘lib, shaxslarni o‘zgartirib qo‘yilsa, shuni o‘zi kifoya qiladi. Shu bois, o‘zgartirish to‘g‘ri bo‘lishi uchun quyidagilar topilishi shart:
1 – Tuzumning asos va e’tiqodi Islom ustiga quriladi.
2 – Hukmdor hokimiyatga odamlardan bay’at va rozilik olish orqali keladi.
3 – Hukmdor ichki va tashqi siyosatda Islomni tatbiq qiladi.
Agar ushbu uch shartdan birortasi topilmasa, islomiy deya atalgan har qanday tuzum jiddiy savollarga duch kelishi muqarrar. Haqiqatda, bu shartlar G‘arb talablariga tamoman zid. Shu bois, ular davlatlararo qonuniylikni olishga to‘siq bo‘ladi.
Tolibon islomiy o‘zgarishlarni jamiyatda bosqichma-bosqich amalga oshirmoqchi. Biroq, islomiy shariat ahkomlarini bosqichma-bosqich tatbiq qilish Islomda nojoizdir. Bundan tashqari, Tolibon Islomning bosqichma-bosqich tatbiq etilishiga murojaat qilish o‘rniga, uni sud ishlarida, iqtisodiy va siyosiy masalalarda, shuningdek, tashqi ishlarda tatbiq qiladigan hokimiyatga ega.
Hozir, Tolibon oldida ikki taqdiriy tanlovdan birini tanlash turibdi:
1 – Alloh Subhanahu va Taolo roziligiga erishish uchun Islomni tatbiq qilish va uni boshqalarga etkazish orqali Islom tuzumini barpo etish.
2 – Insonlar roziligini ko‘zlab, davlatlararo tan olinish yo‘lida kurashish orqali o‘zini milliy chegara bilan cheklash.
Agar Tolibon ikkinchi tanlovni tanlasa, bu uni asta-sekin halokatga olib boradi. Rosululloh ﷺ bunday deganlar:
«مَنِ الْتَمَسَ رِضَاءَ اللَّهِ بِسَخَطِ النَّاسِ كَفَاهُ اللَّهُ مُؤْنَةَ النَّاسِ، وَمَنِ الْتَمَسَ رِضَاءَ النَّاسِ بِسَخَطِ اللَّهِ وَكَلَهُ اللَّهُ إِلَى النَّاسِ»
Kimki odamlarni norizo qilib, Allohning roziligini qidirsa, Alloh uni odamlar yomonligidan saqlaydi. Kimki Allohni norizo qilib, odamlarning roziligini qidiradigan bo‘lsa, Alloh uni shu odamlarga qo‘yib beradi».
¹ De-fakto – xalqaro huquqda yangi davlat yoki hukumatning qisman (yuridik jihatdan rasmiylashtirilmagan holda) e’tirof etilishi.
Roya gazetasining 2021 yil 13 oktyabr chorshanba kungi 360-sonidan