MUNOFIQ KIM, UNI NIMA QILISh KERAK

420
0

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

MUNOFIQ KIM, UNI NIMA QILISh KERAK

Munofiqlik – نفاق (nifoq) arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, uning ma’nosi – ichidagi narsadan boshqasini izhor qilish, ya’ni ichi-tashidan boshqa deganidir. Aslida bu so‘zning tarixi: ularda يربوع (yarbu’-jerboa, ruschasiga-tushkanchik) nomli, quyonga o‘xshagan bir hayvon bo‘lib, uni uyasi er ostida bo‘ladi. U uyasi uchun hamma biladigan zohiriy teshik qilib qo‘yada. Ammo uyasi uchun hech kim bilmaydigan yana bir teshigi bor bo‘lib, uni yashirin qilib qo‘yadi. Xavfli holatlarda o‘sha teshigidan qochib qoladi. U maxfiy teshik “nofiqo” deb ataladi. U qochib ketganidan so‘ng ovchilari “yarbu’ munofiqlik qildi”, ya’ni ikkinchi teshigidan qochdi — deb qo‘yishgan.

Shariatda esa, munofik — kufrni yashirgan holda Islomni zohir qilishlik bo‘lib, unday odamni Alloh Taolodan boshqasi bilolmaydi. Chunki qalbdagi narsa, qalblarning sohibi – Alloh Taolodan boshqaga ma’lum emas. Shuning uchun munofiqqa nisbatan bizlar hech narsa qilolmaymiz. Lekin taqvodor mo‘minlar munofiqlik alomatlarini bilishlari, hamda undan qochishlari mumkin. Munofiqlik Islom Ummatiga — saodat asrida ham, keyingi yillarda ham, ayniqsa hozirgi kunlarda ham — eng xatarli va juda zararli illat bo‘lib, Alloh Taolo ularning zararlaridan ogohlikka chaqirgan holda alohida bir surani – “Munofiqun” surasini nozil qildi. Ularning zarari ochiqchasiga kufrni izhor qilgan dushmanlarnikidan bir necha barobar ortiqroqdir. Ummat o‘z tarixida ulardan juda ko‘p alamli azoblarni chekkan. Xozirda ham – Qur’onda bayon qilinganidek — eng xatarli va alamli azoblar o‘shalar tomonidan kelmoqda. Lekin bunday jirkanch ishga ilashib qolishni, keyin u bilan sifatlanib qolishni xohlamasak, avvalo ularni sinchkovlik bilan o‘rganishimiz, hamda ikki dunyo saodatiga erishimiz uchun, ya’ni bu dunyoda yuzimiz yorug‘ va Oxiratda alamli azobdan saqlanishimiz uchun ulardan uzoq bo‘lishga xaris bo‘lib, yaqiniga ham bormasligimiz, avvalda shu kabi sifatlarni qilib qo‘ygan bo‘lsak, tezda Alloh Taologa tavba qilishimiz, gunohlarimizni mag‘firat qilishini astoydil so‘rashimiz, G‘afforu-Tavvob Zodga yolvorishimiz zarur. Munofiklikning mashhur alomatlari Qur’on va hadislarda bayon qilingan. Masalan:

Ular Islomga iymon keltirganliklarini, har bir ishdagi haqiqatni Rosululloh (s.a.v) mukammal holda etkazganligini da’vo qilishadi-yu, ammo ro‘paro‘ kelsalar, qasamini ro‘kach qilib, Islomdan, Islomni o‘rganishdan to‘sadilar. Haqiqatlarni bilib qolishingizdan jazavaga tushadilar, o‘zlari esa – dillari qulflanganligi sababli – “Islom”ni tushunmaydilar. Alloh Taolo aytadi:

إِذَا جَاءَكَ الْمُنَافِقُونَ قَالُوا نَشْهَدُ إِنَّكَ لَرَسُولُ اللَّهِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ إِنَّكَ لَرَسُولُهُ وَاللَّهُ يَشْهَدُ إِنَّ الْمُنَافِقِينَ لَكَاذِبُونَ () اتَّخَذُوا أَيْمَانَهُمْ جُنَّةً فَصَدُّوا عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ إِنَّهُمْ سَاءَ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ () ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ آمَنُوا ثُمَّ كَفَرُوا فَطُبِعَ عَلَى قُلُوبِهِمْ فَهُمْ لَا يَفْقَهُونَ

(Ey Muhammad), qachon munofiqlar sizning oldingizga kelsalar: «Guvohlik beramizki, siz shak-shubhasiz Allohning payg‘ambaridirsiz» derlar. Alloh, darhaqiqat, siz O‘zining payg‘ambari ekanligingizni bilur, yana Alloh u munofiqlarning shak-shubhasiz yolg‘onchi ekanliklariga ham guvohlik berur. Ular o‘zlarining qasamlarini qalqon qilishib olib, (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sdilar! Ularning qilguvchi bo‘lgan amallari naqadar yomondir! Bunga sabab ularning (tillarida) iymon keltirib, so‘ngra (dillarida) kofir bo‘lganlaridir. Bas, ularning dillari muhrlab qo‘yildi. Endi ular (iymonning haqiqatini) anglay olmaslar!

Aslida ular badbashara, jirkanchli ko‘rinishda bo‘lmaydi. Qilgan da’volarini eshitib, Ummatning haqiqiy etakchisi, buyuk olimi deb uylaysan. Ammo ularning haqiqatlarini bilgan sari ulardan jirkana boshlaysan. Ba’zida rahming kelib; tavba qilishsa-yu, ularning haqlariga duolar qilib, gunohlarini mag‘firat qilishini Alloh Taolodan so‘raging keladi, chunki ular boshqa yurtlardan kelmaganlar-da, o‘z ichimizda necha yillar birga bo‘lgan “birodarlarimiz”. Ammo kibr qilishib, tavba qilishga ham ko‘nmaydilar. Shuning uchun Alloh Taolo ularni aslo kechirmasligini xabar qilmoqda:

() وَإِذَا رَأَيْتَهُمْ تُعْجِبُكَ أَجْسَامُهُمْ وَإِنْ يَقُولُوا تَسْمَعْ لِقَوْلِهِمْ كَأَنَّهُمْ خُشُبٌ مُسَنَّدَةٌ كَأَنَّهُمْ خُشُبٌ مُسَنَّدَةٌ يَحْسَبُونَ كُلَّ صَيْحَةٍ عَلَيْهِمْ هُمْ الْعَدُوُّ فَاحْذَرْهُمْ قَاتَلَهُمْ اللَّهُ أَنَّى يُؤْفَكُونَ () وَإِذَا قِيلَ لَهُمْ تَعَالَوْا يَسْتَغْفِرْ لَكُمْ رَسُولُ اللَّهِ لَوَّوْا رُءُوسَهُمْ وَرَأَيْتَهُمْ يَصُدُّونَ وَهُمْ مُسْتَكْبِرُونَ () سَوَاءٌ عَلَيْهِمْ أَاسْتَغْفَرْتَ لَهُمْ أَمْ لَمْ تَسْتَغْفِرْ لَهُمْ لَنْ يَغْفِرَ اللَّهُ لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الْفَاسِقِينَ

Qachon siz ularga boqsangiz ularning jismlari (ko‘rinishlari, kiygan kiyimlari) sizni hayratga solur, so‘zlaganlarida esa so‘zlariga (ohangdor, fasohatli bo‘lgani uchun berilib) quloq solursiz. (Lekin ularning dillari iymon va yaxshilikdan xoli bo‘lgani uchun) ular go‘yo (devorga) yo‘lab qo‘yilgan (chirik) yog‘ochlarga o‘xshaydilar. Ular (qurqoq-yuraksizliklari sababli) har bir qichqiriq-ovozni ustlariga (tushayotgan biron balo-ofat deb) gumon qiladilar. Ular dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot bo‘ling! Ularni Alloh la’natlagay! Qanday adashmoqdalar-a! Qachon ularga: «Kelinglar, Allohning payg‘ambari sizlar uchun mag‘firat so‘rar», deyilsa, albatta ular boshlarini burib keturlar va ularni kibr-havo qilgan hollarida yuz o‘girishlarini ko‘rursiz. (Ey Muhammad), siz ular uchun mag‘firat so‘radingizmi yoki mag‘firat so‘ramadingizmi ularga barobardir — Alloh ularni hargiz mag‘firat qilmas! Albatta Alloh bunday fosiq-itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.

Alloh Taoloning roztligini istab, Rosululloh (s.a.v)ning yo‘lidan og‘ishmay, sabot bilan harakat qilayotganlarning ishlariga bor kuchlari, (qalbaki) obro‘-e’tiborlari va hiyla-nayranglari bilan to‘sqinlik qiladilar. Hammani ularga yordam bermaslikka, aloqalarni uzishlikka chaqiradilar. Ahmoqliklarining chek-chegarasi yo‘qligi shundaki, eru-osmonlar egasi – Razzoq, Qodir Zot — taqvodorlar bilan birga ekanliklarini bilmaydilar:

هُمْ الَّذِينَ يَقُولُونَ لَا تُنْفِقُوا عَلَى مَنْ عِنْدَ رَسُولِ اللَّهِ حَتَّى يَنْفَضُّوا وَلِلَّهِ خَزَائِنُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَلَكِنَّ الْمُنَافِقِينَ لَا يَفْقَهُونَ

Ular (o‘zlarining tobe’lariga): Allohning payg‘ambari huzuridagi kishilarga infoq-ehson qilmanglar, toki ular tarqalib ketsinlar», deydigan kimsalardir. Holbuki osmonlar va er xazinalari yolg‘iz Allohnikidir. Lekin munofiqlar (buni) anglamaslar.

Ulardagi bilimsizlik, takabburlik, taqvodorlarga infoq-ehsondan to‘sish kabi ushbu sifatlari “Munofiqun” surasidan edi. Ular ishlari hiyla-nayrangdan iborat bo‘lib, firibgarliklarini ochiq-oydin qilmaganliklari uchun firibgarliklari oshkor bo‘lib qolishidan doimo qo‘rquvda yashashlarini “Tavba” surasining 64 — oyatida, Alloh Taolo quydagicha keltiradi:

يَحْذَرُ الْمُنَافِقُونَ أَنْ تُنَزَّلَ عَلَيْهِمْ سُورَةٌ تُنَبِّئُهُمْ بِمَا فِي قُلُوبِهِمْ قُلْ اسْتَهْزِئُوا إِنَّ اللَّهَ مُخْرِجٌ مَا تَحْذَرُونَ

Bu munofiqlar o‘zlari haqida dillaridagi narsadan (ya’ni, munofiqliklaridan) ogohlantiradigan biron sura nozil bo‘lib qolishidan qo‘rqadilar(-u yana payg‘ambar va mo‘minlarni masxara qilib kuladilar). Ayting: «Kulaveringlar, Alloh sizlar (fosh bo‘lib qolishidan) qo‘rqayotgan narsani albatta (yuzaga) chiqarguvchidir».

Erkaklari ham, ayollari ham munkarlarga buyurib, ma’ruf ishlar (vojib-sunnatlar)dan qaytarishlari, shariatda buyurilgan amallardan man’ qilishlari haqida Alloh Taolo “Tavba” surasining 67 — oyatida shunday marhamat qiladi:

الْمُنَافِقُونَ وَالْمُنَافِقَاتُ بَعْضُهُمْ مِنْ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمُنْكَرِ وَيَنْهَوْنَ عَنْ الْمَعْرُوفِ وَيَقْبِضُونَ أَيْدِيَهُمْ نَسُوا اللَّهَ فَنَسِيَهُمْ إِنَّ الْمُنَافِقِينَ هُمْ الْفَاسِقُونَ

Munofiq erkaklar va munofiqa ayollar bir-birlaridandirlar (ya’ni, kofirlikda bir-birlariga o‘xshaydilar). Ular yomonlikka buyuradilar, yaxshilikdan to‘xtatadilar va (Alloh yo‘lida infoq-ehson qilishdan) qo‘llarini (o‘zlarini) tiyadilar. Ular Allohni unutishgach, Alloh ham ularni unutdi. Albatta, munofiqlar haqiqiy fosiq-itoatsizdirlar.

Tuhmatlarni qilishib, aytgan gaplariga va shariatga qarshi qilgan ishlariga isbot talab qilinganda, ulardan tonishini, yolg‘on qasam ichishlarini, agar tavba qilmasalar ikki dunyoda xor bo‘lishlari ayni suraning 74 — oyatida bayon qilingan.

يَحْلِفُونَ بِاللَّهِ مَا قَالُوا وَلَقَدْ قَالُوا كَلِمَةَ الْكُفْرِ وَكَفَرُوا بَعْدَ إِسْلَامِهِمْ وَهَمُّوا بِمَا لَمْ يَنَالُوا وَمَا نَقَمُوا إِلَّا أَنْ أَغْنَاهُمْ اللَّهُ وَرَسُولُهُ مِنْ فَضْلِهِ فَإِنْ يَتُوبُوا يَكُنْ خَيْرًا لَهُمْ وَإِنْ يَتَوَلَّوْا يُعَذِّبْهُمْ اللَّهُ عَذَابًا أَلِيمًا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَمَا لَهُمْ فِي الْأَرْضِ مِنْ وَلِيٍّ وَلَا نَصِيرٍ

Ular (ya’ni, munofiqlar sizga etib kelgan haqorat so‘zlarini) aytmaganliklariga qasam ichadilar. Holbuki, kufr so‘zini aniq aytgan edilar va islomga kirganlaridan so‘ng yana kufrga qaytgan edilar hamda o‘zlari etolmagan narsa (ya’ni payg‘ambar joniga suiqasd qilishga) qasd qilgan edilar. Alloh ular (munofiqlar) faqat va Uning payg‘ambari ularni O‘z fazlu karamidan boy-badavlat qilib qo‘ygani uchungina (Alloh va Uning payg‘ambarini) yomon ko‘rdilar, xolos. Bas, endi agar tavba qilsalar, o‘zlari uchun yaxshi bo‘lur. Agar yuz o‘girsalar, Alloh ularni dunyoyu oxiratda alamli azob bilan azoblar va ular uchun er yuzida biron do‘st va yordamchi bo‘lmas!

Allohni aldamoqchi bo‘lishib, vazifalarini, mas’uliyatidagi vojibotlarini ado qilishliklaridagi beparvoliklarini, sustliklarini, har bir ishni hujako‘rsin (riyo)ga qilishlarini Alloh Taolo “Niso” surasining 142 — oyatida “namoz” kalimasi bilan – “hossni aytib, ommni iroda qilish” usulida – aytgan bo‘lsa, 143 — oyatida esa, arosat yo‘lda qolishib, tushunarsiz ahvolda yurishlarini, na jaholatda va na taqvo tarafda bo‘lmaganliklarini eslatmoqda:

إِنَّ الْمُنَافِقِينَ يُخَادِعُونَ اللَّهَ وَهُوَ خَادِعُهُمْ وَإِذَا قَامُوا إِلَى الصَّلَاةِ قَامُوا كُسَالَى يُرَاءُونَ النَّاسَ وَلَا يَذْكُرُونَ اللَّهَ إِلَّا قَلِيلًا

(142)مُذَبْذَبِينَ بَيْنَ ذَلِكَ لَا إِلَى هَؤُلَاءِ وَلَا إِلَى هَؤُلَاءِ وَمَنْ يُضْلِلْ اللَّهُ فَلَنْ تَجِدَ لَهُ سَبِيلًا

Albatta munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar, holbuki, Alloh ularni «aldab» qo‘yguvchidir. Va qachon namozga tursalar dangasalik bilan, xo‘jako‘rsinga turadilar va Allohni kamdan-kam yodga oladilar. Ular na uyoqlik, na buyoqlik bo‘lmay ikki orada sarson holda qolganlar. Kimniki Alloh yo‘ldan ozdirsa siz unga biron yo‘l topib bera olmaysiz.

Aslida mo‘minlar uchun hech qanday muammo yo‘q, har bir narsa Qur’on-hadisda mukammal bayon qilingan, har bir ishda Qur’on-hadis (omiylarga nisbatan esa, mujtahidlarning ijtihodlari)ga murojaat qilishga buyurilganmiz. Alloh Taolo aytadi:

فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ إِنْ كُنتُمْ تُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ ذَلِكَ خَيْرٌ وَأَحْسَنُ تَأْوِيلًا

“Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq echimdir”. [4:59].

Lekin munofiqlarga; — hammamiz bir bo‘lishimiz uchun Alloh Taolo nozil qilgan narsani o‘rtaga qo‘yib, kelishib olaylik — deyilsa, orqa-oldiga qaramay qochib qoladilar. Qilmishlari ochilib, sharmandali ahvolga tushib qolsalar ham qasam ichib, o‘zlarini oqlashga urinadilar. Alloh Taolo 61-63- oyatlarida quydagicha bayon qiladi:

وَإِذَا قِيلَ لَهُمْ تَعَالَوْا إِلَى مَا أَنزَلَ اللَّهُ وَإِلَى الرَّسُولِ رَأَيْتَ الْمُنَافِقِينَ يَصُدُّونَ عَنْكَ صُدُودًا(61)فَكَيْفَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ بِمَا قَدَّمَتْ أَيْدِيهِمْ ثُمَّ جَاءُوكَ يَحْلِفُونَ بِاللَّهِ إِنْ أَرَدْنَا إِلَّا إِحْسَانًا وَتَوْفِيقًا(62)أُوْلَئِكَ الَّذِينَ يَعْلَمُ اللَّهُ مَا فِي قُلُوبِهِمْ فَأَعْرِضْ عَنْهُمْ وَعِظْهُمْ وَقُلْ لَهُمْ فِي أَنفُسِهِمْ قَوْلًا بَلِيغًا

Qachon ularga «Alloh nozil qilgan Kitobga va payg‘ambar o‘gitlariga kelinglar», deyilsa, u munofiqlarning sizdan qattiq yuz o‘girganlarini ko‘rasiz. Endi o‘zlarining qilmishlari sababli ularga biron musibat etsa, shundan keyin sizning huzuringizga kelishib: «Biz faqat yaxshilikni va orani o‘nglashni istagan edik, xolos», deb qasam ichishlari qandoq bo‘ldi? Unday kimsalarning dillaridagi narsani Alloh yaxshi bilur. Bas, siz ularning (kirdikorlariga) boqmang va ularga pand-nasihat qilib, o‘zlari haqida etuk so‘zlarni ayting!

Ular qalbi qasal, kalta fahm insonlar bo‘lib, Alloh Taoloni va mo‘minlarni aldamoqchi bo‘ladilar. Iymonsiz bo‘lganliklari uchun jirkanch ishlarini oshkor bo‘layotganidan hijolat ham bo‘lishmaydi, aksincha o‘zlarini mohir siyosatchi, buyuk olim qilib ko‘rsatadilar. Aslida ularning jirkanch ishlari Alloh Taologa ayon, hatto mo‘minlarga ham oshkor bo‘lib turadi. Lekin o‘zlaricha: hamma narsani qoilmaqom qilmoqdamiz, biz jamiyatni isloh qiluvchilarmiz — degan kaltabin fikrlari haqida Alloh Taolo “Baqara” surasining 8-12- oyatlarida aytib, ulardan ogoh bo‘lishimizni amr qilmoqda:

وَمِنْ النَّاسِ مَنْ يَقُولُ آمَنَّا بِاللَّهِ وَبِالْيَوْمِ الْآخِرِ وَمَا هُمْ بِمُؤْمِنِينَ () يُخَادِعُونَ اللَّهَ وَالَّذِينَ آمَنُوا وَمَا يَخْدَعُونَ إِلَّا أَنفُسَهُمْ وَمَا يَشْعُرُونَ () فِي قُلُوبِهِمْ مَرَضٌ فَزَادَهُمْ اللَّهُ مَرَضًا وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ بِمَا كَانُوا يَكْذِبُونَ () وَإِذَا قِيلَ لَهُمْ لَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ قَالُوا إِنَّمَا نَحْنُ مُصْلِحُونَ

Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, o‘zlari mo‘min bo‘lmaganlari holda «Allohga va oxirat kuniga iymon keltirdik», deydilar. Ular Allohni va iymonli kishilarni aldamoqchi bo‘ladilar va o‘zlari sezmaganlari holda faqat o‘zlarinigina aldaydilar. Ularning dillarida maraz bor edi, bas Alloh marazlarini yanada ziyoda qildi. Ular uchun qilgan yolg‘onlari sabab alamli azob bordir. Ularga: «Er yuzida buzg‘unchilik qilmanglar», deyilsa, «Biz isloh qiluvchilarmiz», deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, ular albatta buzg‘unchilardir, lekin o‘zlari buni sezmaydilar.

Ular yolg‘onchilar bo‘lib, bergan va’dalarini esdan chiqaradilar, va’dalarga rioya qilmaydilar, amonatlarga xiyonat qiladilar, hatto Alloh Taoloning amonati – Din – ga ham xiyotnat qiladilar. Ular eng yomon odamlar bo‘lib, ular ikki yuzlikdirlar. Abu Hurayra (r.a) Rosululloh (s.a.v)dan quydagi hadisni rivoyat qiladi:

حديث أبي هريرة t أن رسول الله ﷺ قال: آية المنافق ثلاث، إذا حدث كذب وإذا وعد أخلف، وإذا اؤتمن خان

“munofiqning alomati ushta: gapirsa yolg‘on gapiradi, va’da qilsa va’dani buzadi, amonat qo‘yilsa xiyonat qiladi”. Buxori va Muslim rivoyatlari.

تجدون شر الناس ذا الوجهين الذي يأتي هؤلاء بوجه وهؤلاء بوجه . متفق عليه.

“eng yomon insonlar ikkiyuzlilardir, anavilarga bir yuz bilan, anavilarga boshqa yuz bilan keladilar”. Muttafaqun alayh. Ikkiyuzlik (ذا الوجهين)ni mufassirlar munofiklik deb tafsir qilishgan.

Munofiqlarning alomat va sifatlaridan uzoq bo‘lishimiz bilan o‘zimizni halokatdan saqlagan bo‘lamiz. Yaqinlarimizni ham saqlashimiz uchun vaqt borligida ularni ham ogohlantirishimiz vojib bo‘ladi. Buni shariat birodarlik, qarindoshlik, yaqinlik, do‘stlik haqqi qilib belgiladi. Agar shariatga qarshi ishlarida davom etsalar, ularni tark etishimiz ham shariat talabidir. Aksincha, biz ham ular kabi Alloh Taoloning la’natiga haqli bo‘lib qolamiz. Har qanday noshar’iy ishlarga rozi bo‘lib, shu holda davom etishimiz Alloh Taoloning la’natiga va g‘azabiga duchor bo‘lishimizga, ular sababli Alloh Taolo ommaviy azob yuborishiga va kecha-yu, kunduz qilayotgan duolarimizni qabul bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi, Alloh saqlasin!

Zotan, Rasululloh (s.a.v) Abu Mas’ud (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda aytadilarki: «Bani Isroilga eng avvalo kirgan nuqson shu ediki, bir kishi boshqa kishiga yo‘liqqan paytda: «Ey falonchi, Allohdan qo‘rqqin va bu qilayotgan ishingni tashlagin, chunki bu narsani qilish sen uchun halol-durust emas», der edi. So‘ng ertasi kuni u bilan uchrashgan paytda uni yana o‘sha holatda ko‘rar edi. Lekin bu narsa u bilan birga eb-ichishdan, birga o‘tirishdan qaytarmas edi. Bas, ular shunday qilishgach, Alloh ularning ba’zilarining qalblarini ba’zilari bilan urdi». So‘ngra Rasululloh (s.a.v) ushbu oyatni tilovat qildilar: “Bani Isroildan kofir bo‘lgan kimsalar Dovud va Iso binni Maryam tilida la’natlangandir. Ularning la’natlanishiga sabab qilgan isyonlari va tajovuzkor bo‘lishganidir. Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari naqadar yomon ish! Ulardan ko‘plari kofir bo‘lgan kimsalarni do‘st tutganlarini ko‘rasiz. Ularga havoyi nafslari naqadar yomon narsani – Allohning g‘azabini keltirdi. Endi ular abadiy azobda qoluvchidirlar. Agar Allohga, Payg‘ambariga va unga nozil qilingan kitobga iymon keltirganlarida edi, ularni do‘st tutmagan bo‘lur edilar. Lekin ulardan ko‘plari itoatsiz kimsalardir“. [5:78-81]

So‘ngra shunday dedilar: «Yo‘q, aslo, Allohga qasamki, sizlar albatta yaxshilikka buyurasizlar va yomonlikdan qaytarasizlar. Sizlar albatta zolimning qo‘lidan ushlaysizlar va uni haqqa burilishga majbur qilasizlar va albatta uni haqqa mahkam bog‘lab qo‘yasizlar. Yoki albatta Alloh ba’zilaringizni ba’zilaringiz qalbi bilan uradi, so‘ngra ularni la’natlaganidek, sizlarni ham la’natlaydi».

Abu Said al-Xudriy (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) dedilar: «Sizlardan kimingiz munkarni ko‘rsa, uni qo‘li bilan qaytarsin. Qodir bo‘lmasa tili bilan, bunga ham yaramasa, dili bilan o‘zgartirsin. Bu iymonning eng zaifidir». Adiy ibn Umayr (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) dedilar: «Albatta Olloh xos odamlarning amali tufayli ommani azoblaydi. To ular o‘z oralarida munkarni ko‘rsalar, ularni inkor etishga qodir bo‘la turib inkor etmasalar, shunda Olloh xosni ham, ommani ham bir hil azoblaydi». Xuzayfa ibn Yaman (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) dedilar: «Jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta sizlar ma’rufga buyurib, munkardan qaytarasizlar yoki Alloh sizlarga O‘zi tomonidan azob yuboradi. Shundan so‘ng sizlar Unga duo qilasizlar, U esa ijobat etmaydi». Ushbu hadislarning barchalari amri ma’ruf, nahi munkarning vojibligiga dalolat qiladi.

G‘arib Muslim

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.